Ayniqsa, iqtisodiy salohiyati yuqori, milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga katta hissa qoʻshuvchi hududlar uchun maqsadli davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2026-yil 13-martdagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ham ushbu hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik hujjat sifatida voha aholisi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.
Qarorning asosiy mohiyati Qashqadaryo
viloyati iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, aholi bandligini oshirish,
biznes muhitini va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, yashil tamoyilli
yondashuvlarni joriy etish orqali yuqori ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishni
taʼminlashdan iborat.
Hujjatda
iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Sanoatni modernizatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnologik yangilash va
energiya samaradorligini taʼminlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar
raqobatbardoshligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan
muhim tadbirlar belgilangan. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 foiz,
sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,6 foiz, bozor xizmatlari hajmi 15,9 foiz,
qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8 foiz va qurilish hajmi
13,2 foiz oʻsishiga erishish 2026-yilda yuqori iqtisodiy oʻsishni
taʼminlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari sirasiga kiradi. Ishsizlik
darajasini 3,2 foiz va kambagʻallik darajasini 3 foizga pasaytirish,
shuningdek, hududiy eksport hajmini 1,3 baravar, investitsiyalar hajmini 1,6
baravar oshirish belgilangan. Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida
xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun institutsional
sharoitlar yaratish, soliq va maʼmuriy yengilliklar joriy etish nazarda
tutilgan.
Qarorning
muhim jihati — ijtimoiy yoʻnaltirilganidadir. Ayniqsa, bandlikni taʼminlash,
yangi ish oʻrinlari ochish orqali aholi daromadini oshirish, taʼlim va
sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, yaʼni inson kapitalini oshirish
orqali uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishga zamin hozirlashning asosiy tamoyillari
belgilab berilgan. Infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport, energetika
va kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha ham manzilli chora-tadbirlar
koʻzda tutilgan boʻlib, bu “inson kapitali — iqtisodiy oʻsish drayveri”
konsepsiyasiga toʻliq mos keladi.
Qarorda
belgilanganidek, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan,
hududda texnoparklar va sanoat zonalarini yaratish, raqamli iqtisodiyotni joriy
etish, ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha ustuvor
vazifalar amalga oshiriladi.
Xalqimiz
farovonligini taʼminlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 100 million
AQSH dollari ajratadi. Viloyatda yangi imkoniyat va tashabbuslarni ishga
solish, tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika byudjetidan
190 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.
Viloyatda
energiya samaradorligini oshirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va
“yashil” isteʼmol kreditlarini ajratishga alohida eʼtibor berilgan. Ayniqsa,
viloyatdagi 311 ta ijtimoiy soha muassasasini issiq suv bilan taʼminlash
maqsadida 623 ta geliokollektor (quyosh suv isitish kollektorlari) oʻrnatilishi
barqaror issiq suv bilan taʼminlash va energiya resurslarini tejash imkonini
beradi. Agar bu raqamlarni vakuumli geliokollektor misolida tahlil qilsak,
bitta kollektor yiliga 1700-2000 kilovatt-soat issiqlik energiyasi beradi.
Natijada bitta vakuumli geliokollektor (20-24 shisha trubkali) 180-200 kub metr
gazni yoki 1700-1800 kilovatt-soat elektr energiyasini tejashini hisobga olsak,
oʻrnatilgan 623 ta geliokollektor yordamida yiliga 124 ming 600 kub metr tabiiy
gaz yoki 1 million 121 ming 400 kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod
qilinishi maʼlum boʻladi.
Qarshi
davlat texnika universitetida taʼlim sifatini yaxshilash va zamonaviy
laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash uchun 9 milliard soʻm ajratildi. Bu
mablagʻ vositasida, hudud iqtisodiyoti va sanoat korxonalari ehtiyojidan kelib
chiqib, universitetda zamonaviy laboratoriya majmuasi barpo etiladi. Natijada
universitetda yosh olimlar va ilmiy maktablar uchun ilmiy tadqiqotlarni
rivojlantirish, viloyatdagi muammolarni ilmiy asosda oʻrganish, tadqiq qilish
va yechimlar ishlab chiqish uchun yetarli sharoit yaratiladi. Yosh olimlar va
talabalar hududiy innovatsion loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok
etadi. Sanoat korxonalari uchun ilmiy-konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.
Mahallani
rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida viloyatdagi 99 ta mahallaga
universitetning 800 dan ortiq talabasi biriktirildi. Ularning amaliyoti shu
hududda tashkil qilinmoqda. Arxitektura va qurilish sohasidagi bitiruvchi
talabalar, magistrlar va yosh tadqiqotchilar Qarshi tumanidagi Gulshan
mahallasining bosh rejasini ishlab chiqmoqda.
Energetika
muhandisligi fakulteti tadqiqotchilari va talabalaridan iborat guruh Gulshan
mahallasida energiya isteʼmolchilari yuklamasini tahlil qilish, mahallada
oʻrnatilgan quyosh panellarining samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy-texnik
yechimlar ustida faoliyat yurityapti.
Universitetda
Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligida xorijiy tillar va kasbga oʻqitish markazi
ochildi. Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda yoshlarni ish bilan taʼminlash
istiqbollari belgilab olindi. Talabalar va mahalliy aholi uchun ilk nemis tili
oʻqitish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha zamonaviy
texnika, intellektual oʻquv platformalari va Yevropa standartlariga mos oʻquv
materiallari asosida samarali taʼlim usulini ishlab chiqishga qaratilgan.
Loyihaning
izchil amalga oshirilishi minglab yoshlarning Germaniyada oʻqishi va ishlashi
uchun keng imkoniyat yaratadi. Germaniyaning “Prosika” va “Motiba”
kompaniyalari bilan hamkorlikda joriy yil 3 ming, 2030-yilgacha jami 50 ming
nafar yoshni ushbu loyiha orqali nufuzli nemis kompaniyalariga ishga yuborish
reja qilingan.
Prezidentimiz
qarori Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida tizimli va
kompleks yondashuvni taʼminlaydi. Uning ijrosi hududda iqtisodiy oʻsish
surʼatini barqarorlashtirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash,
viloyatning investitsion va innovatsion salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Shu jihatdan mazkur qarorni hududiy rivojlanishning institutsional asosini
mustahkamlovchi va milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga hissa qoʻshuvchi
strategik hujjat sifatida eʼtirof etish oʻrinlidir.
Gʻulom UZOQOV,
texnika fanlari
doktori,
professor