Bugun, 8 iyun kuni respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmayapti. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

9 iyun kuni esa Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida, shuningdek Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi ehtimol qilinmoqda.

10–12 iyun kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol tezligi sekundiga 7–12 metrni tashkil etadi, ayrim vaqtlarda 13–18 metrgacha kuchayadi. Cho‘l hududlarida 8 iyun kuni shamol tezligi 20–22 metrgacha yetishi mumkin. Ayrim joylarda chang-to‘zonlar kuzatiladi.

Havo harorati asosan 32–37 daraja atrofida bo‘ladi, janubiy hududlarda esa 39 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 8–12 iyun kunlari ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilib, sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxt Toshkentda bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi, havo harorati 35–37 daraja bo‘ladi. 9 iyun kuni qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 10–12 iyun kunlari esa quruq ob-havo saqlanib, kunduzgi havo harorati 33–35 daraja atrofida bo‘ladi.