Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimi o'rinbosari Baxtiyor Mamadaliev joriy yilning 14 may kuni ZOOM dasturi orqali tumandagi jami 44 ta umumta'lim maktabi direktorlariga onlayn tarzda yig'ilish o'tkazib, umumta'lim maktab mikrohududidagi mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi kam ta'minlangan aholini xatlovdan o'tkazish, hisobotlarni hokimiyatga topshirish to'g'risida ko'rsatma bergan.

Uning mazkur ko'rsatmasiga asosan umumta'lim maktab direktorlari pedagog xodimlar bilan bir hafta mobaynida aholini xonadonma-xonadon yurib xatlovdan o'tkazib, kam ta'minlangan oilalarning ro'yxatini shakllantirib hokimiyatga taqdim etgan.

  SHuningdek, B.Mamadaliev tuman xalq ta'limi bo'limi mudirini majburlab, tumandagi barcha maktab direktorlari va 80 nafardan ortiq o'qituvchilarni o'sgan o'tlarni tozalash va erni chopiq qilish, yumshatish ko'rinishidagi majburiy mehnatga jalb qilgan.

  Baxtiyor Mamadaliev tomonidan O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 146-sonli qarorlari talablari buzilganligi holati aniqlandi.

  Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspektsiyasi mazkur holatlarni qonuniy o'rganib chiqib, hokim o'rinbosariga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 15,6 million so'm jarima jazosi qo'llagan.