“Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” nomli birinchi hujjat UNESKO vakolati (madaniyat, taʼlim, fan, axborot va kommunikatsiyalar) doirasidagi sohalarda Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun yangi platforma yaratishni nazarda tutadi. Mazkur platforma joriy yilning 14-16-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Xiva shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniy forumi yakunlari boʻyicha yoʻlga qoʻyildi. Joriy yilning 6-20-oktyabr kunlari Parij shahrida oʻtkazilgan UNESKO Ijroiya kengashining 212-sessiyasi doirasida dunyoning barcha mintaqalari nomidan 23 davlat hammuallifligida tayyorlangan aynan shu nomdagi qaror loyihasi qabul qilindi.
Ikkinchi hujjat maktabgacha taʼlimni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, shu jumladan Toshkentda erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha global konferensiya oʻtkazishga taalluqlidir. YUNESKOning 2022-2025-yillarga moʻljallangan dasturi va byudjeti loyihasiga tuzatish sifatida bevosita Bosh konferensiyaga kiritilgan Rezolyutsiya tadbirning rasmiy darajasini ekspert darajasidan vazirlik darajasiga koʻtaradi. Anjuman YUNESKOning taʼlim sohasidagi eng yirik forumlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlimni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston tomonini ushbu tadbirni hamkorlikda respublikada oʻtkazishni taklif qildi.
Uchinchi rezolyutsiya 2022-2023-yillarda Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini UNESKO bilan bogʻlash mumkin boʻlgan muhim yubiley sanasi sifatida keng nishonlanishini nazarda tutadi. Tojikiston va Eron bilan hammualliflikda hamda Turkiya koʻmagida qabul qilingan hujjat buyuk olim va mutafakkirning tavallud kunini YUNESKO shafeligida Oʻzbekistonda hamda xorijda nishonlashga bagʻishlangan yirik tadbirlarni oʻtkazish imkonini beradi. Mazkur masala boʻyicha tegishli qaror loyihasi 2020-yil dekabr — 2021-yil yanvar oyida boʻlib oʻtgan 210-sessiya doirasida qabul qilingan.
Oʻzbekistonning barcha tashabbuslari muhokama va oʻzgartirishlarsiz bir ovozdan maʼqullandi. UNESKO rahbariyati Oʻzbekiston tomoniga tashkilot mandatini ilgari surishda alohida dolzarb va ahamiyatli boʻlgan rezolyutsiya loyihalari kiritilgani uchun minnatdorlik bildirdi. YUNESKO Bosh direktori O.Azule oʻzining rasmiy izohlarida Oʻzbekiston tomonining maktabgacha taʼlimni rivojlantirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatladi va aʼzo davlatlarni erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ularga gʻamxoʻrlik qilish borasidagi ishlarga koʻmaklashish uchun ixtiyoriy ravishda hissa qoʻshishga chaqirdi. Tashkilot rahbarining munosabati tasdiqlangan hujjatning yakuniy tahririda oʻz ifodasini topdi.
UNESKO Bosh direktorining ijtimoiy-gumanitar masalalar boʻyicha oʻrinbosari G.Ramos joriy yilning sentyabr oyida Xivada tashkil etilgan “Xiva jarayoni” rezolyutsiyasi haqida gapirar ekan, uning mazmun-mohiyati, ishtirokchilar va ularning qoʻshgan hissasi nuqtayi nazaridan “olamshumul” forum uchun Oʻzbekiston hukumatiga yana bir bor minnatdorlik bildirdi. U buni mintaqada madaniyatlararo muloqot va tinchlik madaniyatini rivojlantirish borasidagi “asosiy tashabbus” deb atadi. Bosh direktor oʻrinbosari oʻzi rahbarlik qilayotgan Ijtimoiy va gumanitar fanlar sektori “Ipak yoʻli” va “Ijtimoiy oʻzgarishlarni boshqarish” muhim dasturlari, shuningdek, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va madaniyatlararo hamkorlikni ragʻbatlantirish loyihalari doirasidagi tashabbuslarni ilgari surishda koʻmak berishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Bir qator hammuallif-davlatlar, shu jumladan. Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Vengriya, Xitoy, Turkiya va Efiopiya delegatlari ham “Xiva jarayoni”ni qoʻllab-quvvatlab, iliq soʻzlarni bildirdi. Qirgʻiziston Respublikasining YUNESKOdagi doimiy vakili S.Sherniyozning taʼkidlashicha, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari azaldan Markaziy Osiyoda oʻziga xos “kremniy vodiylari” boʻlib kelgan. Doimiy vakil butun mintaqa ravnaqi yoʻlida ilm-fan vakillari va madaniyat arboblarini rivojlantirish hamda asrab-avaylashga xizmat qilish yoʻlida muhim jarayonni boshlab bergani uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.