Bolaning muloqotga bo'lgan ehtiyojini qondirishning asosiy usuli bu nutqdir. Buning uchun bolani bilim olishga bo'lgan intilishini, shuningdek, ongli ravishda bunga harakatlarini qo'llash va ona tilida gaplashish istagini rag'batlantirish zarur.Bunday sharoitda o'spirinlarning nutq madaniyatini umumta'lim maktabida va undan keyingi ta'limda shakllantirish vazifasi ayniqsa dolzarb bo'lib qolmoqda.
O'zbek madaniyatida oila bolaning shaxs bo'lib voyaga yetishishida muhim rol o'ynaydi. Oilaviy an'analar va urf-odatlar kelajak avlodning Vatanga muhabbat, o'z madaniyati va millatiga hurmat kabi fazilatlarini belgilab beradi. Bugungi kunda, axborotlashtirish va globallashuv davrida, ota-onalar va keksa avlod vakillari oldida yoshlarning ona tili – o`zbek tiliga bo`lgan munosabatlarini o`zgartirish vazifasi yanada keskinroq turibdi. Badiiy adabiyotni o'qishga bo`lgan muhabbatni oshirish, ba'zi tarixiy so'zlar va iboralarning ma'nosini tushuntirib berish, mamlakat, shahar, mahalla tarixini o'rgatib borish ham zarur.
Til me'yorlari filologlar tomonidan ixtiro qilinmagan, ular butun xalq adabiy tili rivojlanishining ma'lum bir bosqichini aks ettiradi. Til me'yorlari farmon bilan kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas; ularni ma'muriy usul bilan isloh qilish mumkin emas. Talaffuz normalariga va so'zlarni ishlatish qoidalariga beparvolik, jargon va vulgarizmlardan foydalanish, asossiz chet el so`zlarini ishlatish nutqni ifloslantiradi, adabiy tilni yo'q qiladi va bu oxir-oqibat, tilshunoslar aytganidek, millatning o'limiga olib keladi.
Mamlakatimizda nutq madaniyatining pasayish muammolari, jargon va xalq tilining tarqalish tendensiyasi dolzarbdir, bunga alohida e'tibor berilmoqda, chunki nutq madaniyati ijtimoiy ahamiyatga ega. Kommunikativ nutq madaniyatini shakllantirish muammosi turli yosh guruhlarida turlicha ifodalanadi va asosan o'spirin maktab o'quvchilariga taalluqlidir. Binobarin, barcha ta'lim muassasalari va ularda ishlayotgan o'qituvchilarning muhim vazifasi adabiy tilga asoslangan og'zaki muloqot madaniyatini shakllantirish va yuksaltirish uchun qulay sharoit yaratishdir.
Bugun o'zbek tilini takomillashtirish bo`yicha ulkan o'zgarishlar yuz bermoqda va asosiy muammolardan biri bu nutqimizda chet el so'zlaridan tobora ko'p foydalanish bo`lib qolmoqda. Jargon so`zlar madaniy nutqni siqib chiqarmoqda va ommaviy madaniyat tufayli butun xalq tilida iz qoldirmoqda. Ma'lum bir yoshdan boshlab ko'pchilik "ko'cha" tilidan faol foydalanadi, ammo vaqt o'tishi bilan ular adabiy tildan tez-tez foydalanishni boshlaydilar. Yoshlar jargonida so'z bilan “o'ynash”, hayotga alohida munosabatda bo'lishga, hamma to'g'ri, barqaror, zerikarli, odatiy narsalarni rad etishga asoslangan. Afsuski, ko'p holatlarda keksa avlod vakillari ham jargonga qaramlikni saqlab qolmoqda.
Nutqning zamonaviy shakli yoshlarning nutq madaniyati darajasiga alohida e'tibor berishni talab qiladi. Biroq so'nggi yillarda yoshlarning nutqi va umumiy madaniyati sezilarli darajada o'zgardi, axloqiy me'yorlar e'tiborsiz qoldirila boshlandi, bu esa jamiyatning tanazzulga uchrashiga olib kelishi mumkin. Shuni ta'kidlash kerakki, yoshlar orasida ona tilini bilish darajasi, adabiyotga qiziqish pasaymoqda. Zamonaviy yoshlar va katta avlodning aksariyat qismi kitob o'qishni Internetning ijtimoiy tarmoqlarida "onlayn" bilan almashtirib, kitob mutolaasiga juda oz vaqt ajratishmoqda.
Bugungi kun yoshlari Alisher Navoiy, Bobur, Nodirabegim, Abdulla Qodiriy, Zulfiya, G'аfur G'ulom va boshqa ko'plab buyuk shoir va yozuvchilarning tili - o'zbek adabiy tilidan ayrilish arafasida qoldi. Natijada, bugungi kunda mumtoz adabiy tilimiz qoidalariga beparvolik odatiy holga aylanib bormoqda. Bu holat ommaviy axborot vositalari va kinoindustriya sohasida ham namoyon bo`lmoqda. Ming afsuski, maktab bitiruvchilarining ozgina qismi yuqori darajadagi kommunikativ nutq madaniyatiga ega.
Xulosa o`rnida shuni aytish kerakki, ko'zlar qalbning ko'zgusi, nutq esa shaxsning ko'zgusi. Biz zamonaviy jamiyat, yoshlarni vatanparvarlik va millatimizga muhabbat ruhida tarbiyalashga befarq bo'lmasligimiz kerak. Ona tiliga muhabbatni kuchaytirish esa komil shaxsni tarbiyalashning yana bir muhim bosqichidir.
Rashid Matenov, Amina Fattaxova
TDYU O'zbek tili va adabiyoti kafedrasi o'qituvchilari