Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda yurak-qon tomir xastaliklari umumiy oʻlim sonining 60 foizini tashkil etmoqda. Har 5 daqiqada bir nafar fuqaro yurak-qon tomir kasalligidan vafot etadi.

Birlamchi tizimda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va erta aniqlash borasidagi ishlar tizimli ravishda yoʻlga qoʻyilmagan. Yurtimizda eng xavfli hisoblangan arterial gipertoniya va yurak-ishemik kasalligi 5 va 2,5 foiz holatda aniqlangan. Vaholanki, JSST maʼlumotiga koʻra, arterial gipertoniya 30 foiz, yurak-ishemik kasalligi esa 15 foiz holatda aniqlanishi kerak.

Barcha oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda shifokoroldi koʻrik xonalarini tashkil qilish hamda 15 ming nafar hamshirani maxsus kurslarda oʻqitish koʻzda tutilmoqda. Ular yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va asoratlarining oldini olish boʻyicha qisqa kurslarda tahsil oladi. Hamshiralar birlamchi bilimga ega boʻlishi, kasallikka moyil shaxslar bilan individual ishlab, ularda muqarrar infarkt, insult, qon bosimining oshishi kabi xastaliklarning oldini olishga erishishi talab etilmoqda.

Mamlakatimizda kardioreabilitatsiya tizimi yoʻlga qoʻyilmagani natijasida yurak-qon tomir kasalliklari tufayli nogironlik koʻrsatkichi yildan-yilga koʻpayib boryapti. 2018-yilda 78,2 ming, 2019-yilda 82,4 ming, 2020-yil 86,5 ming fuqaroga nogironlik belgilangan.

Yuqori texnologik tibbiy xizmat soni oshgan boʻlsa ham, bu borada atigi 10-30 foiz aholining ehtiyoji qoplanyapti. Arterial gipertoniyaning maqsadli koʻrsatkichlariga bor-yoʻgʻi 10 foiz bemorlarda erishilyapti. Yurak boʻlmachalari hilpirashining tromboembolik asoratlari natijasida rivojlanayotgan ishemik insult soni yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimizning shu yil 26-yanvardagi “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ana shu muammolarga yechim boʻladi. Qolaversa, bu hujjat davlatimiz rahbarining aholi salomatligiga qaratayotgan eʼtibori, yurtimizda olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida inson qadrqimmati mujassamligining isbotidir.

Mazkur qarorga binoan, sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinida kardiologiya xizmati imkoniyatlari butunlay oʻzgartiriladi. Jumladan, birlamchi tibbiyot muassasalari tomonidan davriy tibbiy koʻrik yoʻlga qoʻyiladi hamda sogʻlom turmush tarzi keng targʻib qilinadi. Ehtiyojmand aholi qatlami zarur dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi. Hududlarda koʻrsatilayotgan yuqori texnologik, kaminvaziv kardiologik hamda kardiojarrohlik tibbiy xizmatlari koʻlami oshiriladi. Birlamchi boʻgʻindagi mutaxassislarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish, sohada ilm-fanni rivojlantirish, yurak-qon tomir kasalliklari boʻlgan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish tizimini raqamlashtirish kabi muhim chora-tadbirlar kardiologiya xizmatida aholini qiynab kelayotgan muammolarning barham topishiga xizmat qiladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining protokoliga asoslangan yurak-qon tomir kasalliklari xavf-stratifikatsiyasini baholash uchun mobil ilova yaratilishi birlamchi tizimdagi oilaviy shifokor va hamshiralar ishini yengillashtiradi. Murojaatchi fuqaroning salomatligi toʻgʻrisidagi barcha koʻrsatkichlar ilovaga kiritilganidan keyin avtomatik tarzda xavf guruhi aniqlanadi. Masalan, bemor past, oʻrta yoki yuqori xavf guruhida boʻlishi mumkin. Shunga qarab har bir fuqaro uchun individual sogʻlomlashtirish dasturi yaratiladi. Uning qachon va necha marta shifokor koʻrigiga borishi, tahlil namunasi topshirishi, qanday ovqatlanishi kerakligi, statsionar davolanishiga zarurat bor-yoʻqligi, jismoniy faolligi, dori-darmonga ehtiyoji bilan bogʻliq savollarga javob topishda ilovaning ahamiyati katta.

Qarorda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallarida kardiologiya yoʻnalishida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari turini bosqichma-bosqich 15 dan 35 gacha oshirish nazarda tutilgan. Kelgusida markazda qilinayotgan barcha murakkab jarrohlik amaliyoti hududlarning oʻzida amalga oshiriladi. Toshkent, Fargʻona, Buxoro viloyatlaridagi filiallarda koronarografiya, stentlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bu, oʻz navbatida, aholining ushbu operatsiyalar uchun poytaxtga yoki chet mamlakatlarga davo izlab borishi, ovoragarchiligiga barham beradi.

Tuman, shahar shifoxonalarini 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan jihozlash hisobiga koʻrsatiladigan xizmat turlarining 15 taga yetkazilishi exokardiograf yordamida kasallikni 30 dan ziyod parametr boʻyicha aniqlash imkonini beradi. Avvallari bemorlar bu masalada ham markazga murojaat qilishga majbur boʻlardi. Endi bemorlar tuman, shahar tibbiyot birlashmasida statsionar sharoitda davolanishi mumkin. Endi har xil aritmiyalarni ham hududlarda davolash imkoniyati paydo boʻladi. Oldin bu amaliyotlar uchun bemor Toshkentga kelar yoki malakali shifokorlarimizni viloyatlarga joʻnatishga majbur boʻlardik.

Qarorda yana bir muhim masala koʻzda tutilgan. Unga koʻra, yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha boʻlgan aholining salomatlik profili baholanadi. Bu, birinchi navbatda, saraton va qon-tomir kasalliklarini barvaqt aniqlashga xizmat qiladi. Xavf omillarini aniqlab, ularni bartaraf etganimiz yurakqon tomir kasalliklarining rivojlanishini toʻxtatadi yoki sekinlashtiradi. Shuningdek, koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalardagi profilaktika maktablariga bemorlar taklif qilinib, ularga kasalligi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot beriladi. Xastalikning oldini olish, uning belgilari, rivojlanish darajasini aniqlash, bemorni bundan xabardor etish va profilaktika choralarini koʻrishga chaqirish maqsad qilingan. Bemor qanday ovqatlanishi kerakligi, jismoniy faolligining darajasi, dorilarni qay tartibda qabul qilishi ham mana shu profilaktika maktablarida oʻrgatiladi.

Barcha oilaviy shifokor punktlari va poliklinikalarda shifokoroldi koʻrik xonalarini tashkil qilish hamda 15 ming nafar hamshirani maxsus kurslarda oʻqitish koʻzda tutilmoqda. Ular yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va asoratlarining oldini olish boʻyicha qisqa kurslarda tahsil oladi. Hamshiralar birlamchi bilimga ega boʻlishi, kasallikka moyil shaxslar bilan individual ishlab, ularda muqarrar infarkt, insult, qon bosimining oshishi kabi xastaliklarning oldini olishga erishishi talab etilmoqda.

Yuqoridagi barcha chora-tadbirlar yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishga va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan asoratlar koʻrsatkichini keskin kamaytirishga xizmat qiladi. Bemorlarning ovoragarchiligi keskin kamayadi. Ular uchun barcha tibbiy tekshiruvlardan tuman sharoitida oʻtish imkoniyati kengayadi.