Dunyoning yetti moʻjizasini zukko oʻquvchilarimiz yaxshi biladi. Shuning uchun ularni birmabir sanab oʻtirishdan tiyilamiz. Ana shu yetti moʻjizaning biri — Tojmahal bizning millatdosh bobolarimiz tomonidan bunyod etilgani ham har birimizga faxr va gʻurur bagʻishlaydi. Axir yer yuzida umrguzaronlik qiladigan ikki mingga yaqin millat va elat vakillaridan bor-yoʻgʻi yettitaginasi moʻjiza yaratgan va ulardan biri toʻgʻridan toʻgʻri bizga, yaʼni oʻzbek millatiga taalluqli boʻlsa, bundan faxrlanmasdan boʻladimi?!
Soʻzimni nega
dunyoda mavjud millat va elatlar, ular yaratgan moʻjizalar haqida boshladim?
Agar sabr bilan quyidagi bitiklarni oʻqib chiqsangiz, ushbu savolga javob
topasiz degan umiddaman.
Soʻnggi oʻn
yillikda mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga qadam
qoʻydi. Bu jarayonda iqtisodiy oʻsish, infratuzilmaviy rivojlanish bilan birga
maʼnaviyatga ham alohida eʼtibor qaratilayotgani, yangi Oʻzbekistonning ichki
va tashqi siyosatida madaniy uygʻonish muhim oʻrin tutayotganini alohida
taʼkidlab oʻtsak, arziydi. Ayniqsa, xalqimizning boy tarixiy merosini tiklash,
asrab-avaylash va chuqur oʻrganish borasidagi keng koʻlamli ishlar yurtimizda
yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.
Ajdodlarimiz
qoldirgan bebaho ilmiy va maʼnaviy xazinalar asrlar davomida insoniyat
taraqqiyotiga xizmat qilib kelgan. Bobolarimizning asarlari, kashfiyotlari va
gʻoyalari bugungi kunda ham dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq. Shu bois, bu merosni
nafaqat saqlash, balki uni zamonaviy talqin asosida keng jamoatchilikka
yetkazish ortga tashlab boʻlmas vazifa sanaladi. Soʻnggi yillarda tarixiy
obidalarni restavratsiya qilish, qadimiy qoʻlyozmalarni tiklash, yangi muzey va
ilmiy markazlar barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ana shu ezgu
maqsadga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz
poytaxtida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqamizda soʻnggi
oʻn yilliklarda qad rostlagan inshootlarning marvaridi boʻldi, desak mubolagʻa
emas. Bu markaz nafaqat meʼmoriy jihatdan noyob inshoot, Markaziy Osiyoning
jahon tamadduniga qoʻshgan ulkan hissasini oʻzida aks ettirgan, muqaddas
dinimiz tarixini mujassam etgan ilmiy-maʼrifiy maskan ekani bilan ham muhim
ahamiyat kasb etadi.
Ushbu markaz uzoq
asrlar oʻtmish va bugun oʻrtasida mustahkam va muhtasham koʻprik sifatida
xizmat qilajak.
Shubhasiz, islom
sivilizatsiyasi insoniyat tarixida beqiyos oʻrin tutadi. U faqatgina diniy
qarashlar majmui emas, balki keng qamrovli madaniy, ilmiy va falsafiy bilimlar
tizimi sifatida oʻn toʻrt asr davomida shakllangan. Ayniqsa, oʻrta asrlarda
islom dunyosi ilm-fan taraqqiyotining markazi edi.
Bu davrda
matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya, falsafa kabi koʻplab fanlar
jadal rivojlandi. Ilmiy tafakkur erkinligi, izlanish va tajriba madaniyati
Gʻarbu Sharq boʻylab keng yoyildi. Bu, oʻz navbatida, tamaddunning yangi
bosqichini boshlab berdi. Markaziy Osiyo bu jarayonlarning yuragi boʻldi. Aynan
shu hududda yetishib chiqqan buyuk allomalar jahon ilm-fani rivojiga beqiyos
hissa qoʻshdilar. Ular yaratgan ilmiy asarlar asrlar davomida dunyo ilmiy
tafakkuriga yoʻl koʻrsatib keldi.
Birinchi Renessans
deb ataluvchi ilk Uygʻonish davrida ilm-fan mislsiz taraqqiy etdi. Al
Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy kabi buyuk qomusiy
ajdodlarimizning ilm tafakkuri orqali algebra, trigonometriya, tibbiyot va
astronomiya sohalarida ulkan kashfiyotlar qilindi. Bu kashfiyotlar keyinchalik
Yevropa Uygʻonish davriga asos boʻlib xizmat qildi.
Ikkinchi Renessans
davrida esa madaniyat, sanʼat va adabiyot yuksak darajaga koʻtarildi.
Meʼmorlik, naqqoshlik, kitobat sanʼati rivojlandi. Bu davrda yaratilgan asarlar
bugungi kunda ham qadr-qimmatini yoʻqotgani yoʻq.
Xorazm ilmiy
maktabi matematik va astronomik kashfiyotlari bilan mashhurlikka erishgan
boʻlsa, Buxoro diniy-falsafiy bilimlar markazi sifatida shuhrat topdi. Oʻz
navbatida, Samarqand astronomiya markaziga aylandi.
Ajdodlarimizning
ilmiy merosi keyinchalik Yevropa orqali butun dunyoga tarqaldi. Koʻplab asarlar
lotin tiliga tarjima qilinib, jahon boʻylab ilm-fan rivojiga turtki berdi. Ayni
shu asoslar islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotidagi oʻrni naqadar ulkan
ekanini koʻrsatadi. Demak, bu merosni jamlash va targʻib qilish nihoyatda
muhimdir.
Islom
sivilizatsiyasi markazi aynan shu vazifani bajaruvchi maskan sifatida maydonga
chiqdi. Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor Prezidentimiz tomonidan 2017-yilda
BMT minbaridan turib ilgari surilgandi. Loyiha qisqa vaqt ichida yirik
bunyodkorlikka aylandi. Puxta oʻylangan reja, aniq maqsad asosida 2019-yildan
amaliy harakatlar boshlab yuborildi. Qariyb oʻn yil davomida misli koʻrilmagan
qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi. Bu jarayonda zamonaviy texnologiyalar
va milliy anʼanalar uygʻunlashtirildi. Har bir element oʻziga xos maʼnoga ega
boʻlib, u umumiy konsepsiyani toʻldirib turishi bilan eʼtibor tortishi shundan.
Gumbazlar, ravoqlar, bezaklar — barchasi tarixiy anʼanalar asosida yaratilgan.
Qurilish
jarayonida minglab mutaxassislar ishtirok etdi. Meʼmorlar, tarixchilar,
dizaynerlar va muhandislar birgalikda ishladi. Bu esa markazning mukammal
shaklda bunyod etilishiga xizmat qildi.
Islom
sivilizatsiyasi markazi ichki tuzilishi jihatidan ham nihoyatda boy va
rang-barangdir. Bu yerda har bir zal alohida mavzuga bagʻishlangan. Qurʼon
zalida noyob qoʻlyozmalar, kitobat sanʼatining nodir namunalari saqlansa,
tarixiy ekspozitsiyalarda islomgacha boʻlgan davr, muqaddas dinimizning Markaziy
Osiyoga kirib kelishi, ilm fan, madaniyat va sanʼatning taraqqiy topishi ochib
berilgan. Bu yerga kirgan har bir inson oʻziga xos maʼnaviy muhitni his qiladi.
Interaktiv vositalar esa bu jarayonni yanada jonlantiradi.
Allomalarga bagʻishlangan boʻlimlar markazning eng qiziqarli qismlaridan
biridir. Bu yerda ularning ilmiy merosi keng yoritilgan.
Markazda ulkan
kutubxona, konferensiya zallari, ilmiy laboratoriyalar mavjud. Bu esa uni
zamonaviy ilmiy maskanga aylantiradi.
Inshoot
arxitekturasi va infratuzilmasiga oid raqamlar ham uning naqadar ulkan va
mukammal loyiha ekanini yaqqol namoyon etadi. Jami hududi qariyb 10 gektarni
tashkil etadigan binoning umumiy foydali maydoni 42 ming kvadrat metrdan ortiq.
Shu jihatdan u Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-maʼrifiy majmualardan biri
hisoblanadi.
Uch qavatli
binoning uzunligi taxminan 161 metr, kengligi 118 metrni tashkil qiladi.
Markazning asosiy gumbazi 65 metr balandlikkacha koʻtarilib, shahar manzarasiga
alohida fusun bagʻishlagan. Bu raqamlar va imkoniyatlar markazning nafaqat
meʼmoriy, balki funksional jihatdan ham yuqori darajada oʻylangan loyiha
ekanini koʻrsatadi.
Majmuaning ahamiyati faqat milliy miqyos bilan cheklanib qolmaydi. U jahon
sivilizatsiyasi tarixini oʻrganish, islomning insonparvarlik mohiyatini ochib
berish va global ilmiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim platforma sifatida
xizmat qiladi. Markaz dunyo boʻylab turli davlatlardan kelgan yuzlab olimlarni
birlashtirib, xalqaro ilmiy muloqot uchun keng imkoniyat yaratayotgani ham uning
ahamiyatini yanada oshiradi.
Bugungi kunda
dunyoda turli diniy va madaniy qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgan murakkab
bir davrda mamlakatimiz ushbu markaz orqali islomning haqiqiy mohiyati —
maʼrifat, tinchlik va taraqqiyot gʻoyalarini ilmiy asosda namoyon etmoqda. Shu
jihatdan olib qaraganda, mazkur majmua nafaqat ilmiy muassasa, balki
sivilizatsiyalar oʻrtasida muloqot koʻprigi vazifasini bajaradigan strategik
loyiha hisoblanadi.
Markazning jahon
miqyosidagi oʻrni yana shu bilan ham belgilanadiki, u koʻlami va konsepsiyasi
jihatidan dunyodagi islom sivilizatsiyasiga bagʻishlangan eng yirik
komplekslardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu yerda jamlangan
qoʻlyozmalar, ilmiy tadqiqotlar va madaniy ekspozitsiyalar nafaqat
Oʻzbekiston, balki butun insoniyat tarixi uchun muhim manba vazifasini oʻtaydi.
Shu bois, markaz kelgusida xalqaro turizm, taʼlim va ilm-fan integratsiyasida
ham muhim oʻrin tutishiga shubha yoʻq.
Islom
sivilizatsiyasi markazi oʻtmish, bugun va kelajakni birlashtirgan betakror maʼnaviy-maʼrifiy
makondir. U ajdodlar merosini asrab-avaylash, uni chuqur oʻrganish va keng
jamoatchilikka yetkazish orqali Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga
xizmat qilishi shubhasiz.
Endi maqolamiz
avvalidagi ona sayyoramizda umrguzaronlik qilayotgan ikki mingdan ortiq millat
va elat hamda dunyoning yetti moʻjizasi haqidagi fikrlarga qaytsak.
Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoda inson qoʻli bilan
bunyod etilgan sakkizinchi moʻjizaga aylanishi mumkinmi?!
Fikrimizcha, mumkin!
Dunyoning yetti moʻjizasidan birini yaratgan millat nega endi
sakkizinchi moʻjizani yarata olmas ekan?!
Xulosa oʻrnida aytmoqchi boʻlganimiz, Islom sivilizatsiyasi
markaziga keling, koʻzingiz bilan koʻring va yangi Oʻzbekistonda dunyoning
sakkizinchi moʻjizasi qad rostlaganiga oʻzingiz guvoh boʻling!
Islom HAMRO,
Jurnalist