Oʻtgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Prezident vakili etib belgilandi.

Yigʻilishda qayd etilgandek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federatsiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga litsenziya olish boʻyicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori boʻlishi mumkin edi.

Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Tumanida 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashdi. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan birgalikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni, fitness klubi tashkil qilindi.

Infratuzilma yaxshilangani uchun Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Yoki Qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor oʻz hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard soʻmlik sport inshootlari qurib berdi.

Qolgan tumanlarda aholining ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, hokimlarning musobaqalar oʻtkazish va umuman sportga befarqligi tanqid qilindi. Zarbdor tajribasini oʻrganish va barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Maktablarda sport turi boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish va murabbiylarni mahallalarga jalb qilish ishlarining ahvoli tahlil qilindi.

Masalan, Toshkent shahrining 15 ta maktabida toʻgaraklar “nomiga” tashkil qilingani uchun 3-4 nafar bola qatnayotgani koʻrsatib oʻtildi. Yoki oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo, Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni bajara olmagan.
Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun sharoit yaratish, toʻgaraklarga qamrovni oshirish vazifasi qoʻyildi.

Sport maktablari mahallama-mahalla yurib, iqtidorli yoshlarni topish oʻrniga haligacha oʻzi kelgan tayyor sportchi bilan ishlayotgani qayd etildi. Masalan, sport bazalari boʻyicha poytaxtdan keyin turadigan Samarqandda 100 ming yoshni professional shugʻullantirsa boʻladi. Amalda bu 3 karra kam. Navoiy, Surxondaryo viloyatlari ham bor quvvatini yarmidan foydalanmoqda, xolos.