Hokim oʻz xatida Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlarida Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid ravishda oʻrnatilgan kameralarni KAAT tizimidan oʻchirish hamda ular tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarga jarimalar qoʻllash ishlarini toʻxtatish soʻralgandi.

Ushbu xatga Namangan viloyati YHXB boshligʻi podpolkovnik M.Gaziyev javob qaytardi.

Xatda qayd etilishicha, qurilmalar qoidabuzar haydovchilarga nisbatan chora koʻrish hamda yoʻllarda tartibli harakatni taʼminlash orqali inson xavfsizligini ishonchli himoya qilish va oʻlim holatlarini keskin kamaytirishga xizmat qilgan.

«Masalan, Namangan shahri, Davlatobod hamda Yangi Namangan tumanlari hududidagi qurilmalar aynan yoʻl-transport hodisalari oʻchoqlari hisoblangan joylarga oʻrnatilgan boʻlib, bu yoʻnalishlarda 2024-yilda piyodalar bilan bogʻliq 156 ta YTH sodir etilgan. Shundan 13 tasi oʻlim bilan, 143 tasi esa tan jarohat bilan yakunlangan. Ogʻir oqibatlarga olib kelgan YTHlarning 70 foizi haydovchilarning tezlikni meʼyoridan oshirganliklari oqibatida yuzaga kelgan. Joriy yilda esa tezlikni qayd qilish qurilmalari nazorati sababli mazkur yoʻnalishlarda oʻlim bilan yakunlangan YTHlar sodir etilmadi», deyiladi boshqarma javob xatida.

Shuningdek, Viloyat YHXB boshligʻining javob xatida hokimlik xizmat mashinalari koʻplab (47 marotaba) qoidabuzarlik sodir etayotgani bildirilgan.

Shuningdek, viloyat YHXB Namangan shahar hokimligi tasarrufidagi 50 020 DAV davlat raqam belgili Captiva mashinasi 2024-yil va joriy yilda jami 47 ta qoidabuzarlik sodir etganini, 11 ta holatda 8 mln 170 ming soʻm soʻm muddati oʻtgan toʻlanmagan jarimalar borligini maʼlum qilgan.

«Hokimlikning boshqa transport vositalari tomonidan (50 023 DAV, 50 024 DAV, 50 025 DAV, 50 028 DAV) jami 41 ta qoidabuzarlik boʻyicha 18 mln 750 ming soʻm, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi (50 074 DAV, 50 075 DAV, 50 016 DAV, 50 017 DAV, 50 019 DAV va 50 022 DAV) transport vositalari tomonidan jami 46 ta qoidabuzarlik boʻyicha 16 mln 307 000 soʻm miqdorda muddati oʻtgan toʻlanmagan jarimalar mavjud ekani aniqlandi», deyiladi Mansur Gaziyevning javob xatida.

Viloyat YHXB boshligʻi hokimdan Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlari hokimliklari tasarrufidagi mashinalar tomonidan sodir etilayotgan surunkali qoidabuzarliklarni tanqidiy muhokama qilishini hamda muddati oʻtgan jarimalarni undirishda amaliy yordam koʻrsatishni soʻragan.