Ayniqsa, o‘sha soha yillar davomida eskicha tizimda ishlagan, barcha harakatlarga qaramay, eng past ko‘rsatkich qayd etilgan tarmoq bo‘lsa. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi aynan shunday — shiddatli islohotlar sabab avval mehnatning samarasi deyarli ko‘rinmagan eskicha tizimdan qisqa vaqtda raqamlashgan, ilm-fanga asoslangan ilg‘or mexanizm shakllandi.

Yillar davomida qora terga botib, eng kam hosil oladigan, mahsulotini kimlargadir topshirishga majbur bo‘ladigan dehqonlar o‘rnini esa bugun zamonaviy agrar tarmoq vakillari, katta yer va daromadga ega tadbirkorlar, fermerlar egalladi. Sohada ishlab chiqarish hajmi oshib, bozor mexanizmlari keng joriy etildi. Yangicha yondashuvlar natijasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi bosqichma-bosqich ma’muriy boshqaruvdan iqtisodiy erkinlik va raqobat muhitiga o‘tmoqda. Asosiysi, fermerlar haq-huquqlari himoyasi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Sohadagi islohotlar samarasini xorijiy nashrlar ham e’tirof etib, bot-bot maqolalar e’lon qilayotgani boisi shunda. Xususan, Pokistonning “Diplomatic News Agency”, “Islamabad Post” nashrlari, “Associated Press Of Pakistan” axborot agentligi xabarlarida O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligini takomillashtirish borasidagi islohotlari haqida so‘z boradi. Agentlik O‘zbekistonda sohani raqamlashtirish orqali qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda shaffof mexanizm yo‘lga qo‘yilib, fermerlarga elektron shaklda auksion orqali yerni erkin sotib olish imkoniyati yaratilgani, ular ijaraga olingan yerlarga ekinlarni mustaqil joylashtirishi, yetishtirgan mahsulotiga xaridorni mustaqil tanlashi, xarajatlarni kamaytirish orqali yuqori hosil olib, daromadini oshirishi, faoliyatini birgalikda yuritish uchun kooperativlarga birlashish imkoniyatlari joriy etilganini yozdi.

Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashri esa “Yangi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining yangilangan tizimi fermerlar manfaatiga xizmat qilmoqda” sarlavhali maqola e’lon qildi. Unda bugun O‘zbekiston fermerlariga berilayotgan imkoniyatlar, hatto ularning turli masalalarda fikr-mulohazalari va tavsiyalarini hisobga olish mexanizmi shakllantirilgani haqida so‘z boradi. Ularning murojaatlari va takliflari asosida qonunchilik takomillashtirilayotgani, fermerlar bilan tizimli muloqot qilishda sun’iy intellekt joriy etilgani alohida tilga olinadi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish fermerlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishdan boshlangani bejiz emas. Chunki ular sohaning asosiy ishtirokchilari, tarmoqni rivojlantiruvchi kuch sanaladi. Shu bois, keyingi yillarda sohadagi yangicha yondashuvlar bevosita fermerlar bilan bog‘lanadi.

Bugungi fermer yerni boshqaruvchi, bozorni tushunuvchi, texnologiyadan foydalanuvchi va o‘z manfaatini himoya qila oladigan zamonaviy tadbirkordir. Yangi tizimning bosh maqsadi esa bitta — fermerning daromadi, oziq-ovqat xavfsizligi va mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga qaratilgan. Bu borada aniq islohotlar kechyaptiki, natijada fermerlar manfaatdorligi ham, ularning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi ham oshib boryapti.

Shunday islohotlarning muhimlaridan biri yer munosabatlarini takomillashtirish bo‘ldi. Bu borada mutlaqo yangi tartib joriy etilib, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishda ochiqlik va shaffoflik ta’minlandi, elektron auksion tizimi ishga tushirildi. Bu fermerlarga yerdan foydalanish huquqini qonuniy va kafolatli asosda amalga oshirish imkonini bermoqda.

Masalan, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan faqat zaxirada turgan yerlarni hamma uchun ochiq elektron auksion savdolar orqali erkin sotib olish imkoniyati yaratildi.

Fermerlarning ijara huquqi kafolatlari Yer kodeksi darajasida mustahkamlanib, yerdan foydalanuvchining o‘z arizasiga yoki sudning qaroriga asosan ijara huquqi bekor qilinishi tartibi belgilandi. Shuningdek, yerga bo‘lgan ijara huquqini asossiz bekor qilishga cheklovlar o‘rnatildi. Endi yerning ijara munosabatlari tomonlar kelishuvi yoki sud qarori asosida hal etiladi. Bu ham fermerning kelajakka ishonchini mustahkamlaydi.

Ikkinchi muhim islohot — yangi tizim bo‘yicha fermerlarga ijaraga olgan yeriga ekinlarni mustaqil joylashtirish huquqi berildi. Prezidentimizning tegishli farmoni bilan 2026-yil hosilidan boshlab fermer xo‘jaliklari, klasterlar va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlari o‘z yer uchastkalarida ekiladigan ekin turlarini “Agroportal” (“Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona integratsion platforma) orqali mustaqil ravishda joylashtiradi. Bunda davlat organlari tomonidan ekinlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri belgilash amaliyoti bekor qilindi va ma’lumotlar raqamli platforma orqali shaffof yuritilishi belgilandi. Raqamli platformalar orqali ekinlarni joylashtirish amaliyoti inson omilini kamaytirib, qaror qabul qilish jarayonini shaffoflashtirmoqda. Bu esa bozor talabidan kelib chiqqan holda mahsulot yetishtirishga sharoit yaratyapti.

Uchinchidan, fermerlar faoliyati erkinligini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilib, davlat buyurtmalari tizimi qisqartirildi. Ya’ni paxta va g‘alla yetishtirishda erkin bozor tamoyillariga o‘tib boryapmiz, bugun fermerlar xaridorni mustaqil tanlash imkoniyatiga ega.

Davlatimiz rahbarining 2021 yilda qabul qilingan tegishli qarori bilan davlat boshqaruvi organlari, shu jumladan, barcha darajadagi mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshoqli don yetishtirishda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlash, bug‘doyni sotish jarayonlari, shartnomalar tuzish, xo‘jaliklarni don tayyorlash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi muayyan korxonalarga biriktirish, respublika hududlari o‘rtasidagi ichki tashuvlarga aralashuvi qat’iyan taqiqlangan.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, bugungi kunda fermerlar birja savdolari orqali shartnoma tuzish, mahsulotni erkin realizatsiya qilish va daromadni mustaqil boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Mahalliy amaldorlar fermerlar faoliyatiga aralashsa, ularga tahdid yoki haqorat qilsa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Hozir fermerlar har bir hududda faoliyat yuritayotgan klasterlarning istalgani bilan shartnoma tuzish imkoniyatiga ega. Birgina Qashqadaryo viloyatida 15 ta paxta-to‘qimachilik klasteri bor. Sohadagi ushbu yangi tizim xomashyo yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan zanjirni birlashtirib, fermer xo‘jaliklarining daromadini oshirishga xizmat qilmoqda. Xo‘jaliklar klasterlar bilan o‘zaro kelishgan xolda birja savdolarida (fyuchers, forvard va spot) shartnoma tuzib faoliyat yurityapti.

To‘rtinchidan, zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi fermerlar xarajatlarini kamaytirib, yuqori hosil olish hamda daromadini oshirishga yo‘l ochyapti. Endi paxta yetishtirishda ham avvalgi eski usullardan voz kechilib, xorijiy tajribaga asoslangan ilg‘or usullar qo‘llanilmoqda. Keyingi yillarda paxta hosildorligi bir necha barobar ortganining sabablaridan biri shu.

Kelgusida yangi agrotexnologiya asosida 891 ming gektarda to‘liq 76 sxemada paxta ekiladi. Ko‘sak qurti, gerbitsid, sho‘r va suvsizlikka chidamli xorijiy navlar ekiladigan maydon 2 karra ko‘paytirilib, 500 ming gektarga yetkaziladi.

“Shinjon tajribasi” asosida 300 ming gektarga chigit ekish ko‘zda tutilgan. Buning uchun dalalarda tomchilab sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 2 trillion 600 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratiladi. O‘z mablag‘idan paxta yetishtirgan fermerlarga hosilning 10 foizigacha qismini subsidiyalashga 250 milliard so‘m ajratiladi. Bunda paxta yetishtirish uchun kredit limitining yarmidan foydalangan fermerlarga ham hosilning 5 foizigacha subsidiya beriladi.

Mamlakatimiz suv resurslarining katta qismi qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi. Shu bois, suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng muhim vazifalardan biriga aylangan. Bu borada suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash yaxshi samara beryapti. Bunday texnologiyalar narxi arzon bo‘lmagani bois, davlat doimiy ravishda soha vakillarini qo‘llab-quvvatlayotgani ko‘rinadi. Xususan, suv tejaydigan uskunalar qiymatining 30-40 foiz qismi, sarflangan elektr energiyasi to‘lovlarining 100 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi fermerlar manfaatdorligini yanada oshirdi.

Ayni paytda yurtimizda jami 2,8 million gektar yerda, sug‘oriladigan ekin maydonlarining 66 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Davlatimiz rahbarining tegishli farmon hamda qarori bilan yangicha yondashuv asosida suv hisobini yuritishni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Endilikda “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va iste’molchilarga elektron tarzda ma’lum qilinadi.

Beshinchidan, kooperatsiya tizimi joriy etildi va bu ham sohadagi eng katta islohotlardan biri. Tizim fermerlarga faoliyatini birgalikda yuritish uchun birlashish imkoniyatini yaratdi. Tizim “Qishloq xo‘jaligi kooperativlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, hozir mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishida mingdan ortiq qishloq xo‘jaligi kooperativi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Birgina paxtachilik yo‘nalishida yurtimiz bo‘ylab 92 ta qishloq xo‘jaligi kooperativi ochildi. O‘tgan yili tashkil etilgan 72 ta kooperativ bilan 765 ta fermer xo‘jaligi o‘rtasida birja savdolari orqali shartnomalar tuzilib, ular tomonidan 96 ming tonna paxta xomashyosi to‘g‘ridan to‘g‘ri qishloq xo‘jaligi kooperativlariga yetkazib berildi.

Kooperativlarni qo‘llab-quvvatlash va huquqiy himoya qilish borasida ham aniq mexanizm ishlayapti. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili qabul qilingan tegishli farmoni bilan O‘zbekiston fermerlari kengashiga fermer, dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari manfaatlarini ko‘zlab sudga davlat boji to‘lamasdan da’vo arizalari kiritish hamda fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi kooperativlari manfaatlarini ko‘zlab sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etish, shuningdek, da’vo arizalari bilan bir qatorda apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida shikoyatlar, arizalar taqdim etish huquqi berildi.

Ayni tizim sabab bugunga qadar fermerlarning 8,4 milliard so‘m mablag‘i tejab qolindi. Davlat tomonidan fermerlarning huquqiy himoyasini ta’minlovchi bunday amaliyot dunyoning birorta davlati tajribasida kuzatilmaydi.

Oltinchidan, fermerlar qishloq xo‘jaligidagi islohotlar bo‘yicha siyosiy munozaralarga jalb qilinib, fikr-mulohazalari va tavsiyalarini hisobga olish mexanizmi joriy etildi. Qabul qilish jarayonlarida fermerlarning ishtiroki kuchaytirildi. Ochiq muloqotlar, jamoatchilik muhokamalari va raqamli platformalar orqali fermerlar taklif va tashabbuslar bildirmoqda. O‘zbekiston fermerlari kengashining “Fermer minbari” tele¬gram guruhi orqali ochiq muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Bularning bari qonunchilik va sohaviy qarorlarni hayotga yaqinlashtirishga xizmat qilyapti. Jumladan, birgina Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 167 fermer deputat sifatida saylanib, qonunchilikni takomillashtirishda faol ishtirok etmoqda.

Joriy yilda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Buxoro viloyatlarida fermerlar bilan jonli uchrashuvlar o‘tkazilib, fikr va takliflari tinglandi. Muloqotlarda jami 156 ta taklif kelib tushgan bo‘lib, ayni paytda ularning yechimi bo‘yicha normativ hujjatlar loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlar orqali doimiy ravishda murojaatlar qabul qilinib, amaliy yechimlari berilyapti.

Shuningdek, fermerlar faoliyatiga ko‘maklashish va qulay sharoit yaratish maqsadida sun’iy intellekt asosida ishlovchi va fermerlarga tezkor maslahatlar beruvchi “Fermer AI” telegram boti ishlab chiqildi. Bu orqali sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish yangi bosqichga o‘tmoqda.

Zafar MUSTAFOQULOV,

O‘zbekiston fermerlari kengashi

raisi o‘rinbosari