Ana shunday zamburugʻlar sabab organizmda rivojlanadigan kasalliklar haqidagi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Ilhom Rahimov javob berdi.

— Kasallik chaqiruvchi zamburugʻlar inson organizmiga qanday oʻtadi?

— Zamburugʻlarning 100 000 dan ortiq turlari maʼlum boʻlib, ulardan 500 taga yaqini odam va hayvonlar uchun patogen hisoblanadi, yaʼni kasallik paydo qiladi. Zamburugʻli kasalliklar bemordan yoki kasal hayvondan odamga (asosan, bemor bilan bevosita muloqotda boʻlganda yoki uning zararlangan buyumlaridan foydalanganda) oʻtadi.

Ular tashqi muhitning turli omillariga chidamli, masalan, ochiq suv havzalari, oʻrin-koʻrpalar, kiyim-bosh, gilam hamda sochlarga tushganda bir necha yilgacha kasallik chaqirish qobiliyatini saqlab qoladi.

Atrof-muhit holati (ekologiya) buzilishi, turli xil dori vositalari (antibiotiklar, sitostatiklar, steroidli gormonlar) pala-partish, yuqori miqdorda yoki uzoq muddat qabul qilinishi yoki ogʻir kechuvchi yoʻldosh kasalliklar (oʻsma, qandli diabet va boshqalar) mavjudligi koʻpincha zamburugʻli kasalliklar kelib chiqishini tezlashtiradi.

Bunday omillar taʼsirida organizm immun tizimi faoliyati susayadi va zamburugʻlarning koʻpayishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

— Zamburugʻlar sababli rivojlanuvchi kasalliklarning qanday turlari bor?

— Zamburugʻlarning achitqisimon turi patogen hisoblanadi. Ular (kandida zamburugʻlari) tabiatda juda keng tarqalgan boʻlib, meva-sabzavot, sut mahsulotlari, shuningdek, odam, hayvon terisi hamda shilliq qavatlarda saprofit holatda yashaydi va faqat muayyan sharoitlarda kandidozlar deb ataluvchi oʻziga xos kasallikni keltirib chiqaradi. Meʼda-ichak xastaliklari, vitaminlar muvozanatining buzilishi, leykoz kasalligi, antibiotiklar bilan tartibsiz davolanish kandida zamburugʻlarining faoliyatini oshirib, kasallik vujudga kelishiga olib keladi.

Kasallikning klinik kechishiga qarab:

- shilliq qavat va teri kandidozi,

- kandidozli onixomikoz,

- paronixomikoz,

- surunkali generalizatsiyalashgan bolalar kandidozi alohida ajratiladi.

Bunda bemor tanasida toʻq qizil rangli, aniq chegaralangan, usti gardish bilan qoplangan dogʻlar paydo boʻladi. Barmoqlar orasidagi kandidozli eroziya asosan qandolatchilar, idish-tovoq yuvuvchilar va boshqalarda uchraydi.

Jarayon 3-, 4-barmoqlar orasida, toʻq qizil rangli, aniq chegaralangan va oʻrtasida seroz suyuklik boʻlgan eroziya borligi bilan ifodalanadi.

Ogʻiz shilliq qavati kandidozi esa tashqaridan kirib kelgan zamburugʻ hisobiga rivojlanishi mumkin.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.