Qoraqalpog‘iston Respublikasining, xususan, Amudaryo tumanining turizm salohiyatini yanada oshirish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish, mahalliy aholi bandligini ta’minlash hamda ichki va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida Sayko‘l ko‘li bo‘yida safari (cho‘l) turizmini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Loyiha doirasida 5 ta milliy o‘tov, ovqatlanish maskani, suvenirlar do‘koni, plyaj hududi, baliq ovlash joyi, sanitariya-gigiyena infratuzilmasi, otda sayr qilish xizmatlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, turoperator korxona tasarrufida safari turlarini tashkil etish uchun 10 ta yo‘l tanlamas avtotransport vositasi mavjud bo‘lib, bu mehmonlarga cho‘l hududlarining betakror tabiati va manzaralarini xavfsiz hamda qiziqarli tarzda tomosha qilish imkonini yaratadi.