Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Rashad Mammadovning universitetga tashrifi, talabalar bilan ochiq muloqoti, Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining ochilishi, mutafakkir ilmiy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya hamda “Arshin mol olon” operettasining namoyishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va madaniy hamkorlikning yorqin ifodasiga aylandi.

Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik hamkorlikni rivojlantirish, mushtarak tarixiy-madaniy merosni chuqur o‘rganish hamda yosh avlodni ikki xalqning boy ilmiy va ma’naviy qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qildi.

Ozarbayjon elchisining BuxDUga tashrifi: strategik sheriklik va akademik hamkorlik istiqbollari

12-oktabr kuni Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi, doktor Rashad Mammadov boshchiligidagi delegatsiya Buxoro davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida diplomat Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov bilan uchrashdi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining bugungi rivojlanish bosqichi, ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar akademik almashinuvini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash, ilmiy izlanishlar natijadorligini oshirish va talaba-yoshlar uchun xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Shundan so‘ng universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda tarix, xalqaro munosabatlar, filologiya va boshqa yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar ishtirokida “Ozarbayjon–O‘zbekiston tarixiy-madaniy aloqalari” mavzusidagi seminar-uchrashuv tashkil etildi. Tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochib, elchi va delegatsiya a’zolarini qadimiy Buxoro zaminida samimiy qutladi.

Rektor Buxoroda ilk bor Ozarbayjon madaniyati va san’ati kunlari tashkil etilayotganidan mamnunligini bildirib, ushbu tashabbus ikki qardosh xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, mushtarak tarixiy ildizlar va madaniy yaqinlikning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik istiqbollari, qo‘shma tadqiqotlar hamda akademik mobillik dasturlarini kengaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, buxorolik talabalarning Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi, xalqaro ta’lim dasturlarida qatnashishi va xorijiy tajribadan foydalanishi uchun mavjud imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.

Professor Obidjon Xamidov 2027-yilda Buxoro shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) sammiti bo‘lib o‘tishi masalasiga ham to‘xtalib, mazkur xalqaro tadbir shaharning xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlash, ko‘p tomonlama muloqot va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

Elchining talabalar bilan ochiq muloqoti va o‘zbek tilidagi jurnal taqdimoti

Seminarda Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi, doktor Rashad Mammadov ham so‘zga chiqdi. Diplomat Buxoroga tashrifidan mamnunligini bildirib, O‘zbekistonning boy tarixi, qadimiy shaharlari, betakror madaniy merosi va mehmondo‘stligi haqida iliq fikrlarini bildirdi. Buxoroning asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markazlaridan biri sifatida shakllanganini alohida e’tirof etdi.

Elchi o‘z ma’ruzasida talaba-yoshlarga Ozarbayjon Respublikasining geografik joylashuvi, tarixi, davlat va jamiyat hayoti, milliy madaniyati, urf-odatlari hamda ilmiy-ma’naviy merosi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini birlashtirib turuvchi tarixiy ildizlar, til va madaniyat yaqinligi, turkiy xalqlarning mushtarak qadriyatlari hamda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning bugungi ahamiyatiga to‘xtaldi.

Uchrashuvning savol-javob qismi samimiy va interaktiv ruhda o‘tdi. BuxDU talabalari Ozarbayjonning oliy ta’lim tizimi, xorijiy talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, xalqaro akademik almashinuv dasturlari, diplomatik faoliyat hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar.

Doktor Rashad Mammadov talabalarning savollariga batafsil javob berib, ularning tarix, madaniyat va xalqaro munosabatlarga bo‘lgan qiziqishini yuqori baholadi. Muloqot davomida xorijiy tillarni o‘rganish, xalqaro tajriba orttirish, ilmiy izlanishlarga intilish va turli xalqlarning madaniy merosini chuqur anglashning ahamiyati haqida ham fikr almashildi.

Uchrashuvning e’tiborli jihatlaridan yana biri — elchi tomonidan Buxoro davlat universiteti talabalariga o‘zbek tilida nashr etilgan “İRS Miras” jurnalining 2025–2026-yilgi qishki soni taqdim etilgani bo‘ldi.

“Ozarbayjonni kashf eting” shiori ostida chop etiladigan mazkur jurnal tarix, madaniyat va antropologiya yo‘nalishlarini qamrab olib, Ozarbayjonning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda an’analarini o‘zbek kitobxonlariga yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.

Nashrning o‘zbek tilida taqdim etilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalar, o‘zaro hurmat va do‘stlik munosabatlarining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

BuxDUda Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazi ochildi

13-oktabr kuni Buxoro davlat universitetining Tarix fakultetida XVI–XVII asrlarda yashab ijod qilgan atoqli Ozarbayjon mutafakkiri Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda universitet rahbariyati, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Yangi tashkil etilgan markaz Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, ilmiy va madaniy aloqalarni o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan. Tantanali marosimda ramziy lenta kesilib, Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Ishtirokchilar markazda yaratilgan sharoitlar, uning ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlari va istiqboldagi faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.

Ochilish marosimidan so‘ng universitet vakillari hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Muloqot davomida ikki xalqning tarixiy-madaniy aloqalari, mushtarak ilmiy va adabiy merosi, Yusuf Qorabog‘iyning falsafiy qarashlari, uning hayoti va ijodiga oid manbalarni tadqiq etish, shuningdek, Ozarbayjon tarixi, madaniyati va adabiyotini talaba-yoshlar orasida keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Markaz negizida ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, qo‘shma tadqiqotlar va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlarni tashkil etish, yosh olimlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat tadqiqotchilari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir doirasida Ozarbayjonshunoslik markaziga kitoblar taqdim etildi. Ushbu adabiyotlar Ozarbayjonning tarixi, madaniyati, adabiyoti va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganayotgan talabalar hamda tadqiqotchilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Markazning ochilishi Buxoro davlat universitetida xalqaro ilmiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish va ikki qardosh xalqning mushtarak merosini chuqur o‘rganish yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

Yusuf Qorabog‘iyning ilmiy-ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya

Shu kuni Buxoro davlat universitetida “Yusuf Qorabog‘iyning hayoti, ilmiy va ma’naviy merosi va global sivilizatsiya: falsafa, ilm-fan va ma’naviy an’analar muloqoti” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham tashkil etildi. BuxDU Tarix fakultetining Islom tarixi va manbashunosligi, falsafa kafedrasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda universitet rahbariyati, Ozarbayjon ilmiy-madaniy jamoatchiligi vakillari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Konferensiyani Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, mushtarak ma’naviy ildizlar va ilmiy hamkorlikning bugungi ahamiyatini ta’kidladi.

“Bir zamonlar Yusuf Qorabog‘iy Qorabog‘dan Buxoroga ilm va ma’rifat izlab kelgan edi. Bugun esa uning nomi ikki xalqning yangi avlod olimlari va talabalari uchun birlashuv ramziga aylanmoqda”, — dedi rektor.

Yusuf ibn Muhammadjon al-Qorabog‘iy XVI asrning ikkinchi yarmi va XVII asrning birinchi yarmida yashagan, falsafa, mantiq, kalom va boshqa ilmiy yo‘nalishlarda faoliyat yuritgan yirik mutafakkirlardan biridir. U Qorabog‘, Shirvon va Sheroz ilmiy muhitlarida bilimini boyitib, keyinchalik Samarqand hamda Buxoroda ilmiy-pedagogik faoliyat olib borgan. Uning hayot yo‘li va ilmiy merosi Ozarbayjon hamda Movarounnahr o‘rtasidagi tarixiy intellektual aloqalarning yorqin namunasi hisoblanadi. Konferensiyada Yusuf Qorabog‘iyning falsafiy qarashlari, ilmiy asarlari va qo‘lyozma merosi, Sharq mutafakkirlari ilmiy an’analarining davomiyligi, falsafa va ma’naviyatning global sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni kabi masalalar yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi va muhokamalar olib borildi.

Shuningdek, tarixiy-falsafiy manbalarni tadqiq etish, qo‘lyozma merosini o‘rganish, ilmiy-tanqidiy matnlar tayyorlash, tarjima faoliyatini rivojlantirish hamda yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Anjumanda yangi tashkil etilgan Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining istiqboldagi ilmiy faoliyati ham muhim o‘rin tutdi. Mazkur markaz mutafakkir asarlarini qo‘lyozmalar asosida tadqiq etish, ikki xalqning tarixiy-falsafiy merosiga oid qo‘shma izlanishlarni yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

“Arshin mol olon” — Buxoroda Ozarbayjon san’ati va do‘stlik tarannumi

Ozarbayjon madaniyati va san’ati kunlari doirasidagi tadbirlar ilmiy uchrashuv va konferensiyalar bilan cheklanib qolmadi. Buxoro davlat universitetida buyuk ozarbayjon bastakori Uzeyir Hojibeylining mashhur “Arshin mol olon” operettasi ham namoyish etildi. Spektakl Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining “Xaribulbul” teatr truppasi tomonidan sahnalashtirildi. Mazkur madaniy tadbir Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Buxoro viloyati hokimligi hamda Buxoro davlat universiteti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov ochib berdi. Rektor o‘z nutqida O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, til, madaniyat, an’ana va qadriyatlar birlashtirib turishini ta’kidladi. Shuningdek, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik aloqalari ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat sohalarida ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etdi.

“Arshin mol olon” operettasi Sharq musiqa va teatr san’atining nodir namunalaridan biri bo‘lib, unda muhabbat, insoniy samimiyat, milliy qadriyatlar va ijtimoiy munosabatlar musiqiy-hajviy talqinda aks ettirilgan. “Xaribulbul” teatr truppasi ijodkorlari tomonidan namoyish etilgan spektaklda yorqin obrazlar, milliy liboslar, kuy-qo‘shiqlar va sahna harakatlari orqali Ozarbayjon xalqining o‘ziga xos musiqiy an’analari hamda boy madaniy merosi namoyon bo‘ldi. Aktyorlarning ta’sirchan ijrosi, milliy ruhdagi musiqiy kompozitsiyalar va sahna bezaklari tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Spektaklni Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari bilan bir qatorda Buxoro viloyatining ko‘plab san’at ixlosmandlari ham katta qiziqish bilan tomosha qildilar. Zalda hukm surgan ko‘tarinki kayfiyat, qarsaklar va tomoshabinlarning iliq munosabati san’atning xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi kuch ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Mazkur sahna asarining Buxoroda namoyish etilishi O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning amaliy ifodasi, ikki xalqning mushtarak ma’naviy qadriyatlarini targ‘ib etishga qaratilgan muhim madaniy voqea bo‘ldi. Ilm-fan, ta’lim va madaniyat orqali mustahkamlanayotgan do‘stlik Buxoro davlat universitetida Ozarbayjon madaniyati va san’ati kunlari doirasida o‘tkazilgan tadbirlar ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etdi.

Elchining universitet rahbariyati va talabalar bilan uchrashuvi diplomatik va akademik muloqotni rivojlantirishga xizmat qilgan bo‘lsa, Yusuf Qorabog‘iy nomidagi Ozarbayjonshunoslik markazining ochilishi hamda xalqaro konferensiya ikki xalqning mushtarak ilmiy-falsafiy merosini chuqur tadqiq etish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

“Arshin mol olon” operettasining namoyishi esa ilmiy-ma’rifiy tadbirlarni boyitib, Ozarbayjonning milliy musiqa va teatr san’atini Buxoro jamoatchiligiga yaqindan tanishtirdi.

Ushbu xalqaro tadbirlar majmuasi Buxoro davlat universitetining ilmiy-akademik va madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, xalqaro muloqot maydoni sifatidagi o‘rnini mustahkamlash, yoshlarning dunyoqarashini boyitish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik rishtalarini yanada rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.

BuxDU Axborot xizmati

Hamkorlik materiali