Yurtimizga koronavirus bilan ogʻrigan bemorlarni trasportirovka qilish uchun maxsus reanimobillar olib kelindi

    Salomatlik 7 Iyul 2020 2361

    Bugun yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish borasidagi ishlarni rivojlantirishga xizmat qiluvchi yana bir quvonchli hodisa sifatida yurtimizga xorijda ishlab chiqarilgan 15 ta maxsus zamonaviy reanimobillarning olib kelinganini aytishimiz mumkin.

    Taʼkidlash joizki, uch oydan koʻp vaqt davomida yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar davolanayotgan tibbiyot muassasalari barcha kerakli jihozlar bilan taʼminlangan.

    Keltirilgan yangi maxsus reanimobillar esa bemorlarni transportirovka qilish sohasidagi kamchiliklarni toʻliq bartaraf qilishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

    Eʼtiborli jihati, ushbu reanimobillar defibrillyator, EKG va sunʼiy nafas berish apparatlari, dori-darmonlar kabi barcha kerakli vositalar bilan jihozlangan boʻlib, bemorni bir manzildan tibbiyot muassasasiga yetkazib borguncha uning hayotini saqlab qolish imkoniyatini beradi.

    Shuningdek, bemorlarni tashishda tibbiyot xodimlarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida reanimobillar biobokslar bilan taʼminlangan. Ushbu maxsus nasilkaning ustiga qilingan qoplamada darchalar boʻlib, ular orqali tibbiyot xodimi bemorga bemalol muolajalar oʻtkazishi mumkin.

    Eslatib oʻtamiz, 2017-2018-yillar mobaynida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta tez tibbiy yordam xizmati uchun 1500 ta yangi ixtisoslashgan avtomashinalar xarid qilingandi.

    Joriy yilning yanvarida esa poytaxtimizning tez tibbiy yordam xizmati uchun xorijdan keltirilgan 150 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirilgandi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.