Mazkur maktabning amaldagi binosi 1970-yilda 140 oʻringa moʻljallab qurilgan boʻlib, oʻquvchilar sonining ortishi natijasida keyingi yillarda 2,5 koeffitsiyent asosida faoliyat yuritib kelmoqda edi. Hozirgi kunda maktabda 354 nafar oʻquvchiga 35 nafar pedagog taʼlim-tarbiya bermoqda.
Shunday sharoitga qaramasdan 2024–2025 oʻquv yili yakunlariga koʻra, maktabning 33 nafar bitiruvchisidan 13 nafari, yaʼni 40 foizi oliy taʼlim muassasalari talabasi boʻldi. Soʻnggi yillarda taʼlim tizimini rivojlantirish, oʻquvchilar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida ushbu maktab hududida 6 milliard 200 million soʻmlik qoʻshimcha yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Ilgari maktabda sport zali mavjud boʻlmagan boʻlsa, yangi binoda zamonaviy, 12x24 oʻlchamdagi sport zali barpo etildi. Shuningdek, binoga zamonaviy lift oʻrnatilib, isitish tizimini yaxshilash maqsadida yangi “MTU-300” rusumli teplonasos quyildi. Imkoniyati cheklanganlar uchun xam qulay va zamonaviy muhit yaratildi.
Beruniy tumanida yana bir muhim ijtimoiy soha obyekti, yaʼni 14-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti qurib berildi. Ushbu muassasaning eski binosi 1968-yilda qurilgan boʻlib, 1970-yilda moslashtirilgan holda bolalar bogʻchasi sifatida faoliyat boshlagan va uzoq yillar davomida 100 oʻrinli quvvat bilan xizmat koʻrsatib kelgan.
2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-454-sonli qarori doirasida mazkur tashkilot binosi toʻliq rekonstruksiya qilinib, natijada zamonaviy talablarga toʻliq javob beradigan, quvvati 120 oʻrinli yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etildi. Loyihani amalga oshirish uchun jami 3 milliard 600 million soʻm mablagʻ ajratildi.
Minajatdin QUTLЫMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.