Ana shunday vaziyatda Oʻzbekistonda epidemiologik holatning barqarorlashuvi, albatta, ijobiy natija. Ammo bu xotirjamlikka berilish uchun asos boʻlolmaydi.

Toshkent viloyatidagi Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi mutasaddilari ham ayni shu fikrda. Muassasa direktori Anvar Husanovning taʼkidlashicha, hozirgi kunda poytaxtimiz va Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar faqat Zangiota 1-son va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qabul qilinyapti.

— Markazimiz 2 ming oʻringa moʻljallangan, — deydi A. Husanov. — Hozir bu yerda 1 ming 600 nafar bemor muolaja olyapti. Ularning 26 foizi oltmish yoshdan oshgan fuqarolar boʻlsa, 160 nafarga yaqini bolalardan iborat.

Jami bemorlarning 77 foizi oʻrta ogʻir, 20 foizi ogʻir, 3 foizi esa oʻta ogʻir holatda. Ayni paytda 153 nafar bemor jonlantirish boʻlimida davolanyapti. Kuniga oʻrta hisobda 100-150 nafar bemorni qabul qilib, ularni 7-10 kun davomida salomatligini tiklash choralarini koʻryapmiz.

Markaz shifokorlarining qayd etishicha, kasallanish koʻrsatkichlarini bundan ham pasaytirish mumkin. Buning eng samarali va oqilona yoʻli — oʻz vaqtida emlanish! Qolaversa, koʻcha-koʻyda, jamoat joylarida fuqarolarning karantin qoidalariga yetarli darajada eʼtibor qaratmayotgani ham epidemiologik vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Statistik koʻrsatkichlardan ham ayonki, ogʻir va oʻta ogʻir holatdagi bemorlarning katta qismi keksa yoshdagi insonlar. Ularda kasallik asoratlari ogʻir kechishi va tuzalish muddati uzayib ketishi kuzatilmoqda. Bunday bemorlar bilan suhbatlashganimizda, ular vaksina olishni paysalga solib kelganidan afsusda ekanliklarini aytishdi.

Ikkinchi salbiy holat shuki, SOVID-19ni yuqtirib olayotganlar orasida bolalar soni ham ortib borayotir. Misol uchun, ayni kunda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga oʻrtacha 25 nafar oʻgʻil-qiz yotqizilyapti. Chunki yurtimizda keng tarqalgan delta shtammi bolalarni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq.

— Yevropa davlatlari ilgʻor tajribalirdan kelib chiqib Oʻzbekistonda ham 12 yoshgacha boʻlgan bolalarni emlashga kirishilgan, — deydi A. Husanov suhbat davomida. — Shu kungacha 117 ming nafardan ziyod farzandlarimiz vaksina olib ulgurdi. Ularning hech birida nojoʻya taʼsirlar kuzatilgani yoʻq. Shunday ekan, bu amaliyotni yanada ommallashtirish barchamiz uchun foydali. Chunki bolajonlarimiz nafaqat bemor, balki virus tashuvchi boʻlib qolishlari mumkinligini ham yoddan chiqarmasligimiz zarur.