Majmuaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda korxona ishchi-xodimlari, fermerlar, keng jamoatchilik vakillari, Turkiya, Shveysariya, Rossiya davlatlaridan mehmonlar ishtirok etdi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov soʻzga chiqib, Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida klasterlarning oʻrni muhim ekanligini taʼkidlab, bu boradagi ishlar dastlabki samaralarini berayotganligini aytib oʻtdi. Xususan, mazkur paxtachilik-toʻqimachilik klasteri innovatsion texnologiya va ishlanmalarni tatbiq etib, minglab yangi ish oʻrinlarini yaratayotganligi eʼtirof etildi. Korxonaning bir guruh ishchi-xodimlari viloyat hokimligining sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Jamiyat tarkibidagi paxtachilik-toʻqimachilik klasteri joriy yilda Qoʻshtepa va Uchkoʻprik tumanlaridagi fermer xoʻjaliklari bilan paxta yetishtirish boʻyicha shartnomalar tuzgan. 2019-yilda klaster korxonasi Qoʻshtepa tumanida ish boshlab, fermerlarning joniga oro kirdi. Yerlarni ekinga tayyorlash, melioratsiya kabi tadbirlarning sifatiga alohida eʼtibor qaratildi. Urugʻ, yonilgʻi, oʻgʻit kabi masalalarda fermerlarda umuman muammo boʻlmadi. Shu yili tuman fermerlari viloyatimizda birinchilardan boʻlib, paxta tayyorlashni ortigʻi bilan uddalashdi.

Oʻtgan yili ham samaradorlik yuqori boʻldi, 18 ming tonnadan ortiq paxta yetishtirildi. Ikki yil davomida 60 million dollarlik investitsiyalar jalb etildi, tumanda yangi paxta tozalash zavodi ishga tushirildi. Fargʻona shahrida barpo etilgan toʻqimachilik majmuasi esa yirik loyihalardan biridir. 80 million dollarlik investitsiya kiritilib, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Turkiya, Shveysariya davlatlarning uskuna va jihozlari oʻrnatildi.

— Korxonamiz tomonidan xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini yaratish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan, — deydi “Fergana Global textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Moʻminjon Razoqov. — Oʻtgan yilda kalava ip ishlab chiqarish sexi tashkil etilgan. Yangi ochilgan majmuada esa mato toʻqish va boʻyash sexlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 1 ming 500 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bu yerda 18 ming tonna kalava ip hamda 4 ming tonna boʻyalgan mato ishlab chiqarish imkoni mavjud. Yil oxiriga qadar tikuvchilik sexi barpo etiladi. Bir yilda korxonamizda oʻrtacha 560 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda hamda 40 million yevrolik eksport amalga oshirilmoqda.

Rasuljon KAMOLOV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri