Shu bilan birga, Parfiya noibi Andragor ham Diodot bilan bir vaqtda, yaʼni miloddan avvalgi 247-yilda oʻzini shoh deb eʼlon qilgan. Miloddan avvalgi 230-yillarda Diodot vafot etadi va taxtga uning oʻgʻli Diodot II oʻtiradi. Yustinning yozishicha, Diodot II taxtga oʻtirgach, parfiyaliklar shohi Arshak bilan oʻzaro tinchlik shartnomasini tuzgan.
Miloddan avvalgi 220-yilda kelib chiqishi Kichik Osiyodagi Magnesiya shahridan boʻlgan Yevtidem oʻz tarafdorlari bilan Yunon-Baqtriya shohi Diodot II va uning yaqin qarindoshlarini oʻldirib, oʻzini shoh deb eʼlon qilgan.
Yozma manbalarda qayd qilinishicha, salavkiylar shohi Antiox III (miloddan avvalgi 223-187-yillar) sharqdagi ajralib chiqqan oʻlkalarni yana salavkiylar tasarrufiga oʻtkazish maqsadida yurish boshlagan. Antiox III avval Parfiyani oʻz davlati tarkibiga qoʻshib olgan va Yunon-Baqtriyaning gʻarbiy chegaralariga yetib kelgan. Bundan xabar topgan Yevtidem Gerirud daryosida joylashgan kechuvlarni qoʻriqlash uchun koʻp sonli qoʻshin yuboradi. Ammo Antiox III qattiq qarshiliksiz qoʻshinlari bilan daryodan kechib oʻtib, Yevtidem qoʻshinlarini Baqtriya poytaxti Zariaspa-Baqtr shahri tomon chekinishga majbur etadi va shaharni qamal qiladi. Qamal ikki yilcha davom etgan. Antiox III ning asosiy maqsadi isyonkor noiblarni yana oʻziga boʻysundirish boʻlgan. Lekin shahar qamalining uzoq vaqt davom etgani, shaharliklarning bir tan, bir jon boʻlib poytaxtni himoya qilgani Antiox III ni shashtidan qaytargan. Natijada ikki tomon muzokaralar oʻtkazishga majbur boʻlgan. Yevtidem oʻzaro tinchlik bitimini tuzish lozimligini quyidagicha izohlagan: “Chegarada ikkimizga xavf solib turgan koʻp sonli koʻchmanchilar oʻrdalari turibdi. Agar u “yovvoyilar” chegaradan oʻtib hujum qilsa, mamlakat ular tomonidan bosib olinadi”.
Oxirgi muzokarada Yevtidemning oʻgʻli Demetriy ham qatnashgan. Polibiyning yozishicha, Antiox III Demetriyni iliq kutib olgan. Uning qaddi-qomati, soʻzlashish madaniyatini shoh unvoniga loyiq koʻrgan va qizlaridan birini tortiq qilib, otasining shohlik unvonini saqlab qolishiga rozi boʻlgan. Muzokaralardan soʻng Antiox III va Yevtidem oʻrtasida kelishuv qasami hamda yozma sulh tuzilgan. Bu sulhga binoan, Yevtidem shoh unvonini saqlab qolgan. Antiox III esa Yevtidem fillarini hamda qoʻshinga kerak boʻlgan oziq-ovqatni olib, Hindiston tomon yurishini davom ettirgan va Hindikush togʻlaridan oshib oʻtib, hindlar shohi Safagasen bilan doʻstlik bitimini tuzgan. Antioxning Hindiston tomon yurishi Yunon-Baqtriya shohlarining kelajakdagi harbiy yurishlar yoʻnalishini belgilab bergan.
Yevtidem hukmronligi davrida Yunon-Baqtriya davlati tarkibiga gʻarbdagi qator qoʻshni viloyatlar qoʻshib olingan. Ular orasida Margʻiyona, Areya, Aspian va Turiva alohida oʻrin egallaydi. Yevtidem hukmronligi davrida Sugʻdiyona ham Yunon-Baqtriya tasarrufida boʻlgan.
Yunon-Baqtriya hududlarining yanada kengayishi Yevtidemning oʻgʻli Demetriy nomi bilan bogʻliq. Demetriy taxminan miloddan avvalgi 200-yillarda hokimiyat tepasiga keladi. U davlat hududini yanada kengaytirish maqsadida eʼtiborini sharqqa, Hindiston tomonga qaratadi. Uning qoʻshinlari asta-sekin Maurya davlati tarkibiga kirgan yerlarni bosib ola boshlaydi. Taxminan miloddan avvalgi 180-yillarda Maurya shohi Brixandratxa qoʻshinlari Demetriy tomonidan tor-mor etiladi va Gandxaraning bosh shahri Patilaputra (Peshovar) istilo qilinadi.
Demetriy Hindistonni zabt etib yurgan bir vaqtda Baqtriyada Yevkratid tomonidan davlat toʻntarishi uyushtirilgan. U oʻziga “xaloskor” deb nom bergan. Bu bilan Yevkratid Baqtriyani Demetriydan xalos qilganini qayd etmoqchi boʻlgan. Voqeadan xabar topgan Demetriy qoʻshinlari bilan Baqtriya tomon yoʻl oladi. Bu toʻgʻrida Yustin quyidagilarni bayon qilgan: “Deyarli bir vaqtning oʻzida Mitridat Partavada, Yevkratid esa Baqtriyada podshoh boʻldi, ikkalasi ham buyuk insonlardir”.
Yevkratid Demetriyga qarshi urushlarni davom ettirdi, u uzluksiz hamlalar qilib, dushman ustidan gʻalaba qozondi. Besh oy davom etgan qamaldan soʻng Hindistonni boʻysundirdi. Baqtriyaga qaytish vaqtida Yevkratid bundan oldin oʻziga teng hukmdor qilib tayinlagan oʻgʻli Geliokl tomonidan oʻldirildi.
Yevkratid oʻlimi Yunon-Baqtriya davlati siyosiy inqirozini tezlashtirdi. Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston va Hindiston yerlarini birlashtirgan qudratli Yunon-Baqtriya oʻrnida Diodot, Yevtidem va Yevkratid avlodlaridan boʻlgan hokimlar oʻz viloyatlarida tangalar zarb qilishni yoʻlga qoʻydi. Miloddan avvalgi II asrning yarmida Baqtriya va Sugʻdiyonada Antimax hukmronlik qildi va oʻz nomidan tangalar zarb qila boshladi. U tangalarda oʻzini “Teos”, yaʼni “Xudo” deb qayd qilgan. Bu bilan Antimax aholi orasida oʻz nomini ilohiylashtirishga harakat qilgan. Yunon-hind shohlari orasida shoh Menandr alohida shuhrat qozongan.
Miloddan avvalgi II asrning uchinchi choragida Yunon-Baqtriya va Parfiya davlatlarining sharqiy hududlariga Markaziy Osiyoda yashagan koʻchmanchi qabilalar hujumi xavfi kuchaydi. Yunon-Rim tarixchilari ularni umumiy skiflar nomi bilan yoki saklar, skaravaki, toxarlar deb qayd qilgan. Yunon-Baqtriya shohlari Hindikush ortidagi yerlarni zabt etish, oʻzaro urushlar oqibatida kuchsizlangani sababli bu koʻchmanchi qabilalar tazyiqiga qattiq karshilik koʻrsata olmadi. Miloddan avvalgi 128-yilda Dunxuandan Baqtriyaga kelgan xitoylik sayyoh-diplomat Chjan Syan Baqtriya yuyechji-katta yuyechji koʻchmanchilar tomonidan zabt etilganini qayd qilgan.
Baqtriya shaharlari va shaharsozligi
Makedoniyalik Aleksandr yurishlari davomida Baqtriya va Sugʻdiyonaning hunarmandlik markazlari boʻlgan koʻplab shaharlar vayronaga aylangan edi. Aleksandr vafotidan keyin sharqdagi oʻlkalar, jumladan, Baqtriya va Sugʻdiyona salavkiylar davlati tasarrufiga oʻtdi. Salavkiylar davrida yuzaga kelgan siyosiy barqarorlik bu oʻlkalardagi koʻplab shaharlarning iqtisodiy hayotiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Shahar va qishloqlardagi hayot asta-sekin iziga tusha boshladi va taraqqiy etdi. Bu jarayon Yunon-Baqtriya davrida sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Eski shaharlar tez surʼatlar bilan rivojlandi, koʻplab yangi shaharlarga asos solindi, ularning iqtisodiy salohiyati oshdi.
Yunon-Baqtriya podshohligi davrida Baqtriyada iqtisodiy va ijtimoiy hayot tez surʼatlar bilan rivojlanib, taraqqiyotning yangi bosqichiga koʻtarildi. Yustin Diodotga “Baqtriyaning mingta shahri hukmdori” deb taʼrif bergan boʻlsa, Strabon “Yevkratidga mingta shahar boʻysungan”, deb yozadi.
Yozma manbalarda Baqtriyada yangi shaharlarga ham asos solingani toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Jumladan, Yevkratideya shahri barpo etilgan.
Baqtriyadagi eng yirik shaharlardan biri davlat poytaxti Zariaspa-Baqtr boʻlib, u Afgʻonistonning Balx shahri oʻrnida joylashgan. Shahar mudofaa inshootlarining mustahkamligi sabab Antiox III uni 2 yil qamal qilib, ishgʻol eta olmagan va Yevtidem bilan sulh tuzishga majbur boʻlgan.
Yunon-Baqtriya davrida asos solingan yirik shaharlardan yana biri Oyxonim yodgorligidir. Bu yodgorlik Afgʻonistonning shimoli-sharqiy hududida, Koʻkcha daryosining Panj daryosiga quyilgan yerida joylashgan. Shaharning tarhi uchburchak koʻrinishida boʻlib, uning eng uzun joyi 2000 metrga yaqin.
Shahar ikki — yuqori va quyi shahardan iborat boʻlib, mustahkam mudofaa devori bilan oʻralgan. Oyxonim ellin dunyosiga xos boʻlgan haqiqiy polis-shahardir. Shahardagi binolar tizimli joylashtirilgan. Quyi shahardagi shohkoʻchaning ikki tomonidan mahobatli ustun va ayvonlar bilan bezatilgan jamoat binolari joy olgan. Bu yerda shahar aholisi uchun ibodatxona, gimnaziy va boshqa mahobatli binolar qad koʻtarib turgan.
Yunon-Baqtriya davriga oid qator yodgorliklar Surxondaryo viloyatida ham aniqlangan. Xolchayon, Dalvarzintepa, Qadimgi Termiz, Kampirtepa, Jondavlattepa, Hayitobodtepa, Talashkantepa va Uzundara kabi arxeologik obidalar shular jumlasidan. Jondavlattepa va Hayitobodtepadagi arxeologik tadqiqot natijalariga qaraganda, bu shaharlarga ahamoniylar davrida asos solingan boʻlib, makedoniyalik Aleksandrning harbiy yurishlari vaqtida qisman vayron etilgan. Yunon-Baqtriya davrida esa qayta tiklangan, hayot tez surʼatlar bilan rivojlangan va ular muayyan kichik dehqonchilik vohalari markazlariga aylangan.
Dehqonchilik va hunarmandchilik
Baqtriyaning tabiiy geografik oʻrni, boy hayvonot dunyosi va serunum tuproqlari qadimdan insonlar eʼtiborini oʻziga qaratgan. Shuning uchun boʻlsa kerak, Strabon Appolodorning soʻziga asoslanib, “Baqtriya butun Ariananing koʻrkidur”, deb qayd qilgan. Oʻlkaning oʻrtasidan sharqdan shimoli-gʻarbiy tomonga Amudaryo — Oks oqib oʻtgan. Oʻlkaning janubiy qismida joylashgan Hindikush va shimoldagi Hisor togʻlaridan oqib kelayotgan qator katta-kichik daryo va soylar dehqonchilik bilan shugʻullanishga qulay imkoniyat yaratgan. Aholi turli-tuman dehqonchilik mahsulotlari yetishtirgan. Strabonning quyidagi soʻzlarini qayd qilish zarur: “Baqtriya zaytun yogʻidan tashqari barcha mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Mamlakat yerlarining serhosilligi sabab Baqtriyani qoʻzgʻolonga chaqirgan yunonlar shunday qudratga ega boʻldilarki...”.
Baqtriyaliklar boshoqli oʻsimliklar yetishtirishga koʻproq eʼtibor qaratgan. Ular bugʻdoy, arpa, suli va sholi kabi mahsulotlar yetishtirgan. Pliniyning yozishicha, “Baqtriyada bugʻdoy donlari shunday yirikki, bizning boshoqlarga teng”.
Aholi dehqonchilik bilan bir qatorda bogʻdorchilik bilan ham shugʻullangan. Ular koʻproq uzumning turli navlarini yetishtirgan.
Baqtriya aholisining iqtisodiy hayotida chorvachilik katta oʻrin egallagan. Ular qoʻy, echki, sigir va tuyalar boqqan. Baqtriyaning ikki oʻrkachli tuyalari qadimda ham, hozir ham eʼzozlanadi.
Bu davrda hunarmandchilikning oʻrni yanada yuksaladi. Qurilish, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik va zargarlik sohalari tez surʼatlar bilan rivojlandi. Chunki shahar aholisining bu sohalar mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoji katta edi.
Shahar bozorlarida mahalliy hunarmandlarning mahsulotlari bilan bir qatorda yunon-makedonlar tayyorlagan mahsulotlarni xarid qilish mumkin boʻlgan. Bunda mahalliy va ellin madaniyatining oʻzaro bir-biriga taʼsirini kuzatish mumkin edi. Bunga misol qilib kulolchilik sohasini keltirish mumkin. Aynan shu sohada mahalliy va ellin madaniyatlarining oʻzaro uygʻunlashuvi natijasida bu yerda sopol idishlarning oʻziga xos shakllari paydo boʻldi.
Ichki va tashqi savdo
Yunon-Baqtriya davrida Baqtriya va Sugʻdiyonada tovar-pul munosabatlari salavkiylar davriga qaraganda yanada keng rivojlangan. Baqtriya hamda Sugʻdiyonaning shahar va qishloqlarida Yunon-Baqtriya shohlari tomonidan zarb qilingan tangalarning koʻplab topilishi buning yorqin dalili. Hatto Buxoro viloyati va Qashqadaryoning Kitob shahri yaqinida Yunon-Baqtriya shohlari tangalaridan iborat xazinalar topilgan. Bu tangalar, asosan, yunonlarning antik oltin birligi standartlariga asoslangan va u 8 gramm oltinni tashkil etgan. Bozorda, asosan, turli qiymatdagi kumush va mis tangalar muomalada boʻlgan. Diodot va Yevtidem tangalarida “Shoh Diodot” va “Shoh Yevtidem”, deb yozilgan boʻlsa, Yevkratid tangalarida “Buyuk shoh Yevkratid”, deya qayd qilingan.
Yunon-Baqtriya davrida tashqi savdo jadal rivojlangan. Bunda katta hududlarning bir davlat tarkibiga kirgani alohida ahamiyat kasb etgan. Buni Hindiston misolida ham kuzatish mumkin. Hindistonning katta hududi Yunon-Baqtriya tarkibiga qoʻshib olinishi nafaqat bu ikki oʻlka orasidagi savdo munosabatlarini, balki xalqaro buyuk hind yoʻli yanada uzviylashuviga sabab boʻlgan.
Baqtriya va Sugʻdiyonada madaniyat va sanʼat tez surʼatlar bilan rivojlangan, ushbu maskanlar madaniyati oʻziga xosligi va ildizlari bilan qadimgi davrlarga borib taqalishi aniqlandi. Yunon-Baqtriya davrida Baqtriya qadimgi dunyoning yirik madaniy markazlaridan biri boʻlgani soʻnggi yillardagi arxeologik tadqiqotlarda oʻz tasdigʻini topmoqda. Bu borada Kampirtepa, Qadimgi Termiz, Xalchayon, Oyxonim, Taxtisangin, Uzundara va boshqa yodgorliklardan topilgan toshdan, loy-ganchdan ishlangan mahobatli haykallar, rangli syujetli devoriy suratlar, meʼmorlik bezaklari alohida oʻrin egallaydi. Ular ishlanish uslublari, oʻziga xosligi, taʼsirchanligi, betakrorligi bilan ajralib turadi. Topilgan haykallarning birida ellin dunyosi anʼanalari yorqin ifodasini topgan boʻlsa, boshqalarida mahalliy Baqtriya anʼanalari, yana bir qism haykallarda hind-gandhar madaniyati anʼanalari taʼsirini kuzatish mumkin. Haykallarda Yunoniston, mahalliy maʼbud va maʼbudalar, shohlar va sarkardalar obrazlari tasvirlangan.
Sanʼatning beqiyos rivojlanganini Yunon-Baqtriya shohlari tomonidan zarb qilingan tangalar misolida ham koʻrsa boʻladi. Qadimgi zarbchilar tangalarning kichik doirasida har bir shohning nafaqat tashqi qiyofasini aniq ifoda eta olgan, balki har birining ichki dunyosi va feʼlini ochib berishga ham muvaffaq boʻlgan.
Baqtriya va Sugʻdiyonada yunon-baqtriya davrida madaniyat hamda sanʼat rivoj topganini hatto kundalik ehtiyoj mollari hisoblangan kulolchilik mahsulotlari misolida ham kuzatish mumkin. Bu davrda tayyorlangan sopol idishlar yuqori sifati va shakli bilan ajralib turadi. Kulollar idishlarga bejirim shakl berib, ularni amaliy sanʼat asari darajasiga koʻtara olgan.
Shokirjon PIDAYEV,
OʻzFA Sharqshunoslik instituti direktori, tarix fanlari nomzodi