Vatanimiz mustaqilligining 34-yilligi arafasida Prezidentimiz imzolagan “Oʻzbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonini oʻqib turib, qalbim cheksiz hayajon va iftixorga toʻldi. Ushbu tarixiy hujjat mamlakatimiz maʼnaviy hayotida oʻziga xos voqea boʻldi, desak aslo mubolagʻa emas. Bu shunchaki bir guruh fidoyilarni eʼtirof etishgina emas, balki inson qadrini ulugʻlash, oʻtganlar xotirasini eʼzozlash va ularning ibratli ishlarini abadiylashtirish borasidagi ezgu saʼy-harakatlarning ulugʻvor namunasidir.

Bu farmon davlatning oʻz fidoyi siy­molariga yuksak ehtiromi, ularning bebaho merosi oldidagi chuqur taʼzimining amal­dagi ifodasi. Aslida, millatning buyukli­gi uning nafaqat bugungi yutuqlari, balki oʻz oʻtmishiga, tarixini yaratgan shaxslarga munosabati bilan ham oʻlchanadi. Farmon shu jihatdan ham yangi Oʻzbekistonning oʻz maʼnaviy poydevorini nechogʻliq mustahkam qurayotganini yaqqol namoyon etadi.

Buning zamirida xalqimizga xos azaliy qadriyat — oʻtganlarni xotirlash, ezgu amal­larini qadrlash tamoyili aks etgan. Zero, oʻz tarixi, madaniyati va ilm-fani rivojiga hissa qoʻshgan buyuk zotlarni unutgan mil­latning kelajagi ham boʻlmaydi. Bu yurtda qilingan har bir ezgu ish, har bir ijod na­munasi, har bir ilmiy kashfiyot hech qachon eʼtiborsiz qolmasligining yana bir yorqin isboti ham aynan shudir. Ota-bobolari­miz, maʼrifatparvar ajdodlarimiz azaldan ana shunday olijanob tamoyillar asosida yashab, ijod qilib kelgan.

Mazkur farmon, shuningdek, avlodlar oʻrtasidagi uzviylik rishtalarini, maʼna­viy vorisiylikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi bebaho qadamdir. U oʻtmish va bu­gun oʻrtasida mustahkam koʻprik vazifasini oʻtaydi. Bugungi yosh avlod ushbu roʻyxatdagi nomlarni oʻqir ekan, oʻzlari turgan zamin qancha-qancha fidokor insonlarning mehnati va ijodi bilan gullab-yashnaganini yana bir bor chuqurroq his etadi. Bu esa ularning qal­bida milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini joʻsh urdirib, oʻzlariga ham shunday buyuk ajdodlarga munosib boʻlish masʼuliyatini yuklaydi.

Shu oʻrinda baʼzilarning “Dunyodan oʻtib ketgan insonlarga bu mukofotning endi nima zarurati bor?” deganini ham eshitamiz, koʻra­miz. Lekin bir oʻylab koʻraylik, biz ularni chindan ham “vafot etdi”, deyishga haqli­mizmi? Axir ular jisman oramizda boʻlma­sa-da, boy ilmiy va ijodiy merosi bilan xalqimiz qalbida, millatimiz tafakkuri­da mangu barhayot emas-ku! Nomi tillardan, ijodi dillardan tushmay kelayotganining oʻzi ularning tirikligidan dalolat bermay­dimi? Ularning merosi kitoblarda qolgan shunchaki matnlar, muzeylardagi ashyolar yoki arxivlardagi hujjatlar emas, balki bugu­nimizga singib ketgan, ongimiz va shuurimizni shakllantirgan tirik voqelikdir. Ular xuddi uzoq yulduzlar kabidir: soʻngan boʻlsa-da, nuri bizga asrlar osha yetib kelave­radi va yoʻlimizni yoritib turadi.

Mana, bir eslang: Toʻra Sulaymonning samimiyatga yoʻgʻrilgan sheʼrlari asosida yaratilgan diltortar qoʻshiqlarni eshitga­nimizda ruhimiz qanchalar orom topadi. Maʼmurjon Toʻxtasinov tomonidan Bobur mirzo gʻazaliga bastalangan “Yaxshiligʻ”ni tinglaganimizda mijjamizga yosh qalqiydi. Toʻy-hashamlarimizda Muhriddin Xoliqov­ning “Yigʻlama qiz” qoʻshigʻi yangraganda bir zumga mahzun xayollarga choʻmmaydigan inson topilmasa kerak. Oxunjon Madaliyevning yurakni erkalovchi kuy-qoʻshiqlari-chi? Ular qay birimizga sokinlik va taskin bagʻishla­maydi deysiz. Bu sanʼatkorlar oʻz davrining ovozi edi. Ularning qoʻshiqlari bir avlod­ning dardu quvonchini, orzu-armonlarini oʻzida mujassam etgani holda bugun ham aha­miyatini yoʻqotmay yangramoqda. Chunki ular insoniylikning eng nozik torlarini cherta olgan.

Shu qatorda Oʻzbekiston xalq hofizi Ismoil Vahobov nomini ham alohida ehti­rom bilan tilga olish joiz. U asrlar davo­mida sayqallanib kelayotgan mumtoz musiqa merosimizni, sanʼatimiz anʼanalarini asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazgan fidoyi sanʼatkor edi. Xonishida xalqimiz­ning asriy dardu hasratlari, orzu-umidlari va ruhiy qudrati aks etib turardi.

Adabiyotimizning zabardast vakillari­ni olaylik. Xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusuf sheʼrlari nega hamon yod­dan aytiladi? Chunki u xalqning yuragidagi gapni, oddiy inson tuygʻularini sodda va sa­mimiy ifodalay oldi. Uning uchun Vatan — eng tabarruk joy, muhabbat esa eng pok tuygʻu edi. Rauf Parfi esa butunlay boshqa olam. U “shoirlar shoiri” sifatida murakkab, fal­safiy va isyonkor ruhdagi sheʼriyati bilan tafakkurimizni charxladi. Uning ijodi ruhiyatning tubsiz ummoniga shoʻngʻish, erk va ozodlik haqidagi mangu savollarga javob izlash demakdir.

Bolalarimizning sevimli ijodkori Anvar Obidjon-chi? U oʻzining begʻubor hazili, soʻz oʻyinlariga boy sheʼr va ertaklari bilan necha-necha avlodning bolali­gini bezadi, dunyoqarashini kengaytirdi. Bu ijodkorlarning har biri oʻz uslubi, oʻz ovozi bilan adabiyotimiz xazinasiga bebaho durdonalar qoʻshib ketdi. Ular qatorida adib Vali Gʻafurov, adabiyotshunos olim va tarjimon Toʻxtasin Jalolov kabi zahmat­kash ijodkorlarning ham xizmati beqiyos. Ular oʻz asarlari, ilmiy tadqiqotlari va jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari bilan xalqimizning maʼnaviy olamini boyitish, tafakkurini kengaytirishga ulkan hissa qoʻshgan.

Oʻzbek teatr sanʼatining ustunlaridan biri, betakror ijodkor Bahodir Yoʻldoshev ishtirokidagi sahna asarlarini qanday chuqur hayajon bilan tomosha qilganimizni unutib boʻladimi?! U nafaqat aktyor va re­jissyor, balki sahna faylasufi edi. Uning “Diydor” teatr-studiyasi tom maʼnoda ijo­diy laboratoriyaga aylanib, qanchadan-qancha yosh isteʼdodlarga qanot bagʻishladi. Sahna­lashtirgan asarlarida jamiyatdagi muammo­lar dadil koʻtarib chiqilar, tomoshabinni shunchaki kuzatuvchidan fikrlovchi ishti­rokchiga aylantirar edi. Aktrisa Rimma Ahmedovaning sahnada yaratgan oʻnlab yorqin obrazlari, dublyaj sanʼatidagi mahorati esa qanchadan-qancha filmlarga jon bagʻishlagani sir emas. Sanʼat arbobi, kompozi­tor Anor Nazarovning musiqasi esa koʻplab kinofilmlar va spektakllarning shukuhi­ni, taʼsirini oshirgan. Uning musiqasi asar qahramonlarining ichki kechinmalari­ni soʻzsiz ifodalab berar, tomoshabin qal­biga kirib borardi.

Jadid bobolarimizning millat ozodli­gi yoʻlidagi orzu-armonlari, fidoyiliklarini atoqli olim Begali Qosimovning ilmiy tadqiqotlarini oʻqib, butun qalbi­miz bilan his etmaganmizmi?! U hayotini jadidlik harakatini oʻrganish, maʼrifat­parvar ajdodlarimizning nomini oqlashga bagʻishlagan fidoyi olim edi. Domlaning kitoblari bizga oʻzligimizni anglash, mil­liy ozodlik gʻoyalarining ildizini teranroq tushunish imkonini berdi. Adabiyotshunos, tilshunos, taniqli arabshunos olim Alibek Rustamov esa mumtoz adabiyotimiz, xususan, Alisher Navoiy merosining buyuk bilimdo­ni sifatida tilshunosligimiz va adabiyot­shunosligimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshdi.

Ushbu farmonda eʼtirof etilgan akade­miklar — jarroh Oʻktam Oripov, kiberne­tik olim Vosil Qobulov, geolog Ibrohim Hamroboyev kabi oʻnlab buyuklarning ilm- fan rivojiga qoʻshgan hissasi bugungi ta­raqqiyotimizning mustahkam poydevori boʻlib xizmat qilmoqda. Akademik Oʻktam Oripov yuzlab odamlarning hayotini saqlab qolgan tajribali jarrohgina emas, bal­ki mamlakatimizda jarrohlik maktabini yaratgan ustozlardan biri edi. Uning qoʻlida tahsil olgan shogirdlar bugun ham eng mu­rakkab operatsiyalarni muvaffaqiyatli oʻt­kazib, ustozlarining ezgu ishlarini davom ettirmoqda. Akademik Vosil Qobulov esa mamlakatimizda kibernetika fani rivoji­ga ulkan hissa qoʻshgan, bugungi raqamli tex­nologiyalar sohasining poydevorini qoʻygan buyuk olim edi. Uning oʻsha davrdagi ilmiy qarashlari bugun nechogʻliq toʻgʻri va uzoqqa moʻljallanganini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Shiddat bilan oʻzgarayotgan bugungi glo­ballashuv davrida, axborot xurujlari va “ommaviy madaniyat” tahdidlari kuchayib borayotgan bir paytda ushbu farmonning ahamiyati yanada ortadi. Chunki u milliy oʻzligimizni asrash, maʼnaviy immunite­timizni mustahkamlash yoʻlidagi muhim va kerakli qadamdir. Xalqimiz aynan shunday ulugʻ siymolarning merosiga suyanib, oʻzli­gini anglaydi, oʻz yoʻlini belgilaydi. Ular­ning ijodi va ilmiy jasorati biz uchun har qanday mafkuraviy tahdidlarga qarshi tura oladigan mustahkam maʼnaviy qalqon vazi­fasini oʻtaydi. Davlatimiz rahbarining bu boradagi oqilona siyosati zamirida ham ay­nan ana shunday chuqur falsafa — maʼnaviy ildizlarini mustahkamlash orqali millat­ning buyuk kelajagini taʼminlash gʻoyasi mu­jassam.

Shunday ekan, bu ulugʻlarni oramizda yoʻq deyishga ham maʼnan haqqimiz oz deb oʻylayman. Bir ziyoli sifatida davlatimiz rahbarining ushbu farmonini chin dildan qoʻllab-quvvatlayman va buni tarixiy ado­latning bayrami deb bilaman. Bu bir jihat­dan, yosh avlodga ana shunday buyuklarning hayoti va ijodini qayta eslatish, ulardan oʻrnak olishga undash boʻlsa, ikkinchi tomon­dan, yangi Oʻzbekistonda inson, uning fido­korona mehnati va isteʼdodi yuksak qadrla­nishining yorqin timsolidir.

Mazkur farmon — yoshlarimiz uchun oʻzi­ga xos maʼnaviy kompas. U “haqiqiy boylik va mangulik nimada?” degan savolga aniq javob beradi. Mangulik pul yoki mansabda emas, balki xalq uchun qoldirilgan yaxshi nom, ezgu ishlar va maʼnaviy merosdadir. Ushbu roʻyxatdagi har bir inson oʻz hayotini ana shunday ezgu maqsadga bagʻishlagan.

Shuhrat SIROJIDDINOV,

akademik