Netanyaxu Falastinning tan olinishini Isroilning mavjudligiga tahdid deb atadi

    Bosh vazir Binyamin Netanyaxuning fikricha, Falastinning tan olinishi Isroil uchun tahdiddir.

    “Biz BMTda va boshqa barcha maydonlarda bizga qarshi qaratilgan yolg'on targ'ibot va bizning mavjudligimizga tahdid soladigan Falastin davlatini yaratish chaqiriqlariga qarshi kurashishimiz kerak bo'ladi”, dedi u (The Times of Israel)

    U 2023-yil oktabr oyida Falastinning HAMAS guruhi tomonidan uyushtirilgan hujumga ishora qilib, buni “terror uchun bema'ni mukofot” deb baholadi. Netanyaxu “Iordan g'arbida Falastin davlati tashkil topmasligini” qo'shimcha qildi.

    Isroil Bosh vazirining ta'kidlashicha, uning rahbarligida Isroil “Yahudiya va Samariyadagi yahudiy aholi punktlarini ikki barobarga oshirdi”. Uning so'zlariga ko'ra, Tel-Aviv “bu yo'nalishda” davom etadi.

    21-sentabrda bir vaqtning o'zida uchta davlat – Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya Falastinni suveren davlat sifatida tan oldi. Bayonotga ko'ra, Kanada va Buyuk Britaniya tomonidan qabul qilingan ushbu qaror ikki davlatni yaratish tezligini yangilash bo'yicha muvofiqlashtirilgan xalqaro sa'y-harakatlarning bir qismi edi. Qayd etilishicha, HAMAS Falastinda “hech qanday rol” o'ynamasligi kerak.

    Falastin davlatini tan oluvchilar navbatida Fransiya turibdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron iyul oyida Parijning Falastinni tan olish niyatini e'lon qilgan edi. U bu haqda sentabr oyi oxirida bo'lib o'tadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida bayonot berishini aytgan edi, deb xabar berdi vedomosti.ru.