Unda Oʻzbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni Podshohligi va Pokiston Islom Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ushbu davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ijrosi holati toʻgʻrisidagi axborotlari eshitildi.
Tadbirda senatorlar, mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari aʼzolari, mutasaddi vazirlik va idoralar masʼul xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Eshituvda asosiy eʼtibor mamlakatimizning yuqorida qayd etilgan hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, respublika eksport salohiyatini yuksaltirish, “yoʻl xaritalari”ga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ishlar tahliliga qaratildi.
Bunda har bir davlat boʻyicha loyiha holati tanqidiy koʻrib chiqildi va mavjud toʻsiq yoki muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, tarmoq va hududlar vakillarining tushuntirishlari hamda takliflari muhokamalar markazida boʻldi.
Maʼlumki, eshituvga tayyorgarlik jarayonida Senat ishchi guruhi tomonidan joylarda mahalliy Kengashlarning deputatlari ishtirokida tegishli “yoʻl xaritalarida”da belgilangan shartnoma va loyihalarning amalga oshirilishi holati har tomonlama xolisona oʻrganilgan.
Oʻrganish jarayonida erishilgan ijobiy natijalar bilan birgalikda ayrim muammo va kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, qator investitsiya loyihalar ijrosida hanuzgacha yer maydonini ajratish masalalarining hal etilmaganligi, xorijiy hamkor bilan kelishuvlardagi nomutanosibliklar tufayli muddatlardagi asossiz kechikishlar va hatto toʻxtab qolish holatlari kuzatilgan.
Majlisda mazkur muammolarga tegishli loyihalar kesimida Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻlikni saqlash vazirligi, “Oʻzkimyosanoat” AJ, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Fargʻona va Namangan hamda Toshkent viloyatlari rahbariyatlarining eʼtibori qaratildi. Ularga tezkor ravishda mazkur elchixonalarimiz bilan birgalikda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yoki muqobil loyiha takliflarini ishlab chiqish tavsiya qilindi.
Bundan tashqari, elchixonalarning oʻziga biriktirilgan hududlarda investitsion loyihalarni ilgari surish va iqtisodiyot tarmoqlardagi faoliyati talabga javob bermayapti. Bunday holat BAAdagi elchixona boʻyicha Namangan va Xorazm viloyatlarida, Pokistondagi elchixonaning Toshkent viloyatida hamda Saudiya Arabistoni Podshohligidagi diplomatik vakolatxonaning neft va gaz qazib olish, neftni qayta ishlash, shuningdek, kapital bozorini rivojlantirish sohasidagi ilgʻor tajribani oʻrganish boʻyicha faoliyati talab darajasida emasligi qayd etildi.
Senatorlar tomonidan oliy darajadagi tashriflar yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan “yoʻl xaritalari”ining oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi, ustuvor vazifalarga urgʻu berildi.
Majlis yakuni boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.