Mazkur mukofot Financial Times Group tarkibiga kiruvchi fDi Intelligence nashri tomonidan har yili biznes va investitsiyalarni jalb etish bo'yicha samarali strategiyalarni amalga oshirayotgan iqtisodiy zonalarga beriladi.

Ushbu e'tirof IT Park Uzbekistan’ning raqobatbardosh texnologik ekotizimni rivojlantirish, xalqaro kompaniyalar va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, mamlakatning raqamli kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasidagi faoliyatiga berilgan baho hisoblanadi.

IT Park Uzbekistan ma'lumotlariga ko'ra, «Bir million o'zbek dasturchisi» loyihasi doirasida 1,7 million nafar yosh, «Besh million sun'iy intellekt yetakchisi» tashabbusi doirasida esa 1,3 million nafar ishtirokchi ta'lim olgan.

Xalqaro IT sertifikatlari xarajatlarini qoplash dasturi orqali 4 926 nafar yosh mutaxassis qo'llab-quvvatlangan. Xalqaro miqyosda tan olingan IT sertifikatlari va ta'lim xarajatlarini qoplash uchun 18 milliard so'mdan ortiq mablag' yo'naltirilgan.

Shuningdek, IT-Talents dasturi doirasida bitiruvchilari IT eksport qiluvchi kompaniyalarga ishga joylashgan ta'lim tashkilotlarini qo'llab-quvvatlash uchun 3,17 milliard so'm ajratilgan.

ICT4Girls, startaplarni inkubatsiya qilish dasturlari va milliy texnologik tanlovlar ham yoshlar hamda xotin-qizlarning texnologiya sohasidagi imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Oli y ta'lim muassasalarida tashkil etilgan 20 ta sun'iy intellekt laboratoriyasi ham raqamli ko'nikmalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda IT Park Uzbekistan ekotizimi 4 100 dan ortiq rezident kompaniyani, jumladan, xorijiy ishtirokdagi 1 200 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. Ushbu kompaniyalarda 56 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritadi.

1 100 dan ortiq eksportchi kompaniya dunyoning 102 ta davlatiga xizmat ko'rsatmoqda. IT Park Uzbekistan ma'lumotlariga ko'ra, mamlakatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksporti 1,1 milliard AQSh dollaridan oshgan.

Raqobatbardosh soliq imtiyozlari, rivojlanayotgan infratuzilma va xalqaro hamkorlik xorijiy texnologiya kompaniyalarini jalb etish hamda eksportga yo'naltirilgan biznesni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

StartupBlink Global Startup Ecosystem Index 2026 reytingida O'zbekiston «2026 yil mamlakati» deb e'tirof etilgan. Mamlakat startap ekotizimi 227,3 foiz o'sish ko'rsatkichi bilan dunyodagi eng tez rivojlanayotgan ekotizim sifatida qayd etilgan.

Ikki yil davomida O'zbekiston jahon reytingida 31 pog'ona yuqorilab, 79-o'rinni egallagan. Toshkent esa dunyo startap shaharlari orasida 229-o'rindan joy olgan.

Dealroom ma'lumotlariga ko'ra, 2026 yilda O'zbekiston startap ekotizimining taxminiy umumiy qiymati 4,3 milliard AQSh dollariga yetgan.

IT Park Uzbekistan’ning xalqaro mukofotga sazovor bo'lishi mamlakatda texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va raqamli kadrlar tayyorlash borasidagi sa'y-harakatlarning xalqaro miqyosda e'tirof etilayotganini ko'rsatadi.