Zilzilalarni monitoring qilish va kompleks prognostik kuzatuvlar olib borish ishlari yanada takomillashtiriladi

    Ilm-fanni moliyalashtirish va innovasiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan Seysmoprognostik monitoring Respublika markazining ilmiy uskunalari uchun 500 000 AQSH dollari miqdorida mablag' ajratildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazida «Zilzilalarni monitoring qilish va kompleks prognostik kuzatuvlar olib borish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar» mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

    Tadbir ishtirokchilariga Markaz ish faoliyati, moddiy-texnik bazasining takomillashtirilgani va hozirgi kunda zilzilalarni monitoring qilish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

    Favqulodda vaziyatlar vazirligi respublika va transchegaraviy hududlarda, shuningdek tabiiy va texnogen xavfli hududlarda hamda muhim obyektlarda seysmik xavfni monitoring qilish uchun javobgar tashkilot.

    Qayd etish joizki, soʻngi 3 yil mobaynida Markazning moddiy texnik-bazasi zamonaviy turdagi ilmiy asbob-uskunalar bilan toʻliq jihozlandi. Mazkur ilmiy asbob-uskunalarning xaridi uchun Innovatsion rivojlanish vazirligining Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan 500.000 AQSH dollariga yaqin mablagʻlar ajratilib, moliyalashtirildi.

    Markazga SME-3311 markali seysmometrlar (20 ta), skvajinalar uchun SME-4311 VN150 markali seysmometrlar (3 ta), GSM-19T proton magnitometrlar (15 ta), ARK-1120LX markali sanoat kompyuterlar (25 ta), akkumulyator (30 ta), UPS-500L IBP (50 ta), Xromatograf Kristallyuks-4000M (8 ta) va «Registrator seysmicheskix signalov Baykal-8» kabi zamonaviy turdagi ilmiy asbob-uskunalar xarid qilindi hamda stansiyalarga oʻrnatildi.

    Markazning “Tezkor xabarlar xizmati” tomonidan Oʻzbekiston va unga chegaradosh hududlarda sodir boʻlgan sezilarli zilzilalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni 7 daqiqagacha aholiga Markazning rasmiy veb-sayti, telegram ijtimoiy tarmogʻi hamda mobil ilova orqali yetkazilishi taʼminlanmoqda. Seysmik stansiyalarning 95 foizi internet tarmogʻiga ulangan boʻlib, zamonaviy ilmiy asbob-uskunalardan seysmik maʼlumotlar onlayn tarzda real vaqt rejimida olinadi va zudlik bilan sodir boʻlgan zilzilaning epitsentri, uning magnitudasi, chuqurligi va koordinatalari aniqlanadi. Tegishli davlat organlari hamda aholiga oʻz vaqtida xabar beriladi.

    Markazda zilzila darakchilarini aniqlash, ularni prognoz qilish boʻyicha “Markaziy laboratoriya” mavjud boʻlib, laboratoriyadagi zamonaviy Xromatograf Kristallyuks-4000M uskunasida yerosti suvlarining tarkibidagi gaz, kimyoviy oʻzgarishlar oʻrganib boriladi va tahlillar asosida zilzila darakchilari aniqlanib, prognoz maʼlumotlari tayyorlanadi.