Urganch davlat pedagogika institutida Navroʻz sayli oʻtkazildi

    Navroʻz milliy qadriyatlarimizni oʻzida jam qilgan goʻzal bayramlarimizdan. Ushbu bayram YUNESKOning Nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan.

    2010-yilda esa BMT Bosh Assambleyasi 21-martni Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilgan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin boshqa qadriyatlar qatori Navroʻz bayrami ham tiklandi. Hozir u mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda.

    Kuni kecha Urganch davlat pedagogika institutida “Navroʻz sayli” bayram tantanalari boʻlib oʻtdi. Sayilda milliy qoʻshiqlardan iborat konsert dasturi, milliy sport oʻyinlari, yangi unib chiqqan koʻkatlardan, bahoriy taomlar: sumalak, halim, koʻk somsa, koʻk chuchvara kabi tansiq taomlar hamda qadriyat va urf-odatlarimiz namunalaridan koʻrgazmalar tashkil qilindi.

    Tadbirda yurtimizning 14 hududiga xos anʼana va qadriyatlar namoyish etilib, unda Turkiya va Ozarbayjondan mehmonlar ishtirok etdi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.