Yoʻllarda madaniyatli yoʻlovchi va haydovchi sifatida harakatlanaylik!

    Eʼtibor bering, 2023-yilning yanvar-avgust oylarida 9 milliondan ortiq yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan.

    Inson oʻlimi bilan bogʻliq holatlarda qonunchiligimizda 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan boʻlsa-da, bu norma ishlamaydi. Doim ushbu modda boʻyicha sud qarorlari yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilgan. Bu esa avtohalokatlar yana va yana sodir boʻlishiga turtki boʻladi. Haydovchi jazo yana yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilishiga ishonadi.

    Shu boisdan, piyodalarning yoʻldan oʻtish qismida yoʻl bermaganlik uchun jarimalar miqdorini maksimal darajada koʻpaytirish, inson oʻlimi bilan bogʻliq avtohalokatlarni sodir etganlik uchun jazoni muqarrar (7 yillik hukm) amalga oshishini taʼminlash lozim.

    Afsuski, bugun qonunlarni mensimay, odamlar hayotiga xavf solgan holda yoʻl qoidalarini buzib harakatlanish va uni videoga olib tarqatish holatlari koʻpaydi. Ular qoidalarni buzish bilan faxrlanadi. Yana shunday toifadagi erkatoylar borki, surbetlarcha “jarimangni yoz, toʻlab qoʻyaman”, deb maqtanib ham qoʻyadi. Bundaylarni na jarima, na kamera va na svetofor, hatto biron kishini urib yuborish ehtimoli ham toʻxtata olmayapti.

    Oqibatda barchamiz yoʻllarda avtomobillarga “ortiqcha xavf manbai” sifatida qarashga majbur boʻlayapmiz. Bolamizni maktabga yoki koʻchaga chiqarishda, albatta, “yoʻldan ehtiyot boʻlib oʻt”, “avtomashinalardan ehtiyot boʻl”, deb tayinlaymiz. Bu birinchi navbatdagi vazifamizga aylanib ulgurdi. Bu yoʻllarning xavfsiz emasligi, yoʻllardagi koʻngilsizliklar kun sayin ortib borayotganini odatiy holat sifatida qabul qilishni boshlaganimizdan dalolat beradi.

    Har birimiz piyoda, yoʻlovchi yoki haydovchi sifatida yoʻl harakati ishtirokchilarimiz. Har kim yoʻlda xavfsiz harakatlanishni xohlaydi va shuning uchun yoʻl harakati qoidalari joriy etilgan. Qoidabuzarga jazo tayinlanib, shu yoʻl bilan tartib saqlanishi belgilangan. Qoidani buzdimi, albatta, jazo muqarrar boʻlishi kerak.

    Doimo qoʻlimizni duoga ochganimizda, yurtimiz tinch boʻlsin, deb duo qilamiz. Tinchlik nima oʻzi, hech nimadan qoʻrqmay, bemalol, emin-erkin yurish, bolalaring koʻchada oʻynab yuradi, maktab-bogʻchaga borib-keladi, deganimi? Tinch zamon aslida qanday boʻlishi kerak?

    Yoʻllarda sodir boʻlayotgan avtohalokatlar, natijada yosh bolalar oʻlimining koʻpaygani barchamizni tashvishga soladi. Misol uchun, Namanganning Kosonsoyida mashina tagida yosh bolaning majaqlangani yoki Toshkentning Abdulla Qodiriy koʻchasida 12 yoshli qizning mashina tagida qolib vafot etgani, bularni eshitishning oʻzi odamni larzaga soladi.

    Maktablar oldida tezlikni oshirish taqiqlanganini hammamiz bilamiz. Bolalar oʻtadi, ammo deyarli hech kim meʼyorga amal qilmaydi. Maktabga yaqinlashgan sari gaz bosiladi. Koʻz oldingizga keltiring, axir shu maktabda sizning farzandingiz ham oʻqiydi-ku. Nega qonun va qoidaga amal qilmaysiz. Maktab borligini bilamiz, tezlikni cheklash ogohlantiruvchi belgini koʻramizu koʻrmaganlikka olamiz.

    Hatto piyodalar oʻtish yoʻlagida tezlikni pasaytirib, keyin toʻxtaydigan haydovchilar yoʻq hisobi. Bolalarni-ku qoʻying, katta odamlar yoʻldan hayiqib, qoʻrqib, yuragini hovuchlab oʻtadi.

    Nega shunaqa?

    Chunki,piyodalar oʻtish yoʻlagini mensimaymiz, goʻyoki u bizga toʻxtash uchun toʻsiq boʻlolmaydi, ikkinchidan, jazo yengil, haydovchi zar yo zoʻr bilan bemalol qutulib ketishiga koʻzi yetadi yoxud ichki yoʻllarda kuzatuv kameralari yo yoʻl-patrul xizmati xodimlari yoʻqligini juda yaxshi biladi.

    Minbarlarda turib, piyodalar transport vositalaridan ustun, deb jar solamiz. Lekin, bugungi holatimiz buning aksini koʻrsatmayaptimi? Hozir biz avtomobillar uchun sharoitlar yaxshilanganini koʻrayapmiz xolos, piyodalar uchun esa noqulayliklar yaratishda davom etayapmiz. Bu avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash tizimi yaxshi emasligini anglatadi. Tizimni tubdan isloh qilish zarur.

    Eʼtibor bering, 2023-yilning yanvar-avgust oylarida 9 milliondan ortiq yoʻl harakati qoidalari buzilishi qayd etilgan. Jumladan, 8 millionga yaqin qoʻpol qoidabuzarliklar, 26 mingga yaqin mast holatda avtomobil boshqarish va 161 mingdan ortiq piyodalar qoidabuzarligi qayd etilgan.

    Oqibatda esa shu davrda 5 772 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan, ularda 1 415 kishi halok boʻlgan, yana 5 448 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari olgan.Tahlillarga koʻra, avariyalarning 55 foizi haydovchilar aybi bilan sodir boʻladi. Bunda haydovchilarning qoidalarni mensimasligi holati 45 foizni, tajribasizligi esa 10 foizni tashkil qiladi.

    Koʻrib turibsizki, birovning qoʻpol xatosi yoki qoidani mensimay harakatlanishi ortidan kimdir ogʻir jarohatlanadi, kimdir bir umrga nogiron boʻlib qoladi yoxud bir oila oʻzining yagona boquvchisidan, farzandlar otasidan judo boʻladi... Yoʻllarimizda mashinada tugul yoʻl yoqalarida piyoda harakatlanish ham tobora xavfli boʻlib bormoqda.

    Koʻp hollarda piyodalarning yoʻllarni kesib oʻtishda qiynalayotgani, haydovchilar esa ularga yoʻl bermasligini koʻramiz. Svetofor qoʻyilmagan piyodalar oʻtish yoʻlagida tez kelayotgan transport vositasi piyodani kechroq koʻradi. yoki boshqa transport vositalari toʻxtab turish sababini tushunmasdan, oʻtib ketishga harakat qiladi. Bu esa piyodalar oʻtish yoʻllaridagi halokatlar soni ortishiga olib kelmoqda. Bunday holatlar yildan yilga ortib bormoqda.

    Statistikaga murojaat qiladigan boʻlsak, 2021-yil davomida haydovchilarning piyodalarga yoʻl bermasdan harakatlanganligi uchun qoʻllanilgan maʼmuriy qoidabuzarliklar soni 101 796 tani tashkil qilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 142 967 tani, 2023-yilning 8 oyida esa 90 211 tani tashkil qilgan.

    Bunday maʼlumotlardan odam dahshatga tushadi. Oqibatlar bilan emas, sabablar bilan kurashishimiz kerak. Har bir holatni oʻrganib, aniq tahlillar qilish kerak. Bugungi kunda Oʻzbekiston boʻylab 11 mingga yaqin piyodalar oʻtish joyi mavjud. Biroq ularning atigi 1834 tasida piyodalar xavfsizligini taʼminlash maqsadida svetofor yoki boshqa yoʻl belgilari oʻrnatilgan. 2021-yildan 2023-yilgacha boʻlgan davrda nazoratsiz piyodalar oʻtish joylarida 2784 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan boʻlib, ulardan 1007 tasi qorongʻuda sodir boʻlgan.

    Shu sababli respublikamiz boʻylab piyodalar boshqaradigan svetoforlarni joriy etish muhim va bu “yoʻl – piyoda uchun” tamoyilini joriy etishga xizmat qiladi.

    Eng yomon jihati shundaki, biz yuz berishi mumkin boʻlgan hodisalarni oldini olishga harakat qilmayapmiz. Faqatgina voqea sodir boʻlib, shov-shuv koʻtarilsagina uning sabablarini oʻrganib, yechim topishga oʻrganib qoldik. Eʼtibor bering, buning natijasida Toshkentda piyodalar oʻtish joylarida svetoforlar odatda oʻlim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalardan keyin paydo boʻlishi anʼanaga aylandi.

    Misol uchun, yuqorida aytganimiz Abdulla Qodiriy koʻchasidagi avtohalokat va uning natijasida yosh bolaning vafot etishi ortidan ushbu piyodalar oʻtish yoʻlagi svetofor bilan jihozlandi. Yana bir misol, poytaxtimizdagi Maxtumquli koʻchasida piyodalar oʻtish yoʻlagida bir ayol mashina urib ketishi oqibatida vafot etgach, oʻsha joyga ham koʻp oʻtmay piyodalar boshqaradigan svetofor oʻrnatildi.

    Inson tabiati shunday, qachonki qizil belgini qoʻyasiz, keyin toʻxtaydi. Shu boisdan maktab yonlariga, piyodalar oʻtish yoʻlaklariga, har birida, albatta qoʻlda boshqariladigan svetoforlarning oʻrnatilishi kerak, deb hisoblaymiz. Haydovchi va piyoda oʻrtasidagi munosabatni shakllantirish va harakat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan takliflarimizni bildirib oʻtamiz.

    Birinchi taklif shundan iboratki, yoʻl harakati ishtirokchilarining qoidalarga amal qilish madaniyatini oshirish kerak. Insonni qadrlashni oʻrganmasdan turib, bunga erishib boʻlmaydi. Buni hukumat yo davlat darajasida emas, haydovchi va piyoda oʻrtasida shakllantirish lozim. Shundagina oʻzaro hurmat va qonunlarga itoat ruhiyati shakllanadi.

    Ikkinchidan, inson oʻlimi bilan bogʻliq holatlarda qonunchiligimizda 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan boʻlsa-da, bu norma ishlamaydi. Doim ushbu modda boʻyicha sud qarorlari yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilgan. Bu esa avtohalokatlar yana va yana sodir boʻlishiga turtki boʻladi. Haydovchi jazo yana yengillashtirilgan tartibda hukm chiqarilishiga ishonadi. Shu boisdan, piyodalarning yoʻldan oʻtish qismida yoʻl bermaganlik uchun jarimalar miqdorini maksimal darajada koʻpaytirish, inson oʻlimi bilan bogʻliq avtohalokatlarni sodir etganlik uchun jazoni muqarrar (7 yillik hukm) amalga oshishini taʼminlash lozim.

    Uchinchidan, avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash tizimini tubdan isloh qilish zarur. Piyodalar oʻtish yoʻlaklarini toʻliq avtomatlashtirish hamda qoʻlda boshqariladigan svetoforlarni oʻrnatish kerak. Har qanday mablagʻ inson hayotidan qimmatli emas Toʻrtinchidan, har haftada, eng koʻp qoidabuzarlikni amalga oshirgan haydovchilar roʻyxatini viloyatlar kesimida eʼlon qilib borish tizimini joriy qilish lozim. Kim qanday qoida buzganini boshqalar koʻradigan tizim kerakka oʻxshaydi.

    Qadimda qoidabuzarlar xalq oldiga olib chiqib koʻrsatilgan. Jamiyat hozir qoidabuzarlar haqida bilmasligi ham katta muammo. Ushbu tizim koʻplab chet davlatlarda amal qiladi. Bu oʻz navbatida qoidabuzarliklar soni kamayishiga olib keladi. Siz muhim hisoblamagan yoʻl madaniyati hayotingizning achchiq xotimasi boʻlishi mumkin.

    Shunday ekan, har birimiz oʻz majburiyatimizni toʻla his etgan holda, yoʻllarda madaniyatli yoʻlovchi va haydovchi sifatida harakatlanaylik!

    Abror Qurbonov,

    Oʻzbekiston XDP markaziy kengashi boshqarma boshligʻi