Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berishicha, joriy yilning 9-iyun kuni soat taxminan 17:30 larda Guliston tumanining “Ishonch” mahallasi dala chetiga yaqin hududida bitta chiyaburi 4 nafar fuqaroga hujum qilgan.

Hodisa sodir boʻlgan vaqtda mazkur mahallada yashovchi fuqaro tomonidan tezkor choralar koʻrilib, yovvoyi hayvon zararsizlantirilgan va mavjud xavf bartaraf etilgan.

Hujum oqibatida jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilgan. Ayni paytda ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida boʻlib, ahvoli qoniqarli ekani bildirildi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan oʻrganish ishlari va profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Vaziiyat mutasaddi idoralar nazoratiga olingan.