Ammo bugungi kunda tuman darajasidagi davlat organlari yuridik xizmatlarining ish koʻlami va sifati tahlil qilinganda, ularning faoliyati kutilgan samarani bermayotgani aniqlandi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy yilning 19-may kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon bilan shahar va tuman adliya boʻlimlari huzurida davlat tashkilotlariga yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari tashkil etish belgilandi.

Shu maqsadda, joriy yilning 17-sentabrida Hukumatning “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Markazlarning maqomi, faoliyat tartibi, funksiya va vazifalari belgilab berildi.

Markazlar qonun hujjatlari bilan yuridik xizmatlarga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.

Eksperiment doirasidagi tuman (shahar) davlat organlari va tashkilotlarining markaz bilan kelishilmasdan qabul qilgan buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlari haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

Hozircha Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlarida eksperiment tariqasida. Yaʼni endilikda tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarning har birida emas, faqat shahar va tuman adliya boʻlimlari qoshida yuridik xizmatlar tashkil etish maqsad qilib olingan.

Xoʻsh, yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari bizga nima beradi?

Birinchidan, byudjet mablagʻlari iqtisod qilinadi.

Ayni vaqtgacha tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlarda jami 2001 ta yuridik xizmat shtat birligi mavjud boʻlib, ularni saqlab turish uchun bir yilda oʻrtacha 80 mlrd soʻmga yaqin byudjet mablagʻlari sarflanmoqda.

Birgina Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil qilish orqali qariyb 3,5 mlrd. soʻm, butun respublika tuman (shahar)larida tashkil qilish orqali esa qariyb 

40 mlrd. soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari iqtisod qilinadi.

Ikkinchidan, qonuniylik va qonun ustuvorligi amalda taʼminlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini taʼminlash yuridik xizmatning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shunga qaramasdan, ayni damda bir qator obyektiv va subyektiv sabablarga koʻra ushbu vazifa ijrosi yetarlicha taʼminlanmasdan kelinmoqda.

Yuridik xizmatlarning qonuniylik va qonun ustvorligini taʼminlash borasidagi faoliyati ularning mustaqil emasligi, rahbar xodimlarning ularga bevosita yoki bilvosita taʼsiri ostida yetarlicha samara bermayabdi. Bu esa oʻz navbatida, davlat organlari va tashkilotlarida noqonuniy ishlarning avj olishiga imkon yaratishi shubhasiz.

Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlari esa davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga boʻysunmaydi, ularning taʼsir doirasida boʻlmaydi, yaʼni ular toʻla mustaqil faoliyat olib boradi. Buning natijasida davlat organlari va tashkilotlarida qonuniylik va qonun ustuvorligini taʼminlash sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtariladi.

Ikkinchidan, yuridik xizmat koʻrsatish sifati oshadi.

Taʼkidlab oʻtish kerakki, tuman darajasidagi yuridik xizmat xodimi tomonidan qonunchilikda ularga yuklangan 39 ta funksiyalardan 30 tasi bajarilishi lozim boʻlsa-da, biroq amaliyotda ushbu yuridik xizmat xodimining tashkilotdagi vazifasi bor-yoʻgʻi buyruqlar va shartnomalarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish (asosan viza qoʻyish), zaruratga qarab sud majlislarida ishtirok etishdan iborat boʻlib qolmoqda.

Yuridik xizmatlar tashkilotlarda birgina mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlay olmaganliklari sababli, 2018-2019-yillarda sudlar tomonidan noqonuniy ishdan boʻshatilgan 1082 ta fuqaro ishga tiklangan, 1572 nafar shaxsga ish haqi undirib berilgan. Buning oqibatida, birgina davlat boji uchun oʻrta hisobda 800 mln soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlari sarflangan.

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etish orqali ular faoliyatiga taalluqli boʻlmagan funksiya va vazifalar olib tashlanadi. Natijada yuridik xizmat koʻrsatish markazlari xodimlarining oʻzlariga yuklangan vazifalarni samarali bajarishi taʼminlanadi.

Uchinchidan, ortiqcha oʻrganishlar, tekshirishlar oldi olinadi.

Bugungi kunda tuman darajasidagi yuridik xizmatlar tashkilotlarda qonun ustuvorligini va qonuniylikni taʼminlay olmayapti, shu sababli tashkilotdagi qonunbuzilishlar adliya boʻlimlari tomonidan joylarda oʻtkazilgan oʻrganishlardan keyingina bartaraf etilmoqda.

Masalan, 2019-yilda adliya boʻlimlari tomonidan tumanlaridagi davlat tashkilotlariga nisbatan 15051 ta taqdimnoma kiritilgan, 2431 ta hujjat bekor qilingan.

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari adliya boʻlimlari huzurida tashkil qilinayotganligi sababli, tuman darajasidagi yuridik xizmatlar faoliyatini oʻrganish, tekshirish zarurati qolmaydi. Bevosita nazorat vujudga keladi. Bu ham adliya xodimlari mehnat unumdorligi oshishiga, fuqarolarga xizmat koʻrsatishi uchun koʻproq vaqt ajratilishiga zamin yaratadi.

Toʻrtinchidan, sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etiladi.

Tuman darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining sust ekanligi yuridik xizmat xodimlari tomonidan hujjatlarni huquqiy ekspertizadan oʻtkazish jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Markazlar faoliyati zamonaviy IT texnologiyalari bilan toʻliq taʼminlanadi hamda davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hujjat almashinuvi yagona elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Markazlar hamda davlat organlari va tashkilotari oʻrtasida hujjat almashinuvining yagona elektron tizimini joriy etish orqali bugungi pandemiya sharoitida ishlarni masofaviy tashkil etish imkonini yaratadi.

Yuridik xizmatlar koʻrsatish markazlar keyinchalik eksperiment natijalari umumlashtirib, muammolar bartaraf etilganidan soʻng butun respublikadagi tuman (shaharlar)da joriy qilinadi.