Prezidentimiz joriy yil 3-aprel kuni ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish chora–tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda isitish tizimini isloh qilish, kam yoqilgʻi sarflagan holda meʼyor talablariga mos boʻlgan sifatli issiqlik ishlab chiqarishni koʻpaytirishda xususiy sektorlar ulushini koʻpaytirish, bu orqali ijtimoiy soha obyektlari isitish tizimini bosqichma-bosqich yangilab borish, sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etish, yangi tajriba, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, koʻmir ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirish singari dolzarb masalalar yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi.
Darhaqiqat, oʻtgan qish mavsumida yuzaga kelgan anomal sovuq tabiiy gaz, elektr energiya, koʻmir taʼminoti, issiqlik qozonxonalari bilan bogʻliq koʻplab muammo va kamchiliklar borligini yuzaga chiqardi. Bu, masʼullardan quz-qish mavsumiga har qachongidan koʻra erta va puxta tayyorgarlik koʻrish zarurligini taqazo qilmoqda.
Fargʻona viloyatida 2 ming 309 ta ijtimoiy soha obyekti issiqlik taʼminoti tizimlarini xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimiga oʻtkazish borasida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, davlat xususiy sherikchilik asosida ish olib borish istagida boʻlgan tadbirkorlik subyektlari bilan ishlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, issiqlik tizimlarini xatlovdan oʻtkazish natijasida aniqlangan muammoli holatlar boʻyicha mavjud qozonxonalarni taʼmirlash, modernizatsiya qilish, yangisiga almashtirish, tarmoqlarni sozlash, elektr bilan taʼminlash uchun 354 milliard soʻm mablagʻ talab etiladi.
Bugungi kunda 1 ming 836 ta ijtimoiy soha obyekti koʻmir yoqilgʻisida, 459 tasi tabiiy gaz va 14 ta muassasa markazlashgan issiqlik bilan taʼminlangan. Oʻtgan mavsumda bu tarmoqlar uchun umumiy qiymati 16,1 milliard soʻmlik 24,4 million kub metr tabiiy gaz sarflandi, 77,7 ming tonna mahalliy koʻmir yetkazib berildi.
Joriy yilda amaliy ishlar salmogʻini yanada oshirish choralari koʻrilmoqda. Xususan, 2023-2024-yil kuz-qish mavsumi uchun 39,5 milliard soʻm byudjet mablagʻlari hisobiga 94,4 ming tonna koʻmir yetkazib berish rejalashtirilgan.
Keyingi yillarda soha rivoji yoʻlida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga boʻlgan eʼtibor oshdi. Avvallari mavjud isitish tizimlari 2-3 yilda yaroqsiz boʻlib, belgilangan meʼyorlarda issiqlik bera olmasdi. Soʻnggi besh yilda bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida 2 ming 261 ta isitish qozonini tejamkor va samarali ishlash tizimiga oʻtkazish uchun 27,1 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Albatta, tizim faoliyatini yanada yaxshilash, sifatini oshirish borasida qilishimiz kerak boʻlgan ishlar hali koʻp va bu borada katta loyihalar ishlab chiqilyapti.
Prezidentimiz mazkur yigʻilishda xorijlik investorlar ishtirokida energiyatejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, isteʼmolchilarga sifatli issiqlik yetkazib berish boʻyicha topshiriqlar bergandi.
Ayni kunda polshalik hamkorlar bilan yangi rusumda “Alter“ qozonlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Mahsulotlar iqtisodiy tejamkor, uzoq muddat ishlash xususiyatlari bilan ajralib turadi. Yangi mahsulot oʻtgan qish mavsumida oʻz samarasini koʻrsatdi. Yoqilayotgan koʻmir sarfi uch hissaga kamaydi, isitish darajasi avvalgilarga qaraganda 2,5 barobarga oshdi. Bu yiliga 20 milliard soʻmdan ortiq byudjet mablagʻlarini iqtisod qilish imkoniyatini beradi. Yana bir jihati, koʻmirni chiqindiga chiqarmaydi, havoga zararli tashlamalar koʻtarilishini keskin kamaytiradi.
Yozyovon tumani markaziy shifoxonasidagi eski rusumli isitish qozoni kuniga 1 ming 600 kilogramm koʻmir yoqilgʻisi sarflagan. Bu yerda tejamkor “Alter” qozonlari oʻrnatilgach, kunlik koʻmir sarfi 500 kilogrammni tashkil qildi. Demak, bir kunda 1 ming 100 kilogramm koʻmirni iqtisod qilish imkoni yaratildi. Bu miqdor butun kuz-qish mavsumiga bogʻlab hisob-kitob qilinsa, umumiy hisobda 121 tonna koʻmir yoki 50,5 million soʻm mablagʻ tejab qolindi, degani.
Bugungi kunda bu tajribani viloyatimizdagi barcha isitish tizimlarida ommalashtirish, ularni zamonaviy energotejamkor, issiqlik meʼyori yuqori boʻlgan avtomatlashtirilgan qozonlarda ishlash tizimiga oʻtkazish bilan bogʻliq amaliy ishlar olib borilyapti. Joriy yil 1-iyuniga qadar barcha ijtimoiy soha obyektlari yangi tizim asosida ishlashga oʻtkaziladi.
Shuningdek, bu yoʻnalishlarga davlat xususiy sherikchilik asosida ishlash istagini bildirgan 62 nafar tadbirkordan kelib tushgan takliflar qoʻllab-quvvatlanib, ularga huquqiy va moliyaviy yordam koʻrsatilmoqda. Hozirda Fargʻona, Qoʻqon, Margʻilon shaharlari, Furqat va Yozyovon tumanlaridagi ijtimoiy soha obyektlari isitish tarmoqlari tajriba tariqasida davlat xususiy sherikchilik asosida ishlash uchun tayyor holatga keltirildi.
Shu bilan birga, joriy yilda viloyat aholisi va ijtimoiy soha obyektlarining koʻmirga boʻlgan 1133,8 ming tonna talabini qondirish, Vodil qishlogʻida yangi koʻmir konini oʻzlashtirish boʻyicha zaruriy choralar koʻrilmoqda. Asosiy maqsad, kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari va barcha ijtimoiy soha muassasalarini sifatli issiqlik bilan taʼminlash.
Hojiqoʻzijon ISAQOV,
Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari