Ayni paytda korxonada 78 ta sharli tegirmon yordamida sutkasiga 150 ming tonnagacha maʼdan qayta ishlanmoqda.

Soʻnggi toʻrt yil mobaynida oltin ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga qaratilgan investitsion loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 2-GMZning maydalash sexida toʻqqizta sharli tegirmondan iborat beshta yangi blok ishga tushirildi.

Bu tarkibida oltin boʻlgan maʼdanni qayta ishlash hajmini 13,5 mln. tonnaga yoki 2020-yilga nisbatan 20 foizga oshirish imkonini berdi.2-gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisi Sardor Polvonov taʼkidlaganidek:

Ushbu sharli tegirmonlar va ularga ishlatilgan jihozlar, texnologik uskunalar kombinat mutaxassislari tomonidan mahalliylashtirilib, Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlandi. Misol uchun, ogʻirligi 706 tonna va hajmi 134 kubometr boʻlgan sharli tegirmonda soatiga 120 tonna maʼdan qayta ishlanmoqda. Ayni kunlarda maydalash sexiga yanada yirik hajmli boʻlgan sharli tegirmonni oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Bu tegirmon ishga tushirilishi kelgusida maʼdanni qayta ishlash hajmini yiliga 1,8 mln. tonnaga oshirish yoki zavodning yillik quvvatini 55,6 mln. tonnaga yetkazish imkonini beradi.

Taʼkidlash kerakki, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida joriy yilda 105 mln. tonna maʼdan qayta ishlash prognoz qilingan boʻlsa, uning teng yarimidan ortigʻi, yaʼni, 53,8 mln. tonna 2-GMZ ulushiga toʻgʻri keladi.

Uch ming nafardan ortiq ishchi-xodim faoliyat olib borayotgan zavodning ishlab chiqarish jarayonlari toʻliq raqamlashtirilgan. Bu ishlab chiqarishni muntazam kuzatib borish, tejamkorlikka erishish, ish surʼatini yanada oshirishni taʼminlamoqda.

“NKMK” AJ Matbuot xizmati.