Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning oʻsha uzoq vaqt kutilgan intervyusi chop etildi. Uni barchamiz qiziqib oʻqidik, Davlatimiz rahbarining har bir soha boʻyicha teran bilimga, yuz berayotgan voqea-hodisalarga nisbatan mantiqiy yondashuvga, ichki va tashqi siyosat borasida oʻtkir nigohga ega ekanliklarini yana bir karra anglab yetdik.

“Yangi Oʻzbekiston demokratik oʻzgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda” sarlavhali ushbu intervyudan quyidagi uchta iqtibosga urgʻu bergim keldi.

1

“Albatta, biz eski tizimni batamom oʻzgartirib, oʻz oldimizga qoʻygan maqsadga toʻliq erishdik, deb aytishga hali erta. Takror aytaman, biz har kuni izlanishdamiz. Bu yoʻlda dastlabki qadamlarni qoʻymoqdamiz, xolos. Lekin “Bu oʻzgarishlar – vaqtinchalik kampaniya, oʻtadi-ketadi”, deganlar yanglishadi. Bu – Prezident va uning komandasi uzoqni koʻzlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosatning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri va uni xalqimiz bilan birgalikda albatta oxirigacha olib boramiz, hech qachon ortga qaytmaymiz.

Bugungi kunda biz erishgan eng muhim natija ham aslida shu – demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi”.

Biz oʻtgan besh yil davomida amalga oshirilgan katta-katta ishlar, qilingan oʻzgarishlardan xulosa yasagan holda, yurtimiz oʻz yoʻlini topib oldi, kerakli oʻzanga tushdik, endi buyogʻi bir maromda ketaveradi, degan fikrda edik. Biroq Prezidentimiz hali biz yoʻlning boshida turganimizni, oʻzgarishlar esa bu yoʻldagi dastlabki qadam ekanligini taʼkidlamoqdalar. Va barchamiz uchun bir mujdani qatʼiy qilib uqtiryaptilar: “demokratik islohotlarimiz ortga qaytmaydigan tus oldi”

2

“Ayni paytda yana bir haqiqatni unutmasligimiz lozim: bugungi Oʻzbekiston – bu hali tom maʼnodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi Oʻzbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yoʻl turibdi. Yoʻlimiz shu paytgacha oson boʻlgani yoʻq, bundan keyin ham oson boʻlmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak boʻlsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noanʼanaviy qarorlar qabul qilishdan choʻchimasligimiz zarur”.

“Qoʻrqqanga qoʻsh koʻrinadi”, deydi dono xalqimiz. Davlatimiz rahbari ham Prezidentlik kursisiga oʻtirganlarida oldingi yoʻnalishni davom ettirishlari, hech bir oʻzgarishlarga qoʻl urmasliklari mumkin edi. Buning uchun u kishini birov ayblamasdi ham. Ammo Shavkat Mirziyoyev bunday yoʻl tutmadi. Tutolmadi. Toʻgʻri, qiyin edi, murakkab edi, juda ham ogʻir davrlarni, bosqichlarni, yoʻllarni bosib oʻtish talab qilinardi. Ana shunday mashaqqatli bir paytda dadil oldinga borishdan choʻchimagan Davlatimiz rahbari bundan keyin ham barchamizni bugungi siyosiy kursni davom ettirishga, oʻzimiz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni birgalikda qurishga chaqiryaptilar.

3

“Afsuski, mamlakatimizda tezlik bilan hal etish kerak boʻlgan oʻtkir muammolar boshqa sohalarda ham yigʻilib qolgan edi. Hammasi joyida, degan kayfiyat bilan ularni bilib – bilmaganga, koʻrib – koʻrmaganga olib, gʻaflat uyqusiga botib yuraverish ham mumkin edi. Lekin bu oʻzimizga, xalqimizga, kelajakka nisbatan xiyonat boʻlardi.

Ochiq aytmoqchiman: mening tabiatim bunday soxta hayotni mutlaqo qabul qilolmaydi. Xalqimiz menga ishonch bildirdi, ana shu yuksak ishonchni oqlash, el-yurtimizga munosib hayot sharoitini yaratib berish – men uchun hayotimning maʼno-mazmunidir. Men millionlab insonlarning taqdiri uchun masʼuliyatni zimmamga olgan ekanman, islohotlar borasida boshqacha yoʻl tutishim, hammasini avvalgidek qoldirishim aslo mumkin emas”.

Yuqorida aytib oʻtganimdek, avvalgi ishlarni davom ettiraverish bugungi oʻzgarishlarga qoʻl urishdan koʻra oson edi. Biroq Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga kirishar ekan, eng avvalo, oʻz vijdoniga quloq tutdi. Xalqqa, kelajakka nisbatan xiyonat qilishni istamadi. Garchi ogʻir va mashaqqatli boʻlsa-da, chinakam islohotlarni qilish, eng avvalo, odamlar hayotini yaxshilashga bel bogʻladi. Bugun biz oʻsha zahmatli yumushlarning mevasini koʻrib turibmiz. Oʻzbekiston bir qator jahon reytinglarida ham, shundoqqina bizning koʻzimiz oʻngida ham tobora yuksalib bormoqda.

Bularning barchasi aytishgagina oson xolos. Ammo oʻtgan besh yil mobaynida qanchadan-qancha mehnatlar, intilishlar, izlanishlar, oʻz shaxsiy halovatidan kechishlar evaziga bugungi marralarni egallaganimizni har birimiz juda chuqur anglaymiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning bugungi intervyusini oʻqib, shuni tushundimki, bularning hammasi “xamir uchidan patir”. Biz hali yoʻlning boshidamiz. Demak, mana shunday zalvorli mehnat, oldinga dadil intilish toʻxtamaydi, bilʼaks, oldingidan koʻra zabt bilan davom etaveradi.

Sherzodxon Qudratxoʻja,

OʻzJOKU rektori, professor,

Xalqaro Press klub NNT raisi.