Baland togʻlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin

    Yashil sayyora 30 Oktabr 2023 1489

    Ertaga Oʻzbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda.

    Oʻzgidromet Oʻzbekiston boʻyicha 30-oktyabr — 3-noyabr kunlariga kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, Bugun kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida oktabr oyi uchun quruq va juda iliq boʻlgan ob-havo saqlanib turadi.

    Kunning oʻrtasiga kelib, havo +27...+30 darajagacha, janubda +32 darajagacha isiydi. Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasida kunning ikkinchi yarmida baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayadi, havo harorati +17...+22 daraja atrofida boʻladi.

    Ertaga Oʻzbekiston hududiga Kavkaz hududlaridan salqin va nam havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika hududining katta qismida yomgʻir yogʻadi, togʻ oldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Baland togʻlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida kechasi va ertalab biroz yomgʻir yogʻishi mumkin.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Baʼzi joylarda shamol 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Kunduzi havo harorati +17...+22 darajagacha pasayadi.

    1-noyabrda respublika boʻyicha yogʻingarchilik toʻxtaydi, va bunday quruq ob-havo hafta oxirigacha saqlanib turadi. 1-2-noyabr kunlari kechasi va ertalab baʼzi joylarga tuman tushadi.

    Havo harorati kechalari +3...+8 daraja iliqgacha pasayadi, kunduzi 1-2-noyabrda +17...+22 daraja boʻladi, 3-noyabrda harorat biroz koʻtariladi va +19...+24 darajani tashkil etadi.

    Poytaxtimizda: bugun 30 oktabrda yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat +27...+29 daraja boʻladi.

    31 oktabrda havo oʻzgarib turadi, kunning birinchi yarmida yomgʻir yogʻadi. Baʼzi joylarda shamol 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati +17...+19 darajagacha pasayadi.

    1-2-noyabrda yogʻingarchilik kutilmaydi, kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechalari +5...+8 daraja iliq boʻladi, kunduz kunlari +17...+20 daraja iliq atrofida boʻladi.