Kuni kecha “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi rahbariyati va Turkiyaning “DAIICHI Electronic” kompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Doruk Kara boshchiligidagi delegatsiya oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda tomonlar hamkorlikda yurtimizda avtomobillar uchun magnitofon va boshqa multimedia butlovchi qismlarini ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, uchrashuvda yurtimiz elektrotexnika sanoati va “DAIICHI Electronic” kompaniyasi faoliyati haqida taqdimotlar oʻtkazildi.
Taʼkidlanganidek, bosh ofisi Turkiyaning Istanbul shahrida joylashgan “DAIICHI Electronic” kompaniyasi dunyo avtomobilsozlik sanoatiga elektronika tizimlari yetkazib beruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi.
Tadbirda mamlakatimizda rivojlanib borayotgan avtomobilsozlik sanoati uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish istiqbolli loyihalardan biri ekani taʼkidlandi.
“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmatiga koʻra, uchrashuv yakunida tomonlar respublikamizda “DAIICHI” brendi ostida avtomobillar uchun audio-radio qurilmalarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha oʻrganishlarni davom ettirishga kelishib oldi.