Unga koʻra, shu yilning 14-17-may kunlari Oʻzbekiston hududiga Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan nam havo, soʻngra Volga boʻyi hududlaridan salqin havo kirib kelishi kutilmoqda.

Shu kunlari respublika hududida vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

14-16-may kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 17-mayda Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida va respublikaning togʻli hududlarida baʼzi joylarda kuchli yomgʻir yogʻadi. Ayrim joylarda doʻl yogʻishi mumkin.

Yuqori togʻli (2000 m dan yuqori) hududlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin.

14-15-mayda shimolda va choʻl hududlarda, 16-17-mayda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, baʼzida 23-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.

14-16-mayda respublika shimolida, 17-mayda respublikaning qolgan hududlarida kunduzgi havo harorati 17-22 darajagacha pasayadi.