“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqur o'rin olayotgan ushbu tamoyil yurtdoshlarimizning hayotdan rozi bo'lib yashashiga zamin yaratmoqda. Bugun davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ushbu ezgu tashabbusni to'la ro'yobga chiqarish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Biroq bu yo'nalishda bir qator muammolar ham uchrab turibdi. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari rahbar va xodimlari ba'zida o'z faoliyatida qonunlarga to'la rioya etmasligi fuqarolarning haqli e'tiroziga sabab bo'layotganiga ko'p bor guvoh bo'lmoqdamiz. Vaholanki, har bir idora-tashkilotdagi yuridik xizmat xodimlari bunday huquqbuzarlikning oldini olish bo'yicha rahbarlar va mansabdor shaxslarni eng birinchi bo'lib ogohlantiruvchi mas'ul shaxs hisoblanadi. SHu bilan birga, davlat organlari faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlashda yuridik xizmat faoliyatini muntazam takomillashtirib borish muhim ahamiyatga ega.
SHu kabi muammolar davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat faoliyatining mutlaqo yangi modelini yaratishni taqozo qilmoqda edi. Prezidentimizning 2020 yil 19 mayda qabul qilingan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bu borada muhim huquqiy asos bo'ldi. Ushbu farmon bilan shahar va tuman adliya bo'limlari huzurida davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko'rsatish markazlari tashkil etish vazifasi belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 17 sentyabrda qabul qilingan “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko'rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ushbu markazlarni huquqiy tartibga solish mexanizmlari belgilab berildi.
Aytish kerakki, so'nggi yillarda muhim islohotlarni tanlab olingan muayyan hududlarda eksperiment tariqasida amalga oshirish yaxshi an'anaga aylandi. Mazkur tizim, birinchidan, yangi islohot davlat va jamiyat hayotiga qanday ijobiy o'zgarishlar olib kelishini tahlil qilishga ko'maklashsa, ikkinchidan, eksperiment davomida tizimdagi muammolarni barvaqt aniqlab, uni yanada takomillashtirish istiqbollari belgilab olinadi.
Bu an'anaga rioya qilingan holda, yuridik xizmatlar ko'rsatish markazlari ham eksperiment tariqasida Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlari adliya bo'limlari qoshida tashkil etiladi. Muhim jihatlardan biri, eksperiment doirasida uchta hududda davlat organlari va tashkilotlarining markaz bilan kelishmasdan qabul qilgan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas, deb hisoblanadi. YA'ni yuqorida nomlari keltirilgan hududlarning davlat organ va tashkilotlari yuridik tusdagi har bir hujjatni markaz bilan kelishilgan holda qabul qilishi majburiyati belgilanmoqda.
YUridik xizmat faoliyatining rahbar ta'sir doirasida bo'lishi bevosita yuridik tusdagi hujjatning mazmuni qonun talablariga emas, balki rahbar manfaatiga moslashishiga olib kelishi mumkin. SHu bois, nizomda yuridik xizmatlar ko'rsatish markazlari davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bo'ysunmasligi alohida belgilangan. Bu esa tegishli davlat organi va tashkilotlarida qonuniylikni ta'minlash bo'yicha mutlaqo yangi tartibni vujudga keltiradi. eng asosiysi, yuridik xizmat rahbarlardan mutlaqo mustaqil holda faoliyat yuritadi.
Amaliyotda tuman miqyosidagi davlat organlari va tashkilotlaridagi ayrim yuridik xizmat xodimlari o'z funktsiyaviy majburiyatlaridan tashqari boshqa ishlar bilan shug'ullanishga majbur bo'layotganiga ham guvoh bo'lmoqdamiz. Bu esa, o'z navbatida, yuridik xizmat xodimi faoliyatining asosiy ko'rsatkichlari susayib ketishiga olib kelmoqda. Markaz tashkil etilishi orqali qonuniylik ta'minlanishi bilan bir qatorda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, ularning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlash va mazkur tuzilmalar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirib borish kabi eng asosiy funktsiyalar bilan shug'ullanishga olib keladi. YA'ni yuridik xizmat faoliyatiga taalluqli bo'lmagan funktsiya va vazifalar to'liq olib tashlanishiga erishiladi. Bu orqali yuridik xizmat ko'rsatish sifati oshadi, muhimi, mazkur faoliyatning izchilligi ta'minlanadi.
YAna bir jihat, davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarini modernizatsiyalash yoki raqamlashtirish zaruriyati bilan bog'liq. Hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o'tkazish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilishga oid faoliyatlarni raqamlashtirish yuridik xizmat faoliyatida ortiqcha resurs va xarajatlarni qisqartiradi. Qarorda markaz o'z faoliyatini davlat organlari va tashkilotlari bilan o'zaro hujjat almashinuvi yagona elektron tizimi orqali amalga oshirishi belgilanishi amaliyoti pandemiya sharoitidan keyin ham o'z ijobiy samarasini beradi. YUridik xizmatning yangi raqamlashgan platformasi markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari o'rtasida hujjat almashinuvining yagona elektron tizimining izchil va shaffof ishlashiga olib keladi.
eksperiment tariqasida yuridik xizmatlar ko'rsatish markazlarining tashkil etilishi davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olishga oid yaxlit mexanizmni shakllantirishda muhim qadam bo'lib xizmat qiladi. eksperiment davrida aniqlangan kamchilik va muammolar tahlil qilinib, keyinchalik bartaraf etilgach, butun respublika hududida davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko'rsatishning yangi modeli joriy etiladi.
Bekzod NARIMONOV, Toshkent davlat yuridik universiteti dekan o'rinbosari