Oʻzbekistonda va butun Markaziy Osiyoda avloddan avlodga oʻtib kelayotgan salbiy meʼyorlar va gender stereotiplari tufayli qizlar STEM va axborot texnologiyalari (IT) sohalarida oʻqishda kam ishtirok etyapti yoki umuman bundan chetda qolyapti.

“STEM sohasida gender tafovutini kamaytirish va qizlarning yetakchiligi va imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritish juda muhim”, — dedi UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Raqamli texnologiyalar bilan qamrab olishdagi tafovutni qisqartirish qizlar uchun imkoniyatlarni kengaytiradi. Ular raqamli iqtisodiyotda ishtirok etish, moliyaviy savodxonligi va oʻzini-oʻzini taʼminlashni yaxshilash uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni oʻrganadi va bu kelajakda inson kapitalini oshiradi hamda Oʻzbekistonning oʻsishi va rivojlanishiga hissa qoʻshadi”.

Oʻzbekistonda bandlik, taʼlim yoki professional oʻqitish bilan qamrab olinmagan (NEET) insonlar orasida qizlar va yosh ayollar koʻpchilikni tashkil etib, bu ularni ijtimoiy chetlanishga koʻproq moyil etadi. Majburiy oʻrta taʼlimni tugatgandan soʻng, 19-24 yoshdagi yoshlarning 56 foizi NEET hisoblanadi (69% ayollar va 33,4% erkaklar). Yosh ayollar uchun NEET darajasi ular 18 yoshga toʻlgandan keyin va majburiy oʻrta taʼlimni tamomlaganlaridan keyin (1,7% dan 69% gacha) tez oʻsadi.

Bundan tashqari, qizlar va oʻgʻil bolalar oʻrtasida kompyuter savodxonligi, Internetga kirish va undan foydalanish boʻyicha sezilarli farqlar saqlanib qolyapti. Kompyuterga ega boʻlmagan ayollar ulushi 43,5% ni, erkaklarda esa 30,0% ni tashkil etadi. Internetdan hech qachon foydalanmaydigan 14-30 yoshdagi qizlar va yosh ayollar ulushi 68% ni tashkil etadi. Yoshlar oʻrtasida internetdan foydalanmaslikning asosiy sabablari aloqaning yomonligi, oʻz aloqa vositalariga ega boʻlmasligi, internet narxining yuqoriligidir. Qizlar va yosh ayollar uchun ijtimoiy stigma tufayli internetga kirish ham qiyin. STEM sohalarida yosh ayollarning kam ekanligi ularning ishga joylashish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Ayniqsa nogironligi boʻlgan qizlar taʼlim olmaslik xavfi ostidadir va raqamli platformalardan xavfsiz ravishda foydalanish uchun minimal raqamli savodxonlikka ega emas, kelajakda taʼlim olish va ishga joylashish imkoniyatlaridan cheklanganlar. Nogironligi boʻlgan yoshlar orasida NEET darajasi 77% ni, oʻta ogʻir nogironlar orasida esa 91 ga etadi.%.

Oʻzbekistonda UNICEF  IT PARK bilan birgalikda Qarshi, Termiz, Nukus va Toshkentdagi axborot-kommunikatsiya markazlarida STEM sohasida yetakchilikni oshirish va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida bepul kompleks raqamli savodxonlik va grafik dizayn oʻquv dasturini amalga oshiryapti.

Ishtirokchilar orasida koʻrish, eshitish va jismoniy holatlari boʻyicha nogironligi boʻlgan qizlar ham bor. Qizlar va yosh ayollarga muhim texnologiya koʻnikmalarini oʻrgatish bilan bir qatorda, dastur qizlarga gender tengligi va inklyuziya tushunchalari hamda salbiy gender stereotiplari qizlarning hayotdagi tanlovlarida qanday taʼsir koʻrsatishi haqida maʼlumot beradi.

Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, STEM sohasidagi taniqli ayollar qizlarning ushbu sohalarda taʼlim olish va kasbga ega boʻlish bilan bogʻliq qarorlariga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois dastur doirasida qizlarga ana shunday shaxslar bilan bogʻlanish imkoniyati ham berildi.

UNICEF Oʻzbekistonda va undan tashqarida qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun quyidagi asosiy elementlarni aniqladi:

- Oʻsmir qizlarning yetakchiligini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning ovozini tinglash, soʻrovlariga javob berish va qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkonini berish.

- Oʻsmir qizlar uchun resurslar va investitsiyalarni, jumladan sifatli va inklyuziv taʼlimni qoʻllab-quvvatlovchi va ularning farovonligini birinchi oʻringa qoʻyadigan tarmoqlar va tashkilotlarni koʻpaytirish.

- Har doim oʻsmir qizlarga moʻljallangan inklyuziv xizmatlarga ega boʻlish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, lekin ayniqsa inqirozga qarshi kurashish va tiklanish sharoitlarida bu tadbirlarni takomillashtirish.