Tadqiqot mamlakatning barcha hududlaridan 867 nafar zoʻravonlikka uchragan ayollarni qamrab olgan boʻlib, zoʻravonlik shakllari, uning ruhiy oqibatlari, yordam izlash jarayoni va mavjud himoya mexanizmlarining samaradorligiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Natijalarga koʻra, ayollarga nisbatan zoʻravonlik koʻpincha yillar davomida takrorlanuvchi va koʻp qirrali muammo ekani aniqlangan. Xususan, ayollarning 69 foizi himoya orderi olishdan oldin uzoq vaqt zoʻravonlikka chidab kelgan, 70 foizdan ortigʻi esa muntazam ravishda zoʻravonlikka uchraganini bildirgan. Shuningdek, 22,9 foiz ayol hayotiga tahdid boʻlgan holatlar — pichoq oʻqtalishi yoki oʻldirishga urinish sodir boʻlganini qayd etgan. Qariyb 20 foiz ayol esa muntazam jinsiy majburlanishni boshdan kechirgan.
Zoʻravonlikning ruhiy salomatlikka taʼsiri ham juda ogʻir ekani taʼkidlandi. Ayollarning deyarli toʻrtdan uch qismi soʻnggi oyda kuchli stress, asabiylashish yoki tushkunlik holatlarini boshdan kechirgan. Har beshinchi ayol esa hatto oʻz joniga qasd qilish haqida oʻylaganini maʼlum qilgan.
Tadqiqotda bolalar masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ayollarning 63 foizi farzandlari kamida bir marta zoʻravonlik holatlariga guvoh boʻlganini bildirgan. Ayrim holatlarda bu deyarli har kuni takrorlangani qayd etilgan. Bu esa zoʻravonlik bir vaqtning oʻzida ikki avlodga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini koʻrsatadi.
Iqtisodiy mustaqillik masalasi ham hal etilmagan muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Tadqiqotga koʻra, ayollarning toʻrtdan bir qismi daromad manbaiga ega emas, har uchinchi ayol esa oʻz daromadidan mustaqil foydalanmaydi. Bu holat ularning zoʻravon munosabatlardan chiqib ketish imkoniyatlarini cheklaydi.
Shu bilan birga, Oʻzbekistondagi himoya tizimi — himoya orderlari, birlamchi tibbiy yordam xonalari va reabilitatsiya markazlari ayollar tomonidan ijobiy baholangan. Himoya orderi olgan ayollarning aksariyatida zoʻravonlik toʻxtagan yoki kamaygan. Reabilitatsiya markazlari esa xavfsizlik, psixologik va huquqiy yordam olish imkonini bergan. Ayrim ayollar reabilitatsiya orqali zoʻravonga qaytmaslikka qaror qilganini bildirgan.
Hisobotda ijtimoiy meʼyorlardagi ziddiyatlarga ham eʼtibor qaratilgan. Ayollar tenglikka intilayotganiga qaramasdan, oilada erkak ustunligini oqlovchi qarashlar saqlanib qolmoqda. Jumladan, zoʻravonlikka uchragan ayollarning 27 foizi bunday holatlarda ayollarning oʻzi aybdor, deb hisoblashini bildirgan.
Mualliflar kelgusida zoʻravonlikni erta aniqlash, ayollarning iqtisodiy mustaqilligini oshirish va zararli ijtimoiy meʼyorlarni oʻzgartirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni kuchaytirishni tavsiya etmoqda.








