Shu maʼnoda, yurtimizda keyingi yillarda yosh avlodga yetarlicha bilim olishi va oʻzlari xohlagan kasbni oʻrganishi uchun katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.

Eng asosiysi, ushbu masala shaxsan davlatimiz rahbari eʼtibori va nazoratida turibdiki, uning samarasi oliy taʼ­lim tizimidagi islohotlarda ham yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bunga sohadagi oʻzga­rish va yangilanishlardan koʻplab misol­lar keltirishimiz mumkin. Aytaylik, shu paytgacha Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimi­da xususiy oʻquv yurtlari boʻladi deyishsa, nafaqat oddiy odamlar, balki sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ham ishonishi qiyin edi. Lekin vaqt oʻtib ana shu imkonsizdek tuyulgan ishlar roʻyobga chiqyapti. Minglab yigit­-qizlarning oliy taʼlimda oʻqish orzulari ushalmoqda. Oʻzlari istagan kasb egalari boʻlmoqda.

Yoshlarning orzu­-niyatlari ijobat boʻ­lishiga hissa qoʻshayotgan Toshkent amaliy fanlar universiteti ham taʼlimdagi islohotlar, eʼtibor va imkoniyat sama­rasidir.

Taraqqiyotning asosiy yoʻli

Oliy taʼlimdagi oʻzgarishlarni oʻquv dargohimiz misolida tahlil etishdan oldin bir jihatga alohida toʻxtalib oʻtishni joiz, deb hisoblayman. Shunda bildiradigan fikrlarimiz, mulohazalarimiz yanada oʻrinli boʻladi. Gap shun­daki, Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida joriy yilga nima uchun “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berilayotganini oddiy tilda izohladi: “...Albatta, kechagi qilgan ishimiz bilan bugungisining davomiyligi, bardavomligi boʻlishi kerak. Bardavom­lik nuqtayi nazardan yana va yana inson qadri degan gʻoya yillarga qoʻshilib da­vom etishi kerak... Insonga qachon eʼtibor boʻladi? Taʼlim, taʼlim, taʼlim va yana bir marta taʼlim. Men olti yil oldin shu masalalarga chuqur eʼtibor qi­lib, birinchi kundan beri taʼlimimiz haqida koʻp gapiraman. Agar taʼlim boʻl­sa, bilim boʻlsa, sifat oʻzgaradi. Taʼ­lim boʻlmasa, sifat oʻzgarmasa, eʼtibor ham oʻzgarmaydi”, dedi davlatimiz rah­bari.

Chindan ham, taʼlim boʻlmasa, biror natijaga erishish mumkinmi? Albatta, yoʻq. Zero, buyuk ishlar, olamshumul kash­ fiyotu ixtirolar, gʻoyayu tashabbuslar — barcha-­barchasi zamirida taʼlim, bilim, ilm yotadi. Axir xalqimiz “Aql koʻpga yet­kazar, hunar — koʻkka”, “Goʻzallik — ilmu maʼrifatda”, deya bekorga aytmagan.

Qayd etganimizdek, har bir mamlakatning taqdiri taʼlim tizimining sifatiga bogʻliq. Taʼlim kelajak poydevori boʻlsa, bilim beruvchilar uning tayanch ustunlaridir. Taʼlim bilimli va tajribali, jamiyatga toʻlaqonli shaxsni shakllantirib beradi. Bu shaxs kelgusida, albatta, davlat olib borayotgan islohotlarning faol ishtirokchisi, zamon bilan hamqadam va foydali mutaxassis boʻladi. Shu jihatdan olganda, Shavkat Mirziyoyev Prezidentlikka kirishgani­dan soʻng taʼlim va tarbiya borasida misli koʻrilmagan oʻzgarishlarga qoʻl urayotgani tahsinga sazovordir.

Yana Murojaatnomaga qaytamiz. Unda davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirish Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekanligini taʼkidlab, Yusuf Xos Hojibning “Zakovat bor joyda ulugʻlik boʻladi, bilim bor joyda buyuklik boʻladi”, degan fikrini misol sifatida keltirdi. Haq gap. Chun­ki har qanday yuksalish zamirida bilim va uning asosidagi saʼy­-harakatlar yotadi. Bugungi Yangi Oʻzbekistonda amal­ga oshirilayotgan ezgu ishlar biz maqsad qilayotgan Uchinchi Renessans uchun muhim va mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi. Ayni paytda yoshlarni ilm olishga, fan­-texnikaning eng soʻnggi yutuqlaridan boxabar boʻlib, dunyodagi tengdoshlari bilan nafaqat raqobat qilishi, balki ularga oʻrnak boʻlishi uchun barcha shart­sharoitlar yaratib berilayotganining boisi ham shunda, aslida.

Raqobatga mos faoliyat

Bugun Oʻzbekiston oliy taʼlim tizi­mida raqobat kuchli. Buni taʼminlash uchun mavjud oʻquv dargohlari oʻziga xos “bilim bozori”da oʻrnini mustahkamlash choralarini koʻryapti. Ular safiga xorijiy davlatlarning nufuzli universitetlari, xususiy oliy oʻquv yurtlari qoʻshilyapti. Shular qatorida universitetimizning ham borligi bizda katta faxr uygʻotish barobarida, masʼuliyat ham yuklaydi. Universitetimiz ikki yil oldin tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan yil­ning fevral oyidan 100 ga yaqin talaba bilan bitta binoda oʻquv jarayonlari boshlangan edi. Hozirgi kunda esa oʻquv binolarimiz soni beshtaga, talabalari­miz esa 8 mingtaga yetdi.

Universitetimizda 14 yoʻnalishda taʼlim beriladi. Ularning asosiysi pedogogika sohasi — maktabgacha taʼlim, boshlangʻich taʼlim hamda matematika va informatika yoʻnalishlari hisoblanadi.

Kompyuter injenering sohasida esa axborot xavfsizligi, multimedia, servis kabi yoʻnalishlar, ijtimoiy sohada tarix, oʻzbek tili va xorijiy tillar yoʻnalishi qamrab olingan boʻlsa, iqtisodiy sohada iqtisod va moliyaviy texnologiyalar, buxgalteriya va audit, bank ishi yoʻnalishlarida taʼlim beriladi. Oʻqishlar kunduzgi va sirtqi shakl­da oʻzbek tilida olib boriladi.

Universitetimizda yirik ish beruvchi kompaniyalar talablariga mos kadrlar tayyorlanadi. Bitiruvchilarimiz egallaydigan amaliy bilim va koʻnikmalar ularning xususiy sektorda ishlashi uchun ham, oʻz biznesini rivojlantirishi uchun ham kuchli qurol boʻladi.

Oʻquv dasturlari ish beruvchilar talab­ lariga javob beradi. Oʻqish ish beruvchi kompaniyalarning ish jarayonida amaliy ishtirok etishini ham oʻz ichiga oladi.

Har bir bitiruvchiga ish beruvchilar tomonidan talab mavjud. Zamonaviy raqobatbardosh bozor sharoitida ish be­ ruvchilarga amaliy bilim va tajribaga ega boʻlgan bitiruvchilar kerak. Shu sa­babli faoliyatimizda talabalar ora­sida kasbiy mahoratni rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Oʻquv binomizda ming nomdan ziyod kitoblarga ega kutubxona hamda hordiq chiqarish uchun qulay dizaynga ega kovor­king maydonchasi, kafe, IT laboratoriyalari va konferensiyalar zali mavjud.

Universitetimizda talabalarning akademik yutuqlarga erishishi bilangina cheklanib qolinmaydi. Talabalar kela­jakda ish bilan toʻliq taʼminlanishi, yuqori daromadli va natijada toʻlaqonli kasbiy koʻnikmalarga ega boʻlishlari lozim. Bunda ularga “Karyera markazi” qoʻl keladi.

Chet tilini oʻrganish bugungi kunda hayotiy zaruratga aylangan. Buning sababi koʻpchilik ish beruvchilar chet tili­ni biladigan kadrni yollaydi va ularga koʻproq pul toʻlashga tayyor. Shu bois, biz­ da qoʻshimcha tillarni oʻrganish boʻyicha tezlashtirilgan kurslarda tahsil olish yoʻlga qoʻyilgan.

Hamkorlik — rivojlanish poydevori

Toshkent amaliy fanlar universi­teti oliy taʼlimda ham, professional sohada ham xalqaro universitetlar va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalariga ega.

Universitetning Oʻzbekiston oliy taʼlim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari, jumladan, “QS World University Rankings” va “The Times Higher Education World University Rankings” rey­tinglarida kuchli 1000 talikka kirgan Grinvich universiteti, Markaziy Lankashir universiteti (Buyuk Britaniya) hamda boshqa yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlik oʻrnatilgan.

Shu bilan birga, qator universitet­lar bilan shartnomalar imzolangan. Masalan, yaqinda Estoniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakillari biz bilan aloqaga chiqib, Estoniya amaliy fanlar universiteti hamkorlik qi­lish niyatida ekanligini bildirdi.

Pirovardida, Estoniyaning Oʻzbekis­tondagi favqulodda va muxtor elchisi Tomas Tirs boshchiligidagi delegatsiya universitetimizga tashrif buyurib, Estoniya amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Bu orqali kelgusida ular bilan amaliy tajribalar almashiladi. Tala­ba va oʻqituvchilar almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Ularning tashrifi yurtimiz­da Navroʻz bayrami shukuhi kezib yurt­ gan bir paytga, xususan, uni jamoamiz bilan bayram qilayotgan kunlarga toʻgʻri keldi. Mehmonlar talabalarimiz tay­yorlagan chiqishlar orqali hududlarimiz urf­odatlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Xulosa oʻrnida aytganda, bugungi kunda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi erishilayotgan natijalarda yaqqol koʻzga tashlanmoqda. 2022—­2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida yurtimizda nodav­lat oliy taʼlim tashkilotlari sonini bundan­-da koʻpaytirish rejalashtirilga­nini inobatga olsak, yoshlarning bilim va kasbga ega boʻlish imkoniyatlari yanada ortib boraveradi. Jamiyatimiz, iqtisodiyotimizning mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji taʼminlanishida jamoamizning ham oʻrni borligi bizni yanada faol va zamonga mos faoliyat yuritishga undaydi.

Abdusalom UMAROV,

Toshkent amaliy fanlar universiteti rektori,

texnika fanlari doktori, professor