Oʻzgarishlarni bor boʻy-basti bilan koʻz oldimizga keltirish, teranroq anglashimiz uchun kechagi kun bilan bugunimizni muqoyasa qilish kifoya. Islohotlar qanchalik jadal borayotganini anglash uchun esa, kelgusi rejalar haqida bilmogʻimiz zarur.
Avvalo, oʻtgan yilgi yutuqlar haqida toʻxtalsak. 2025-yil viloyat ahli va iqtisodiyoti uchun juda sermahsul, barakali keldi. Ayniqsa, 90 ta eng ogʻir mahalla uchun tarixiy yil boʻldi. Jumladan, 30-40 yildan buyon suv bormagan 85 mahallaga obihayot kirib bordi. Yana 154 mahallada 534 kilometrli yoʻl taʼmirlandi. Buning uchun mamlakat byudjetidan naqd 84 milliard, mahalliy byudjetdan 229 milliard soʻm sarflandi. Natijada hududlardagi aholining turmush tarzi jonlandi.
Bir paytlar dehqonlarning umri paxta dalasida oʻtardi. Bugun bu gaplar oʻtmishda qoldi. Sohaga yangicha ishlash uslubi kirib kelishi evaziga kam xarajat qilib, koʻp daromad topishga oʻtildi. Natijada oʻtgan yili viloyat tarixida birinchi marta 550 ming tonna paxta yetishtirildi.
Hosildorlik gektariga 44 sentner boʻldi. Muhimi, hosilning 56 foizi mashinada terildi. Oʻtgan yilning oʻzida 2,8 milliard dollarlik investitsiya oʻzlashtirildi. Sanoatda 182 loyiha ishga tushirildi. Viloyat yalpi hududiy mahsuloti oxirgi besh yilda bir yarim baravar oʻsib, 98 trillion soʻmga yetdi. Qishloq xoʻjaligi 1,2 baravar, sanoat 1,6-marta, qurilish 1,7 karra, xizmat koʻrsatish 1,9 baravar oʻsdi.
Aholi soni 700 mingga koʻpaydi. Shunga qaramay, odam jon boshiga yalpi hududiy mahsulot 2 barobar oshdi. Bundan tashqari, oʻtgan 5 yilda viloyatdagi soliq toʻlovchi yuridik shaxslar 22 mingga koʻpaydi. Soliq tushumi birgina 2025-yilda 26 foiz koʻpaydi.
— Davlatimiz rahbarining oʻtgan yili iyunda viloyatimizga tashrifi tufayli barcha sohadagi islohotlar yangi bosqichga koʻtarildi. Qoʻshimcha shtat ajratilib, Islohotlar shtabi ochildi. Ushbu shtab sabab xorijlik investorlar, viloyat tadbirkorlari, ayniqsa, yoshlar bilan koʻproq muloqot qilishga zamin hozirlandi. Muloqotlar bizda katta imkoniyat va tashabbuslar borligini koʻrsatib bermoqda, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov. —
Kuni kecha Prezidentimiz Qashqadaryo viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Unda “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi yuzasidan taqdimot ham qilinib, qator topshiriqlar oldik. Shu kunning oʻzidayoq tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqib, rejalarni belgiladik. Xususan, joriy yil yalpi ichki mahsulotimiz 108,2 foiz, sanoatimiz 108,6 foiz oʻsib, 56 trillion soʻm boʻlishini loyihabay hisoblab chiqdik.
Shuningdek, xizmat koʻrsatishda 116 foiz, qishloq xoʻjaligida 105,8 foiz, qurilishda 13,2 foiz oʻsish taʼminlanadi. Kambagʻallik darajasi 3 foizgacha pasaytiriladi. Bundan tashqari, 9 ta tuman ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hudud boʻladi. Viloyatda 86 ming doimiy ish oʻrni ochish, 77 ming ish oʻrnini “soyadan chiqarish”, 343 ming kishining daromadini oshirish hisobiga ishsizlik darajasi 3,2 foizgacha tushiriladi. “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida 195 million dollarlik 26 yangi loyiha amalga oshiriladi. Ularning dastlabkisi “Sulton Tex Group” MCHJning 120 million dollarlik mato, kiyim-kechak, gigiyenik vositalar ishlab chiqarish loyihasidir. Buning evaziga 3500 ta ish oʻrni ochiladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi boʻyicha toʻliq sikl ishga tushiriladi. Afgʻoniston, Turkmaniston va Tojikiston bozorlari uchun yillik quvvati 10 mingta qishloq xoʻjaligi texnikasi va dizel motori ishlab chiqarishga moʻljallangan “Ilmiy-texnik markaz” tashkil etiladi. Xorijiy korxona tomonidan loyiha qiymati 40 million dollarlik, 10 mingtagacha dizel motori ishlab chiqarish quvvatiga ega majmua quriladi. Shuningdek, “Smes story savdo” korxonasi fibrotsementli panel, devor paneli ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. Natijada 180 ta ish oʻrni ochiladi. Bu erkin iqtisodiy zonada 5000 ta ish oʻrni, yiliga
45 million dollarlik eksport, byudjetga 170 milliard soʻm tushum boʻladi deganidir. Mazkur ishlarni bajarish uchun yigʻilishda davlatimiz rahbaridan zarur koʻrsatmalar oldik. Viloyat, tuman va shahar mutasaddilari bilan birga astoydil mehnat qilib, barcha tizimda zarur ishlarni boshlab yubordik.
Xorijga mahsulot sotish hajmi ikki barobar koʻpaydi
Soha vakillari maʼlumotiga koʻra, bu yil viloyatda tarmoq korxonalari bilan birga jami 3,5 milliard dollarlik investitsiya va kreditlar oʻzlashtiriladi. 334 million dollarlik 18 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushiriladi.
Malayziya, Hindiston, Yaponiya va Pokistondan investitsiya jalb etib, hamkor davlatlar sonini 20 taga yetkazish reja qilingan. Eksport hajmi esa 1 milliard dollarga yetkaziladi. Shuningdek, 150 ta sanoat korxonasi mahsulotini eksport qila boshlaydi. Xorijga tovar sotiladigan davlatlar geografiyasi 60 taga kengayib, yangi bozorlarga, xususan, BAA, Fransiya, Avstraliya, Oʻmon va Daniyaga kirib boriladi. Birgina Koʻkdala va Koson tumanlaridagi 30 ming gektar yerda ekiladigan ertapishar (dolbi) tarvuzdan Qozogʻiston, Rossiya, Pokiston va Afgʻonistonga 20 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.
Shu bilan birga, vohada tuman va mahalla dasturlariga qoʻshimcha ravishda yirik infrastruktura loyihalari ham davom ettirilyapti. Shaharsozlik va aholi punktlarini rivojlantirish maqsadida joriy yil uchun yangi rejalar belgilab olindi. Muhimi, bu ishlarga ilmiy yondashilmoqda. Masalan, shu yilning oʻzida Qamashidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivi Fransiyaning “Group Huit” hamda Buyuk Britaniyaning “Buro Happold Limited” kompaniyalari tavsiyasi boʻyicha zamonaviy mahalla koʻrinishida qurilmoqda. Loyihada milliylik ham hisobga olingan.
Bundan tashqari, Qamashi tumani markazini kanalizatsiya bilan toʻliq qamrab olish va parallel rivojlantirish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan. Bir paytlar ushbu tumanda hatto ichimlik suv boʻlmagan. Endi kanalizatsiya qurilishini eshitgan aholi yangilanishlardan mamnun. Umuman olganda, yangi Qamashi tumani qad rostlamoqda.
Yuksak marrali rejaga koʻra, Dehqonobod tumani maʼmuriy markazining zamonaviy qiyofasini shakllantirish ham ustuvor vazifalardan. Aslida, ming yillik tarixga ega tumanda bunyodkorlik ishlari uzoq yillar oʻz holiga tashlab qoʻyilgan edi. Eʼtibordan chetga qolib, vaqt ham, mablagʻ ham ajratilmay kelinayotgandi. Shu bois, hududda muammolar yigʻilib qolgan edi. Tumanda mahallalar tarqoq joylashgan, urbanizatsiya darajasi esa 20 foizga ham yetmasligi koʻp bor taʼkidlangan, amaliy ishlar yetarli emasdi.
Endi bunga ham yechim topildi. Hududga xalqaro moliya institutlari mablagʻi hisobidan markaziy kanalizatsiya tarmogʻi tortilib, 39 gektarda zamonaviy ekobozor, madaniyat markazi, tibbiyot birlashmasi va aholi uchun yangi turar joy massivi quriladi. Natijada qisqa muddatda Dehqonobod yangicha qiyofaga kiradi.
Qashqadaryo qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda yetakchi viloyatlardan. Joriy yilda 614 ming tonna paxta, 1 million 80 ming tonna gʻalla, 350 ming tonna kartoshka hosili olish maqsad qilingan. Xullas, marra baland olingan. Buning uchun voha dehqonlarida tajriba yetarli. Masalan, oʻtgan yili “Agro gold Premium” korxonasi Misrning “SARA” navli tuganaklarini 3,8 gektarga ekib, 120 tonna yuqori avlodli urugʻlik yetishtirdi. Joriy yil
50 gektar yerga ekib, 1,7 ming tonna urugʻlik olinadi. Buning uchun Kitob va Nishon tumanlaridan 1,5 ming gektar yer ajratiladi.
Vohada suvni tejash borasida ham keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Oʻtgan yili viloyatdagi 85 mahallada quduq qazib, suv taʼminoti yaxshilandi. Bugun bosqichma-bosqich tejamkorlik tizimi yoʻlga qoʻyilmoqda. Masalan, Qamashining Chim va Ravot mahallalarida “Aqlli quduqlar” platformasi ishlab chiqildi. Quduqlarga datchik va quyosh panellari oʻrnatildi. Joriy yil mazkur loyiha ommalashtirilib, tuman hokimligi huzurida Markaziy dispetcherlik xizmati yoʻlga qoʻyiladi.
Ayni kunlarda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti bilan hamkorlikda viloyat gidromoduli yangilanmoqda. Bu ishlar oxirgi marta oʻtgan asrning 85-yillarida qilingan.
Bundan tashqari, Pachkamar hamda Qamashi suv omborlaridan suv oluvchi kanal va ariqlarni quvurli tizimga oʻtkazish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ajratilgan energiya limiti doirasida Suv xoʻjaligi vazirligi bilan Amudaryodan 3,7 milliard kub metr suv yetkazib berish borasida kelishuvga erishildi.
Kuz-qish mavsumida “Talimarjon” IESda ishlatilgan suvni “Xitoy” kanali orqali qabul qilish hamda vegetatsiya davrida kerakli hududlarga yoʻnaltirish maqsadida Muborak tumanida sigʻimi 20 million kub metr boʻlgan suv omborini qurish uchun bu yil loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi.
Sayyohlik manzillari dunyo ahlini chorlamoqda
Vohada turizm yuqori surʼatda rivojlanmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida bu borada ulkan ishlar qilindi. Natijada bir yilda viloyatga 2,7 million sayyoh keldi. Bu 2024-yildagiga nisbatan 35 foiz koʻp demakdir. Yangidan barpo etilgan Miraki xalqaro turizm markaziga jami 1 million, mavsumda Buxoro, Navoiy va Xorazmdan kuniga 10 ming sayyoh kelgan.
Joriy yilda 3,2 million, xususan, 620 ming xorijlik mehmonni jalb etish kutilmoqda. Buning uchun, avvalo, Shahrisabzgacha “Afrosiyob” poyezdi qatnovini haftasiga 3-martaga koʻpaytirish reja qilingan. Shuningdek, markaziy hududlarda gavjum koʻchalar tashkil etiladi. Qolaversa, 473 million dollarlik 7 ta sohil boʻyi loyihasida 300 dan ortiq xizmat koʻrsatish obyekti tashkil qilinadi.
Chiroqchi, Qashqadaryo boʻyi, Qamashidagi Chimqoʻrgʻon va Qamashi suv omborlari atrofida ekoturizm maskanlari barpo etiladi. Yakkabogʻdagi Tatar mahallasi hududidan oʻtgan Qizildaryo yoqasidagi 34 gektar maydonda ekoturizm xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha master reja ishlab chiqildi. Qamashidagi Maydanak balandtogʻ turistik markazi loyihasining birinchi bosqichi joriy yil aprelda ishga tushiriladi.
Gʻelon turistik markazida 300 million dollarlik kanat yoʻli, mehmonxona va togʻ-changʻi kurorti tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Sayyohlarni chorlovchi yangi yoʻnalishning birinchi bosqichi kelgusi yilda ish boshlaydi. Shu jarayonda joriy yil Gʻelon qishlogʻiga olib boradigan yoʻl boʻyidagi 38 gektar maydonda master reja asosida loyihalar boshlanadi. Bu esa yiliga 400 ming sayyohga xizmat koʻrsatish va 150 ish oʻrni ochish imkonini beradi.
Transport qatnovini yaxshilashga ham eʼtibor qaratiladi. Buning uchun joriy yilning oʻzida jamoat transporti uchun 120 ta yoʻlovchi avtobusi keltiriladi hamda 11 yangi yoʻnalish ochiladi. Shu bilan birga, Buxoro — Qarshi temir yoʻlini elektrlashtirish boʻyicha loyiha hujjatlarini tayyorlab, keyingi yil qurilishni boshlash maqsad qilinmoqda. Umuman olganda, obodlik yoʻlidagi rejalar bisyor. Asosiysi, hudud farovonlikka yuz tutib, aholi turmush tarzi tobora yaxshilanib bormoqda. Odamlar yanada yaxshi yashashi, yangi ish oʻrinlari ochilishi uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Ustuvor maqsad ham shu. Muhimi, bu ishlar qogʻozda emas, amalda bajarilmoqda.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri