Bu yil iyul oyida jazirama issiqlar kuzatiladimi?

    Yashil sayyora 7 Iyul 2023 1780

    2023-yil iyul oyida Oʻzbekiston boʻylab havo harorati issiq boʻladi, ammo bu jaziramalar anomal xarakterda boʻlmaydi.

    Bu haqda Respublika Gidrometeorologiya xizmati xabar berdi.

    Joriy yilning iyul oyi oʻrtacha issiq ob-havo bilan boshlandi. Kunduz kunlari havo harorati 37-39 daraja gacha, janubda va choʻl hududlarda 41-43 darajagacha koʻtarildi.

    Lekin 3-4-iyul kunlari Qozogʻiston hududlaridan nisbatan salqin havo massasi kirib kelishi hisobiga issiq pasaya boshladi va haftaning katta qismida havo harorati 31-36 daraja boʻlgan qulay qiymatlarda saqlandi. Hatto eng chekka janubiy hududlarda ham kunduzgi harorat 39 darajadan yuqori boʻlmadi.

    9-10-iyul kunlari Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan issiq havo kirib keladi va harorat koʻtarila boshlaydi.

    Issiq ob-havoning choʻqqisi 11-13-iyul kunlariga toʻgʻri keladi. Kunduzi havo harorati 39-42 darajagacha, janubda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 43-45 darajagacha koʻtariladi.

    Biroq bu issiq davr uzoq boʻlmaydi. 13-iyuldan respublikaning shimoli-gʻarbiy hududlariga, 14-iyuldan barcha hududlarga, bu safar Kavkazdan salqinroq havo kirib kelishi kutilmoqda. Harorat foni 3-5 darajaga pasayadi.

    Haroratning eng sezilarli pasayishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida kuzatiladi, bu yerda havo harorati 5-7 darajaga pasayadi.