Forum global uy-joy inqirozi, iqlim xavflari, inklyuziv va barqaror urban rivojlanish bo‘yicha yechimlarni muhokama qilish uchun asosiy maydonlardan biridir. Unda dunyoning 178 mamlakatidan 30 mingga yaqin mutaxassis ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda qabul qilinadigan “Boku harakat chaqirig‘i” BMT Bosh kotibining
2026 yildagi hisobotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa forumning nafaqat
muloqot maydoni, balki aniq siyosiy majburiyatlar shakllantiriladigan platforma
ekanini ham anglatadi.
Demografiya
ko‘rsatkichlari
Bugungi kunda urbanizatsiya dunyoning eng yirik demografik jarayonlaridan
biridir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1950 yilda dunyo aholisining atigi 20 foizi
shaharlarda yashagan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 45 foizga yetgan. Prognozlarga ko‘ra,
2050 yilgacha aholi o‘sishining uchdan ikki qismi shaharlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Global yalpi ichki mahsulotning 80 foizdan ortig‘i aynan shaharlarda ishlab
chiqarilmoqda.
Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda urbanizatsiya sur’atlari yuqori.
1985-2010 yillarda o‘rtacha daromadli mamlakatlarda shahar aholisi ikki barobar,
eng kam rivojlangan davlatlarda esa uch baravar ko‘paydi. Aholisi 10 milliondan
ortiq bo‘lgan shaharlar soni 1975 yildagi 8 tadan 2025 yilda 33 taga yetdi.
Ularning 19 tasi Osiyoda joylashgan. Urbanizatsiya markazlari endi Afrika va
Janubiy Osiyo tomon siljib, bu mintaqalardagi megapolislarda aholining yillik o‘sish
sur’ati 3 foizdan yuqori bo‘lmoqda.
Inson farovonligi
Urbanizatsiya jarayoni nafaqat demografik ko‘rsatkichlarning o‘zgarishi,
balki ijtimoiy hayot sifati yaxshilanishi uchun ham imkoniyatlar yaratadi. Shaharlar
ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichimlik suv, sanitariya, transport va energiya ta’minoti
kabi asosiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi. Uni to‘g‘ri
boshqarish aholi turmush sifatini oshirish va ijtimoiy xizmatlardan keng
foydalanish imkonini beradi.
Bu jarayon ijtimoiy inklyuziya va barqaror rivojlanish uchun imkoniyat
bo‘lib, kambag‘allik va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirish, bandlik imkoniyatlarini
oshirish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Global urbanizatsiya
jarayonlari gender tenglikni ta’minlash va ayollarning imkoniyatlarini ro‘yobga
chiqarishga ham xizmat qilmoqda. Shaharlarda ayollar uchun ta’lim va bandlik
imkoniyatlari kengayib, ularning iqtisodiy mustaqilligi ortib bormoqda.
Aholining shaharlarga migratsiyasi ijobiy ahamiyatga ega bo‘lsa-da,
demografik yukning ortishi bilan bog‘liq yechimlarni ham talab qilmoqda. Tug‘ilish
darajasi pasayishi va umr ko‘rish davomiyligi ortishi natijasida aholi qarish
jarayoni urbanizatsiya bilan bog‘liq muhim tendensiyaga aylanmoqda.
Jumladan, 1950 yilda dunyo aholisining 5 foizi 65 va undan katta
yoshlilarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 10 foizga yetdi.
2050 yilga borib esa keksalar ulushi 16 foizga yetishi prognoz qilinmoqda.
Yer va ta’minot muammosi
Global uy-joy muammosi keng ko‘lamda ijtimoiy tengsizlikni aks
ettirmoqda. Aksariyat yirik shaharlarda qurilish hajmi oshsa-da, byudjet va
infratuzilma cheklovlari tufayli yetarli darajada uy-joy qurish imkoniyati cheklanib
qolmoqda.
Masalan, 2024 yilda dunyoda 1,6-3 milliard kishi munosib uy-joy
sharoitiga ega bo‘lmagan. 2022 yili dunyo bo‘ylab 1,12 milliard kishi shunday
sharoitda yashagan va bu miqdor 2015 yildagiga nisbatan 130 million kishiga ko‘p.
Uy-joy masalasi faqat qurilish hajmi bilan emas, balki kambag‘allik,
iqtisodiy imkoniyatlar va xizmatlar ommabopligi bilan ham bog‘liq. Shaharlarda
ijara narxlari balandligi ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirmoqda. Iqtisodiy
hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlarida o‘rtacha hisobda kam
ta’minlangan har 3 ta ijarachi xonadonidan bittasi uy-joy xarajatlari tufayli
og‘ir moliyaviy ahvolda. Ular o‘z daromadining 40 foizdan ko‘prog‘ini ijara haqiga
sarflaydi. Kolumbiya, Chili, Kosta-Rika, Ispaniya va AQSH kabi mamlakatlarda kam
ta’minlangan ijarachi xonadonlarning yarmidan ko‘pi uy-joy xarajatlari og‘irligidan
aziyat chekmoqda.
Dunyo bo‘yicha uy-joy bozori asosan bo‘sh yer, moliyalashtirish va arzon uy-joy
ta’minoti muammolari bilan yuzlashmoqda. Misol uchun, Yevropa shaharlarining qariyb
100 nafar meri o‘rtasida 2025 yilda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra,
shaharlarning 71 foizida qurilish xarajatlari, 60 foizida yer tanqisligi uy-joy
qurilishi yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida qayd etilgan. Uy-joy narxi oshishi va
kreditlash imkoni cheklangani sababli past daromadli oilalar uy-joy xarid qilish
imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.
Iqlim barqarorligi
Urbanizatsiya iqtisodiy o‘sish uchun kuchli vosita bo‘lsa-da, u iqlim va
atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inkor etib bo‘lmaydi. Global issiqxona
gazlarining 70 foizdan ortig‘i shaharlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, iqlim
o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan ob-havo hodisalari shaharlar, ayniqsa, norasmiy
uylarda yashovchilarni jiddiy xavf ostida qoldirmoqda.
Norasmiy turar joylarning katta qismi suv toshqinlari, ko‘chkilari va
issiq xavfi yuqori hududlarda joylashgan. Dunyodagi uy-joy va iqlim inqirozlari
bir-biri bilan chambarchas bog‘liq holda shaharlarda turmush tarzini qaytadan
shakllantirib, katta vayronkorliklarga sabab bo‘lmoqda. Meksikadagi suv
toshqinlaridan tortib, Hindistondagi rekord darajadagi jazirama issiqqacha
jarayonlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Shuning uchun uy-joy siyosatida iqlim xavfini hisobga olgan barqaror
yechimlarni joriy etish, shaharlarni rejalashtirishda energiya samaradorligini oshirish,
chiqindilarni kamaytirish va “yashil” infratuzilmaga alohida e’tibor qaratish muhim
talabga aylanmoqda. Dunyo mamlakatlarining yuqori xavf darajasiga ega hududlarida
uy-joylar qurishni cheklash, mavjud norasmiy hududlarni modernizatsiyalash va aholini
ko‘chirish strategiyasini ishlab chiqishga ustuvor yo‘nalishlar sifatida qaralmoqda.
Boku muloqotining ahamiyati
Bugungi kunda urbanizatsiya jarayoni dunyo mamlakatlari oldiga uy-joy
ta’minoti, ijtimoiy tenglik, infratuzilma muammosi va iqlim barqarorligi bilan
bog‘liq qiyin masalalarni qo‘ymoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “WUF13” global
miqyosda urbanizatsiya va uy-joy masalalarini muhokama qilish bo‘yicha eng muhim
platformalardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Forum doirasida uy-joyning inson farovonligi, iqtisodiy barqarorlik va
ekologik xavfsizlik bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqilishi urbanizatsiyaga
nisbatan yangicha yondashuv shakllanayotganini anglatadi. Ayniqsa, global uy-joy
inqirozi, norasmiy aholi punktlarini transformatsiya qilish, iqlimga chidamli shaharlarni
rivojlantirish hamda inklyuziv moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish kabi
masalalar kun tartibiga olib chiqilishi forumning amaliy ahamiyatini yanada
oshiradi.
“WUF13” doirasida ilgari surilishi kutilayotgan yondashuvlar urbanizatsiyani
faqat hududiy yoki demografik jarayon emas, balki inson kapitali, ijtimoiy adolat
va barqaror rivojlanish omili sifatida baholash zarurligini namoyon etadi. Bu esa
dunyo mamlakatlari, jumladan, rivojlanayotgan davlatlar uchun uy-joy siyosatini
takomillashtirish, shaharlar infratuzilmasini modernizatsiyalash va aholi turmush
sifatini oshirish bo‘yicha muhim tajriba va xalqaro hamkorlik imkoniyatini yaratadi.
Shu jihatdan “WUF13”ni global urbanizatsiya kun tartibini shakllantiruvchi va
kelajak shaharlarining barqaror rivojlanish yo‘nalishlarini belgilovchi muhim xalqaro
tadbir deyish mumkin.
Ushbu forum O‘zbekiston uchun ham muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizda
aholining o‘rtacha o‘sish tendensiyasi yillik ikki foizni tashkil etmoqda. Shunga mos
ravishda qurilish bozori jadal rivojlanmoqda. Agar bu jarayonlar ilmiy asosda
rejalashtirilmasa, infratuzilma, transport va ekologiya, ijtimoiy tengsizlik kabi
muammolar paydo bo‘ladi.
Shu bois, 2017 yildan boshlab shaharlarni kompleks rivojlantirish,
urbanizatsiya masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib, bu sohaga
tizimli va strategik yondashuv joriy etildi. Yo‘l qurilishi, jamoat transporti,
muhandislik va kommunal, kommunikatsiyalar, suv va issiqlik ta’minoti, elektr
tarmoqlarini modernizatsiyalashga katta sarmoya yo‘naltirilmoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida ulkan bunyodkorlik jarayoni, shu jumladan,
uy-joy qurilishi izchil davom etar ekan, bizda ushbu yo‘nalishdagi ilgor yechimlar,
yangidan yangi innovatsion loyihalarga, bu boradagi milliy tajribani xalqaro
maydonda targ‘ib qilishga talab bo‘laveradi. Shu ma’noda, Boku forumi dunyo
shaharsizligi, xususan, mamlakatimiz uchun ham dolzarb ahamiyatga ega.
Suhrob
MAHMUDOV,
Makroiqtisodiy
va hududiy
tadqiqotlar
instituti loyiha rahbari