Mazkur yirik loyiha Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Marosimda Odil Abdurahmonov, Adham Ikromov, Sardor Rajabov, Otabek Umarov, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, sport federatsiyalari vakillari hamda jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarni jismonan sog‘lom va barkamol qilib tarbiyalash davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini ta’kidladi. Qayd etilishicha, mazkur olimpiada ommaviy sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sardor Rajabovning ta’kidlashicha, ushbu musobaqa talaba-yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish, ular uchun munosib sharoitlar yaratish va sog‘lom hayot tarzini keng targ‘ib etishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida millionlab yoshlarni qamrab olishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, musobaqalarning barcha bosqichlari “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi. Hozirga qadar 168 ta oliy ta’lim tashkiloti, jumladan, 92 ta davlat, 52 ta nodavlat va 24 ta xorijiy oliygoh ushbu tizim orqali ro‘yxatdan o‘tgan.
Musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan talabalar soni 159 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.
Musobaqalar uch bosqichda o‘tkaziladi:
- 1-bosqich — 6–20 aprel;
- 2-bosqich — 1–15 may;
- final bosqichi — 1–10 iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida bo‘lib o‘tadi.
Bellashuvlar voleybol, gandbol, basketbol 3x3, stol tennisi, futbol, yengil atletika va suzish sport turlari bo‘yicha tashkil etiladi.