Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar

    Siyosat 30 Avgust 2025 1692

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Davlatimiz rahbari Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Belarus xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

    Belarus Prezidenti, oʻz navbatida, Oʻzbekiston yetakchisi va koʻp millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va ravnaq tiladi.

    Aleksandr Lukashenkoning oʻtgan yil fevral oyida Oʻzbekistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston-Belarus koʻp qirrali sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Turli darajalardagi muloqot va almashinuvlar samarali boʻlayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 30 foizga oshdi. Yetakchi korxonalarning qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, mashinasozlik, toʻqimachilik va boshqa tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

    Oʻzbekiston va Belarus yetakchilari boʻlajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdilar.