Bolalar gijjani qanday yuqtirib oladi? Qanday belgilar kasallikdan darak beradi? Qanday holatda shifokorga murojaat qilish kerak? Gijjadan himoyalanish uchun nimalarga e’tibor berish lozim? Bolalar o‘rtasida tez-tez uchraydigan gelmintoz kasalligi, uning belgilari va oldini olish choralari haqida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan shu kabi savollarga javob olish maqsadida Sanepidqo‘mita mas’ul mutaxassislarini savolga tutdik.

Gelmintoz qanday kasallik?

Gelmintoz — parazit qurtlar, ya’ni gelmintlar keltirib chiqaradigan kasallik bo‘lib, ayniqsa bolalar o‘rtasida keng tarqalgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu parazitlar inson organizmida yashab, uning sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazadi. Ular organizmda ozuqa moddalarini “tortib olishi”, immunitetni pasaytirishi va bolaning jismoniy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ayrim holatlarda gelmintoz bolalarning darslarni o‘zlashtirishiga ham ta’sir qilib, diqqat susayishi, tez charchash va uyqusizlikka sabab bo‘ladi. Shu bois mutaxassislar ota-onalarni farzand salomatligiga befarq bo‘lmaslikka chaqirmoqda.

Bolalar gijjani qanday yuqtirib oladi?

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bolalar ushbu kasallikni asosan iflos qo‘llar orqali yuqtirib oladi. Shuningdek, yuvilmagan sabzavot va mevalar, ko‘katlar, ochiq suv havzalarida cho‘milish yoki qaynatilmagan suvni iste’mol qilish ham kasallik manbasi bo‘lishi mumkin. Ayrim holatlarda esa gijja tuxumlari havo va chang orqali ham yuqishi ehtimoli mavjud.

Bundan tashqari, bolalarning ko‘chada yoki qumloq joylarda o‘ynashi, hayvonlar bilan muloqotdan keyin qo‘lni yuvmasligi ham xavfni oshiradi. Ayniqsa, bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarda shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq amal qilinmasligi sababli ushbu kasallik tez tarqalishi mumkin.

Qanday belgilarga e’tibor berish kerak?

Agar farzandingizda doimiy charchoq va holsizlik, asabiylikning kuchayishi, allergik toshmalar, ishtahaning pasayishi yoki aksincha, doimiy ochlik hissi kuzatilsa, bu gelmintoz kasalligining belgisi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, qorin og‘rig‘i, qorin dam bo‘lishi, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, ta’mni yaxshi sezmaslik, tana haroratining sababsiz ko‘tarilishi, tanada turli dog‘lar paydo bo‘lishi hamda bo‘g‘im va mushaklardagi og‘riqlar ham ushbu kasallikdan darak berishi ehtimoldan xoli emas.

Mutaxassislarning aytishicha, ba’zi bolalarda kechasi bezovtalik, tish g‘ichirlatish, tez-tez uyg‘onib ketish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Bunday belgilarni oddiy holat deb qabul qilmaslik va vaqtida shifokorga murojaat qilish lozimligi ta’kidlanmoqda.

Qanday holatda shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar yuqoridagi belgilar bir necha kun davomida kuzatilsa yoki bolaning ahvoli kun sayin og‘irlashayotgan bo‘lsa, albatta tibbiy tekshiruvdan o‘tish zarur. Mutaxassislar o‘zboshimchalik bilan dori qabul qilish kasallikni yanada murakkablashtirishi mumkinligini aytmoqda.

Shifokorlar zarur tahlillar orqali kasallik turini aniqlab, bolaga mos davolash usulini belgilaydi. Har bir organizm turlicha bo‘lgani uchun dori vositalarini faqat mutaxassis tavsiyasi bilan qabul qilish kerak.

Gijjadan qanday himoyalanish mumkin?

Kasallikning oldini olish uchun eng avvalo shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish lozim. Jumladan, ovqatlanishdan oldin va ko‘chadan kelgach qo‘llarni sovunlab yuvish, tuproq yoki hayvonlar bilan o‘ynagandan keyin qo‘lni tozalash, faqat yaxshi pishirilgan go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilish, qaynatilmagan suv ichmaslik, bolalar o‘yinchoqlari va xona jihozlarini muntazam tozalash, choyshab va ichki kiyimlarni doimo toza saqlash hamda dazmollash tavsiya etiladi.

Mutaxassislar, shuningdek, farzandlarni yoshligidanoq shaxsiy gigiyenaga o‘rgatish juda muhim ekanini ta’kidlamoqda. Chunki oddiy gigiyena qoidalariga amal qilish orqali ko‘plab kasalliklarning oldini olish mumkin.

Yana bir muhim jihat: farzandingizga o‘zboshimchalik bilan antigelmint dori vositalarini bermang. Albatta shifokor tavsiyasi asosida davolanish lozim.

Zulxumor Akbarova suhbatlashdi