Yurtimizda iqtidorli yoshlar, oʻz oldiga katta va yuksak maqsadlar qoʻyib bilim olayotgan ming-minglab talabalar bor. Xalqaro fan olimpiadalarida, bilimlar bellashuvlarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritib, Vatanimiz shuhratiga shuhrat qoʻshayotgan yigit-qizlar bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Oʻzining ilk muvaffaqiyatlari bilan koʻpchilikning eʼtiborini qozongan talaba yoshlardan biri Yusufbek Shermuhammedovdir. Ayni paytda u Toshkent davlat transport universitetining magistratura bosqichida tahsil olmoqda. Oʻz ustida tinimsiz ishlashdan tolmaydigan izlanuvchan bu talabaning ilm-fan sohasidagi dastlabki dadil qadamlarini koʻp yillik boy tajribaga ega malakali ustozlari qoʻllab-quvvatlamoqdalar. Bu esa Yusufbekni oʻqib-izlanishdan bir zum toʻxtamaslikka undaydi.

Ana shu saʼy-harakatlarning natijasi oʻlaroq, 2017-yil yosh izlanuvchi-tadqiqotchi Germaniya Federativ Respublikasida yosh olim sifatida malaka oshirib, Oʻzbekistonda yuksak salohiyatli, iqtidorli yoshlar bor ekanini amalda isbotladi.

2018-yilda Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohibi boʻlgan Yusufbek bugungi kunda oʻndan ortiq ilmiy ishlanmalar, maqolalar muallifidir. Shuningdek, yosh olim uchta ilmiy ishi uchun patent olishga muyassar boʻldi. Eʼtiborlisi, u Toshkent traktor zavodi bilan ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Ayni paytda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini yana-da rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan zamonaviy traktorlarning tuzilishi, ularni mahalliy sharoitga mos va qulay tarzda takomillashtirish, ularning samaradorligi va natijadorligini oshirish ustida izlanmoqda. Zero, u yetuk mutaxassislik yoʻlida nazariya va amaliyot uygʻunligi muhim omil boʻlajagini chuqur anglab yetgan.

Inson kamolotida albatta oilaviy muhit birlamchi oʻrin tutar ekan, Yusufbekning oilasi haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtishni joiz topdik.

Iqtidorli talaba ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi — Abdulaziz Shermuhammedov texnika fanlari doktori, professor, koʻplab yosh olim va mutaxassislarga ustoz sifatida mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Onasi Saodat Shermuhammedova koʻp yillardan buyon Toshkent shahar oʻqituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutida oʻqituvchi. Oiladagi sogʻlom muhit Yusufbekning bilim poydevorini puxta qurishiga xizmat qilgani aniq. Zero u, bolaligidan otasining ishxonasiga borar, bu yerda ilmiy-amaliy jarayonlarni, tajribalarni kuzatib, kelajakda otasi kabi olim boʻlib yetishishni orzu qilgan. Va ayni shu orzu va qiziqishlari uni 2015-yilda Toshkent davlat avtomobil yoʻllari institutiga yetaklagan edi. Mazkur dargohda taʼlim olish baxtiga erishganida u albatta, har qanday ezgu niyatga tinimsiz mehnat va izlanish orqali yetish mumkinligiga guvoh boʻldi.

Shuningdek, inson murabbiy va ustozsiz hayotda biror bir ulkan natijaga erisha olmasligini ham u man shu dargohda tushunib yetdi. Yusufbekning ustozlari — texnika fanlari nomzodi Gulsara Annaqulova, PhD yoʻnalishida Anvar Togʻayev ilmning igna bilan quduq qazishdek mashaqqat ekanini, bu borada faqat qatʼiyatli va shijoatli insonlargina muvaffaqiyatga erishishi mumkinligini taʼkidlab, Yusufbekka ham ilmiy, ham hayotiy saboqlar berib kelmoqdalar.

Ilmiy rahbari Anvar Togʻayev bilan esa kichik qishloq xoʻjaligi texnikalarini takomillashtirish, xususan, Toshkent qishloq xoʻjaligi zavodida yangi bogʻdorchilik traktorining bugungi davr talablariga mos holda rul mexanizmi parametrlarini asoslash ustida ham ish olib bormoqda. Aytish joizki, ushbu traktorlar yangicha uslubda maxsus robotlar orqali boshqariladi. Yusufbek esa kelajakda sensorli boshqariladigan traktorlar yaratib, amaliyotga tatbiq etishni niyat qilgan.

Xalqaro talabalar kunida ilm soʻqmoqlarida dadil borayotgan Yusufbek Shermuhammedov haqida bejiz hikoya qilmadik. Zero, kelajagimiz Yusufbek kabi salohiyatli va iqtidorli yoshlar qoʻlida. U kabi ertamiz egalarining har bir yutugʻi Vatanning, xalqning yutugʻidir.

Muhammadsodiq TOʻRAYEV,

jurnalist