Olimpiya shaharchasi – mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi

    Siyosat 18 Avgust 2025 1830

    Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 18-noyabrda Olimpiya shaharchasi qurilishi bilan tanishuv chogʻida aytgan edi.

    Bu yerda mashgʻulotlar bilan birga sport taʼlimi, ilmi, tibbiyoti mujassam boʻlishi zarur. Yaʼni, bu joy mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻladi, degan edi davlatimiz rahbari.

    Shunga muvofiq, shaharchada Sport vazirligi, Antidoping agentligi, Davlat sport akademiyasi, Jismoniy tarbiya ilmiy-tadqiqotlar instituti, Sport turlarini rivojlantirish markazi ham joylashtirilgan.

    Bu galgi tashrif chogʻida Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish rejalari, sport tashkilotlarining joylashuvi va faoliyati boʻyicha axborot berildi.

    Avvalo, shaharchada xalqaro darajadagi musobaqalar oʻtkaziladi. Inshootlar undan keyin ham boʻshab qolmaydi. Mamlakatimiz terma jamoalarining oʻquv-mashgʻulotlari tashkil etiladi. Federatsiyalar sport maktablari bilan bogʻlanadi.

    Hududda va majmualarda yurtdoshlarimiz ham sport bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi.

    Prezidentimiz shu yerda soha mutasaddilari va sport federatsiyalari rahbarlari bilan muloqotda boʻldi.

    Avvalo, sportchilarimiz va federatsiyalarni mana shunday maskan bilan tabriklayman. Bu bilan yosh avlod salomatligiga, boʻlajak yutuqlarga katta poydevor qurdik. Lekin bu ishning eng osoni. Qiyini — sport turlarini ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash. Biz sportni ham salomatlik, ham natijadorlik nuqtayi nazaridan rivojlantirib boramiz. Xudo xohlasa, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham quriladi. Asosiy maqsad — yoshlarimizning sogʻlom va barkamolligi, dedi davlat rahbari.

    Maʼlumki, 2024-yilda Parijda oʻtgan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida yurtimiz sportchilari muvaffaqiyatli ishtirok etib, umumjamoa hisobida har ikki yoʻnalishda 13-oʻrinni egallagan edi. Endi olimpiya harakatini yanada rivojlantirish, kelgusidagi musobaqalarda natijalarni oshirish maqsad qilingan.

    Mamlakatimiz Prezidentining shu yil 8-iyuldagi qarori bilan, Oʻzbekiston sportchilarini 2028-yilgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorlash dasturi qabul qilindi.

    Bu yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil etish maqsadida Milliy olimpiya qoʻmitasining 14 ta hududiy boʻlimi tashkil etildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari Olimpiya harakatini rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus vakili etib belgilandi. Har bir hududga Sport vazirligi va Olimpiya qoʻmitasidan masʼullar biriktirildi.

    Asosiy maqsad yuqori sport natijalariga faqat bitta Olimpiada emas, doimiy va mustahkam zamin yaratishdir.

    Iqtidorli sportchilarni eng quyi boʻgʻindan boshlab saralash va professional etib tayyorlash uchun uch bosqichli “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqasi yoʻlga qoʻyildi. Uning final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida “Prezident Olimpiadasi” sifatida oʻtkaziladi. Gʻolib va sovrindor sportchilar Olimpiya markazlariga jalb etilib, professional tayyorlanadi.

    Respublika olimpiya va paralimpiya markazining faoliyati milliy terma jamoalar zaxirasini yaratishga qaratiladi. Oʻquv-mashgʻulotlar oʻtkazib borish uchun Olimpiya shaharchasi inshootlari markazga begʻaraz asosda biriktiriladi.

    Shuningdek, atletlar zaxirasini kengaytirish maqsadida xususiy sport klublari faoliyati takomillashtirilib, rasmiy musobaqalardagi ishtiroki taʼminlanadi. Yuqori natija koʻrsatgan sportchilar milliy terma jamoalarga qabul qilinishi mumkin boʻladi.

    Prezidentimiz sport turlarini ommalashtirish masalasiga alohida urgʻu berdi.

    – Mardlik, kurashchanlik xalqimizning qonida bor. Odamlarimiz sportni yaxshi koʻradi. Buni qoʻllab-quvvatlab, mahallalarda sportni yanada ommalashtirish kerak. Buning uchun joylarda sharoit bor. Yana qurayapmiz. Natija ham ommaviylikdan kelib chiqadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Mutasaddilarga sohani raqamlashtirish, sport federatsiyalari faoliyatini kuchaytirish, natijador sport turlarini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.