Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinadi. Bu ana shu shaharlar timsolida har bir mamlakatning oʻziga xosligi, madaniyati, sanʼati, anʼana va qadriyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng targʻib etishga ulkan imkoniyat yaratadi.

Oʻtgan davrda Ostona, Eskishahar, Qozon, Mari, Sheki, Turkiston, Kastamonu, Oʻsh, Xiva, Bursa, Shusha, Anau, Aqtau shunday sharafli maqomga ega boʻldi.

TURKSOY Doimiy kengashining 2025-yil noyabrda Qozogʻistonning Aqtau shahrida boʻlib oʻtgan 42-yigʻilishida “Andijon — 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilindi.

Shu munosabat bilan joriy yilda oʻtkaziladigan xalqaro tadbirlar oldidan Andijonning Bobur shahridagi amfiteatrda tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Unda qator qardosh oʻlkalar madaniyat vazirlari va ularning oʻrinbosarlari, TURKSOY bosh kotibi, koʻplab xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, faxriylar, yoshlar qatnashdi.

Prezidentimiz Andijon shahrining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb eʼlon qilinishi doirasida oʻtkazilayotgan xalqaro tadbirlar ishtirokchilariga tabrik yoʻlladi. Bu nafaqat ushbu marosimning nufuzini oshirdi, balki Oʻzbekistonning turkiy dunyo birligiga, hamjihatligiga, qolaversa, TURKSOY faoliyatiga naqadar katta eʼtibor qaratayotganining yorqin tasdigʻi boʻldi.

Tabrikda taʼkidlanganidek, Andijon shahrining bunday yuksak sharafga munosib koʻrilgani Oʻzbekistonning boy tarixi, madaniy-maʼnaviy merosi, yurtimizning turkiy madaniyat rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro miqyosdagi yana bir eʼtirofidir.

Soʻnggi yillarda Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlagan oqilona siyosati tufayli Oʻzbekiston turkiy olamda hamjihatlikni mustahkamlash, qardosh xalqlar oʻrtasidagi azaliy rishtalarni yangi bosqichga olib chiqishda faol tashabbuskorlardan biri sifatida eʼtirof ­etilmoqda.

Faoliyatim sabab turkiy olamga daxldor juda koʻplab xalqaro madaniy tadbirlar, ilmiy anjumanlar, uchrashuv va muloqotlarda qatnashaman. Ana shunday nufuzli tadbirlarda shaxsan guvohman: Oʻzbekistonning bugungi shiddatli taraqqiyot yoʻli, inson manfaatlarini taʼminlash, sohalar rivojiga qaratilayotgan eʼtibor havas bilan tilga olinadi. Tanaffuslarda, bir finjon qahva ustidagi suhbatlarda ham taniqli ekspertlar, rasmiy doira vakillariga oʻzimni Oʻzbekiston vakili sifatida tanishtirganimda chehralarga darrov tabassum yugurib, koʻproq gaplashishga oshiqadi. Yurtimiz haqida fikr bildirganda, “Shavkat Mirziyoyev — bugungi davrning juda kuchli va donishmand siyosatchisi. Xalqini oʻylaydigan, uning manfaatlari va farovonligi uchun qaygʻuradigan, mamlakatini jahonga ochgan va turkiy dunyo birligiga ulkan ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan zamonamizning buyuk davlat arbobidir. Shunday lideringiz borligi bilan haqli ravishda faxrlansangiz arziydi”, degan eʼtiroflarni eshitamiz.

Albatta, bunday gaplardan qalbimiz cheksiz gʻururga toʻladi. Shu bilan birga, nafaqat faxrlanish, balki zimmamizda juda katta masʼuliyat turganini ham qayta va qayta his qilamiz. Andijondagi tantanali ochilish marosimida soʻzga chiqqan TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayoni haqida samimiy fikrlarini bildirib, jumladan, bunday dedi:

“Soʻnggi yillarda hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda olib borilayotgan tarixiy islohotlarni, barcha sohada erishilayotgan ulkan natijalarni biz, qardosh xalqlar katta xursandchilik bilan kuzatib bormoqdamiz.

Bugun nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun turkiy dunyoda mutlaqo yangi, samimiy va doʻstona muhit yuzaga kelishida, qardoshlik munosabatlari mustahkamlanishida Oʻzbekistonning roli va ahamiyati beqiyos.

Yangi Oʻzbekistonning jahondagi oʻrni tobora yuksalib borayotgani, ayniqsa, inson ongi va tafakkurini tarbiyalaydigan madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari ­rivojiga katta eʼtibor berilayotgani, ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani ­TURKSOY oilasi sifatida bizni ham nihoyatda quvontirmoqda.

Birgina misol keltirmoqchiman. Yaqinda Shavkat Miromonovich Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan tarixiy uchrashuv oʻtkazdi. Biz ham ushbu uchrashuv tafsilotlarini katta qiziqish bilan kuzatdik. Unda sohadagi muammolarga yechim topish, adabiyot, madaniyat, sanʼat va kreativ iqtisodiyotda yangi bosqichga koʻtarilishga xizmat qiladigan koʻplab tashabbuslar ilgari surildi.

Ijodkorlarni va yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga doir takliflar bildirildi. Koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston rahbarining madaniyat rivojiga qaratilgan tarixiy farmoni qabul qilindi. Bundan tashqari, Shavkat Miromonovich sohaning koʻplab ilgʻor vakillarini, marhum ijodkorlarni davlat mukofotlari bilan taqdirladi.

Oʻzbekistonda ijod ahlining shunday buyuk homiysi, himoyachisi borki, bu nafaqat havas qilishga, balki olqishlashga arziydi!”.

Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirganidan soʻng barcha sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 10-noyabrdagi “TURKSOY tuzilmasi va faoliyat koʻrsatish prinsiplari toʻgʻrisidagi shartnomani (Olmaota, 1993-yil 12-iyul) ratifikatsiya ­qilish haqida”gi qonuni bilan mamlakatimizning ushbu xalqaro tashkilotdagi faoliyati huquqiy jihatdan mustahkamlandi.

Aʼzo davlatlar, jumladan, Oʻzbekistonda turkiy mamlakatlar madaniyati va sanʼati kunlari, yoshlar va teatr festivallari, ijodiy forumlarni oʻtkazish anʼanaga aylandi. Tashkilot doirasidagi ilmiy-maʼrifiy anjumanlar, turkiy tillar va adabiyotlar rivojiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar, madaniy tadbirlar va loyihalarda Oʻzbekiston vakillari faol qatnashmoqda.

Oʻzbekistonning oʻziga xos brendi darajasiga koʻtarilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali, Xalqaro maqom sanʼati anjumani, “Sharq taronalari” va “Lazgi” festivallarida TURKSOYga aʼzo davlatlar ijodkorlari muntazam ishtirok etmoqda.

Tashkilot tomonidan oʻzbek xalqining buyuk shoir va mutafakkirlari, tarixiy shaxslari tavallud sanasi ham keng nishonlanmoqda. Xususan, Oʻzbekiston xalq shoiri Gʻafur Gʻulomning “Osmon toʻla yulduzlar” asari, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning tanlangan hikoyalari, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning saylanmasi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonning “Bunchalar shirinsan, ey achchiq hayot!” kitobi va boshqa qator oʻzbek adabiyoti namunalari turk tiliga tarjima qilindi.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” deb nomlangan 100 jildli kitoblar turkumining Anqara shahrida taqdimoti oʻtkazildi.

Oʻtgan yili yurtimizda Turkiston jadidlik harakati asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150-yilligi keng nishonlandi. Mazkur ezgu tashabbusga TURKSOY munosib hissa qoʻshish maqsadida Turkiyaning Anqara shahrida “Mahmudxoʻja Behbudiy va Turkiston jadidlik harakati” mavzusida xalqaro ilmiy anjuman tashkil etdi va uning doirasida ulugʻ ajdodimizning turk tilida chop etilgan tanlangan asarlarini adabiyot ixlosmandlari eʼtiboriga havola qildi.

Joriy yil fevralda TURKSOY Bosh qarorgohida Alisher Navoiy tavalludining 585-yilligi keng nishonlandi. TURKSOY, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, mamlakatimizning Turkiyadagi elchixonasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi va Anqara ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarda tashkilotga aʼzo davlatlarning taniqli olimlari, tadqiqotchilari, shoir va yozuvchilari qatnashdi. Bu tadbir Navoiy merosini xalqaro miqyosda yanada keng oʻrganish va targʻib etishda muhim qadamlardan boʻldi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yil Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi keng nishonlanmoqda. Xususan, 2026-yil 9-10-aprel kunlari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya yuksak saviyada oʻtkazildi. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda TURKSOY koʻmagida tashkilotga aʼzo davlatlarning temurshunos olimlari va mutaxassislari faol ishtirok etdi.

Eʼtiborlisi, aynan ushbu xalqaro anjuman doirasida TURKSOY uchta muhim yangilikni eʼlon qildi. Jumladan, Oʻzbekiston tomonidan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” turkumi turkiy xalqlar adabiyoti targʻibotiga bagʻishlangan “Eng yaxshi adabiy loyiha”, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi” sifatida eʼtirof etilib, maxsus sertifikatlar topshirildi. Shu bilan birga, markazning Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi TURKSOY Muzeylar birligi aʼzoligiga qabul qilinib, maxsus sertifikat taqdim etildi.

Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta oʻrganish va targʻib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida TURKSOYning ofisi ochilgani ham diqqatga sazovor. Buni davlatimiz rahbari bir necha bor yuksak minbarlarda turib eʼtirof etdi. Andijonga yoʻllangan tabrikda ham ushbu yangilik yana bir bor tilga olindi. Yaʼni Oʻzbekiston TURKSOY faoliyatiga va uni qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratmoqda. Mana shu eʼtiborni qadrlab, Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosini taʼminlash maqsadida hozir Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda faol hamkorlik qilmoqdamiz.

Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti doirasida Andijonda qator xalqaro tadbirlar, ilmiy anjumanlar, festivallar, uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ulardan biri — TURKSOY tashabbusi va Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining qoʻllab-quvvatlovi bilan “Andijon polkasi” raqsining “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishiga qaratilgan loyihadir.

“Andijon polkasi” milliy raqs sanʼatimizning yorqin namunasi boʻlib, oʻzining shiddatli ritmi, joʻshqin harakatlari va betakror musiqasi bilan ajralib turadi. U nafaqat ijrochisiga, balki tomoshabiniga ham birdek zavq, shodlik va quvonch hissini bagʻishlaydigan betakror raqs turidir.

Andijon shahridagi “Bobur arena” stadionida tashkil etilgan ommaviy raqs natijalariga koʻra, xalqaro hakam “Andijon polkasi” “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilganini rasman tasdiqladi va tantanali ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri hamda Andijon viloyati hokimiga bu haqdagi maxsus sertifikatni topshirdi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ham Andijon taqdimotiga bagʻishlangan tadbirlar tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Prezidentimiz tabrigida shu kabi loyihalarga alohida urgʻu berilib, bir yil davomida mamlakatimiz va qardosh yurtlarda oʻtkaziladigan festival va ilmiy anjumanlar, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, doʻstlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan, yosh avlod uchun keng imkoniyatlar ochadigan unutilmas voqea boʻlib qoladi deb ishonaman deya qayd etildi.

Bu ishonch barchamizga katta kuch va masʼuliyat bagʻishlaydi.

Shavkat ORTIQOV,

Oʻzbekistonning TURKSOYdagi vakili