Qayd etilishicha, musobaqaning dastlabki 72 ta o‘yinida rekord darajada — 215 ta gol urilgan. Ular orasidan FIFA mutaxassislari 12 ta eng sara golni tanlab olgan.
Nomzodlar orasida Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi, Fransiya hujumchisi Kilian Mbappe, Braziliyalik Vinisius Junior kabi yulduzlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov ham bor.
Shomurodovning Kongo DR terma jamoasi darvozasiga urgan aniq va mahoratli lob zarbasi guruh bosqichining eng chiroyli gollaridan biri sifatida e’tirof etildi. Mazkur gol O‘zbekistonning jahon chempionatidagi debyut ishtirokidagi eng yorqin lahzalardan biri bo‘ldi.
FIFA ma’lumotiga ko‘ra, ovoz berishning birinchi bosqichi 48 soat davom etadi. G‘olib bo‘lgan gol alohida e’lon qilinadi. Keyingi bosqichlarda esa 1/16 final, nimchorak final, chorak final, yarim final hamda musobaqa yakunlariga ko‘ra yana bir necha bosqichli ovoz berish jarayonlari o‘tkaziladi.
Muxlislar o‘zlariga ma’qul bo‘lgan gol uchun FIFA rasmiy platformasi orqali ovoz berishlari mumkin.