Mazkur tashabbus avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirish, ekologik barqaror muhitni shakllantirish hamda jamoat va ekologik toza transport vositalaridan foydalanish madaniyatini keng targʻib qilishga qaratilgan.
«Avtomobilsiz kun» aksiyasi har oyning 10 va 25 sanalaridan oʻtkazib kelinmoqda. Bu Prezidentning 2026 yil 25 martdagi «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirishga qaratilgan farmonida belgilangan.
Ekologiya milliy qoʻmitasi maʼlumotiga koʻra, aksiyalar boshlanganidan buyon qoʻmita va hududiy bosh boshqarmalar xodimlarining 1 730 dan ortiq xizmat hamda shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishi cheklangan. Buning natijasida atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalar miqdori oʻrtacha 17 370 kilogrammga qisqartirilgan. Shuningdek, shaharlardagi tirbandliklar kamaygan.
Eʼtiborli jihati, «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining avtotransport vositalaridan foydalanishi javobgarlikka sabab boʻladi.
Ekologiya milliy qoʻmitasi davlat va nodavlat tashkilotlar hamda aholini aksiyaida faol ishtirok etishga, elektromobil, velosiped va jamoat transporti kabi ekologik toza transport vositalaridan koʻproq foydalanishga chaqirdi.