Jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganiga guvoh boʻlamiz.  Mana shu muassasalarda olib borilayotgan taʼlim sifati millat taraqqiyotini belgilaydi.

Biz bugun Yangi Oʻzbekistonni qurishda XX asr — Milliy uygʻonish davri maʼrifatparvarlari yoʻlidan borishimiz, ular ilgari surgan gʻoyalarga tayanishimiz lozim. Jadid maʼrifatparvari oʻz davrida “islohi makotib, islohi madoris, islohi idorai ruhoniya, islohi axloq, islohi hukumat zaruriyati aql, naql, sharʼ va zamon muqtazosi”   ekanini chuqur anglab butun harakatlarini shunga yoʻnaltirganlar. Xususan, Abdulla Avloniy maktab va madrasa, usuli taʼlim va tadris islohiga katta kuch sarflab “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot,  yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir” degan qarashda sobit boʻlganlar.

Jadidlar saʼy-harakati bilan gʻaflat uyqusidagi Turkiston uzra zamonaviy ilm-fan, taʼlim, madaniyat epkinlari esa boshlagan. Tan olish kerakki, jadid maʼrifatparvarlari kichik bir muddatda ulkan ishlarni amalga oshirgan. Buni birgina Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon Choʻlpon, Abdurauf Fitrat Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy hayoti misolida koʻrish mumkin.  XX asr boshida ularning saʼy-harakati bilan ochilgan maktablar, yaratilgan darslik, xrestomatiya, adabiyotlar, nashr etilgan gazeta va jurnallar, sahnalashtirilgan dramalar — barchasi zamirida bir maqsad yotardi: Turkiston xalqini uygʻotish, axloq kasalliklariga chora topish, ilm-maʼrifat ziyosi bilan ongu shuurni nurlantirish.

 Chunki jahonni lol etgan Sharq tafakkuri bu davrda mudragan, anʼanalar mohiyati unutilib millat shakliy hodisalar, mahdudlik girdobiga tobora botib borayotgan edi. Yana bir tarafdan oʻzgacha dunyoqarash eʼtiqod va iymonga zid odatlar sekin kirib kelayotgan edi.  Jadidlar Vatan va millat oldidagi burchni oʻz hayotidan ham ustun qoʻyishdi. Ular millat ertasi uchun oʻlimga-da tik boqishdi.

Bugun yangi asr bizdan shu kabi fidoyilikni talab etmoqda. Negaki, jadidlar davridagi turgʻunlik bugun ham boshqa shaklda yashamoqda. Hozir koʻp farzandlarimiz oltin davrini smartfon, kompyuterdagi turli koʻngilochar oʻyinlar, yuzaki maʼlumotlar, oldi-qochdi safsata va yolgʻon xabarlarga sarf etayotganini koʻrib turibmiz.

Tarix charxpalagi goʻyo qayta aylanayotgandek. XX asr boshlarida millat fidoyilari fikrini band etgan masala yana oldimizda koʻndalang turibdi. Bugun chuqur ilm olishning imkoni keng, “bir emas toʻrt til” bilish mumkin boʻlgan davrda aksar yoshlarimizning dunyoqarashi haminqadar ekani, ularning ashyoning faqat yuzasini koʻradigan, shundan qoniqib orzu-umidlarini ham moddiy qiymat bilan oʻlchashi yurakka xavotir solmoqda.

Bu hol taʼlimning barcha bosqichlarida isloh oʻrnatish zaruriyati mavjudligini koʻrsatadi. Shu bois ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekanini alohida taʼkidlab oʻtdi. Biz Yurtboshimizning “Qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganish” va ularning “Najot – taʼlimda, najot – tarbiyada, najot – bilimda” degan fikrlarini hayotiy dastur oʻlaroq qoʻllash haqidagi daʼvatiga toʻla rioya etsak, ishonamizki, katta yutuqlarga erishamiz. Aks holda texnikaga maqsadsiz qaramligi tobora oshib, ongu shuur ila unga bogʻlanib  qolayotgan farzandlarimiz taqdiriga jadidlar kabi kuyinmasak, farzandlarimizni —kelajagimizni boy beramiz.

Shu maʼnoda maʼrifatparvar jadidlar haqida olib borilgan tadqiqotlarni oʻrganish, jadidlarning oʻz asarlarini oʻqitishni tizimli yoʻlga qoʻyish kerak. Har qanday sayozlik, qogʻozbozlikka yoʻl qoʻymay, haqiqatda oʻqib-oʻrganish va jamiyatga tatbiq etish uchun jadidlar faoliyatiga doir oʻrta va oliy taʼlimda maxsus fan kiritilishi, jadidlar gʻoyasidan oziqlanib yangi qarashlarni hayotga tatbiq etuvchi yoniq qalbli yoshlardan iborat toʻgaraklar tashkil etish  maqsadga muvofiqdir.   

Maktabni oʻzgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Taʼlim va tarbiyaning poydevori — maktab. Uni haqiqiy ziyo maskaniga aylapntiradigan esa, albbatta oʻqituvchilar. Soʻnggi yillarda yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilib, soha kishilari har tomonlama eʼzozlanmoqda.  

Umid shuki, millat maʼnaviyati, taraqqiyoti uchun  umrini tikkan, ezgulik, maʼrifat yoʻlida jonini qurbon etgan vatanparvarlarimizning maslagi, jiddu jahdi global sharoitda oʻz maqsadi, intilishlarini aniq belgilay olmayotgan bugungi yoshlarimiz qalbida aks-sado bersin!

Xalqimizda “Zehn qoʻysang bilimga, ilm tomar dilingga” degan maqol bor. Kelajak avlodning qalbi ilm nuri bilan toʻlishi uchun amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, albatta, kelajakda oʻz mevasini beradi.

Nasiba BOZOROVA,

filologiya fanlari nomzodi,

TDYUU Oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi dotsenti