Natijada XX asr boshlaridan Shahrisabzdagi Oqsaroy majmuasi hududini mahalliy aholi toʻliq oʻzlashtirishga kirishdi. Odamlar xom gʻisht va paxsadan uy-joylar qurib oldi.
Oʻtgan
asrning 50-yillariga kelib, yer ostida qolib ketgan tarixiy obyekt tasodifiy
bir voqea tufayli ochilib qoladi. Bunga bir qizaloq sababchi boʻlgan.
Aytishlaricha, Oqsaroy yaqinida uy-joy qurib yashayotgan mahalliy aholi
vakillaridan birining qizchasi hovlida oʻynab yurganida yerning bir qismi
oʻpirilib, u pastlikka tushib ketadi. Kutilmagan holatdan ota-onasi shoshib
qoladi. Tezkor saʼy-harakatlar tufayli odamlar toʻplanib, qizchani qutqarib
oladi. Lekin shu jarayonda oʻpirilib tushgan joy oddiy chuqurlik emasligini
yigʻilganlar tushunib qoladi. Koʻrinishidan inshootga oʻxshash bu joy ancha
keng ekani maʼlum boʻladi. Sarosimaga tushib qolgan xonadon egasi
mahalladoshlarining maslahati bilan mutaxassislarga xabar berish harakatiga
tushadi. U oʻsha paytda yaqindagina akademik etib saylangan Yahyo Gʻulomovga
murojaat qiladi.
Shu
yilning oʻzida akademik Yahyo Gʻulomov boshchiligidagi arxeologlar bu yerda
oʻrganish olib boradi. Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida bu inshoot bir
paytlar koʻmilib ketgan yer osti daxmasi ekani aniqlanadi. Maʼlumotlarga koʻra,
oʻz davrida Shahrisabzda boʻlgan Ispaniya elchisi Klavixoning esdaliklarida ham
yozib qoldirilgan ushbu inshoot Amir Temur oʻzi dafn etilishi uchun qurdirgan
yer osti daxmasi ekani maʼlum boʻladi.
Daxma
deyarli toʻrtburchak shaklda boʻlib, oʻlchami 6,4x6,1 metr. Sagʻananing sathi,
devorlari va bostirmasi pardozlangan, marmarsimon ohaktosh bilan qoplangan.
Shifti esa chodirsimon gumbaz koʻrinishida qurilgan boʻlib, yuqori qismi
naqshinkor kvadrat shaklida bunyod etilgan. Sagʻananing markazida toʻgʻri
toʻrtburchak shaklidagi, balandligi 0,73 metr, boʻyi 2,5 metr, eni 1,4 metr
oʻlchamdagi tosh tobut joylashgan. Uning ustiga esa 11 santimetr qalinlikdagi,
xiylagina ogʻir marmar plita qopqoq oʻrnatilgan. Sagʻana bilan tanishish
jarayonida uning sirtida, ravoqlari hoshiyasida va taxmonlarda suls xatining
turli usullarida bitilgan Qurʼon oyatlari hamda duolarga koʻzingiz tushadi.
Sagʻanani mukammal tadqiq qilgan
qadimshunoslar fikricha, Amir Temurning ushbu maqbarasi meʼmoriy jihati va
ichki bezaklari boʻyicha Markaziy Osiyoda shu turdagi eng nodir va yirik
obidalar, qolaversa, musulmon Sharqidagi eng hashamdor daxmalar qatoridan joy
oladi.
Manbalarga koʻra, 1980-yildan boshlab
xalqaro sayyohlik markazlari qatoriga qoʻshilgan Shahrisabzga dunyoning turli
joylaridan sayyohlar kela boshlagan. Shunday boʻlsa-da, turistlar tomosha qilishi zarur
boʻlgan tarixiy obidalar roʻyxatida Amir Temur sagʻanasi yoʻq edi. Boisi, hatto
yozning chillasida ham uzoq yillar daxma zaxobga toʻlib yotardi. Biror
kishining bu yerga kirishga yuragi dosh bermasdi. Daxma, umuman olganda, eʼtiborsiz
holatda saqlab kelingan.
Oradan yillar oʻtib, mamlakatimiz
mustaqillikka erishgach, daxmani tozalash ishlari boshlandi. Jumladan,
Sohibqiron tavalludining 660-yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish
jarayonida qadimgi Keshdagi boshqa meʼmoriy obidalar qatorida Amir Temur
daxmasi ham taʼmirdan chiqarildi. Zax suvni chiqarib yuborish uchun quvurlar
oʻtkazildi. Mehmonlar bu joyni tomosha qilishi uchun zarur choralar koʻrildi.
Nega Keshda emas?
Tarixchilarning yozishicha, oʻsha
davrda Amir Temur Keshdagi meʼmor va muhandislarni chaqirtirib, oʻgʻli Jahongir
Mirzo maqbarasidan oʻttiz-qirq qadam narida oʻzi uchun moʻljallangan maqbara
loyihasini tayyorlashni buyurgan. Bu borada koʻrsatma va maslahatlar bergan.
Loyiha tayyor boʻlgach, koʻzdan kechirgan Sohibqiron unga bir oz
oʻzgartirishlar kiritib, maqbara qurilishini darhol boshlashga farmon beradi.
Shu tariqa qurilish ishlari 1394-yilda boshlanadi.
Sarkarda har safar harbiy yurishdan
qaytishda, albatta, Shahrisabzga kirib, maqbaraning qurilish jarayonidan xabardor
boʻlib turgan. Ammo koʻrkamlikda shahardagi boshqa mahobatli binolardan
qolishmaydigan bu maqbara chala qolib ketadi. Buning ustiga Xitoyga yurish
qilgan hukmdorning toʻsatdan tobi qochib, vafot etadi. Uning jasadini hech
kimga bildirmay, shoshilinch Samarqandga olib kelishadi.
Vafotidan
olti kun oʻtgach, jahongir tuproqqa qoʻyiladi. Buning besh kuni Oʻtrordan
poytaxtgacha yoʻlga ketgan. Oʻsha yili qish qattiq kelgan edi. Samarqand bilan
Shahrisabzni bogʻlovchi Taxtiqoracha dovonini esa qalin qor bosib qolgandi.
Bunday sharoitda Sohibqironning jasadi solingan tobutni Shahrisabzga eltish
uchun yana bir-ikki kun zarur boʻlardi. Islom shariati esa mayitni tezroq
qabrga qoʻyishni taqozo qiladi. Bundan tashqari, Sharafiddin Ali Yazdiyning
yozishicha, dushmanlar xabar topib qolmasligi uchun sohibqironning vafoti
qattiq sir tutilgan. Izgʻirin qish pallasida Amir Temurning jasadini shuncha
uzoq yoʻldan Samarqandga olib kelish va dafn qilish bilan bogʻliq barcha ish
oʻta maxfiy bajarilganining sababi ham shunda boʻlsa, ajab emas.
Yana
bir jihati, Samarqand Amir Temur asos solgan ulkan saltanat poytaxti edi. Buyuk
sarkarda poytaxtda bir-biridan chiroyli binolar qurdirib, goʻzal bogʻlar barpo
etgan. Samarqandni dunyoning eng goʻzal va obod shaharlaridan biriga aylantirish
uchun koʻp kuch-gʻayrat sarflagan. Shu bois, Amir Temurning Samarqandda dafn
etilishi shaharning jahonaro nufuzi va obroʻ-eʼtibori yanada oshishiga ham
xizmat qilardi.
Koʻrkam qiyofaga kirayotgan
kent
Saroyning
qurilishi 1380-yilning bahorida boshlanib, 1404-yilga qadar davom etgan.
1404-yili Shahrisabzda boʻlgan ispan elchisi Klavixo Oqsaroyni tomosha qilar
ekan, oʻsha vaqtda ham binoning ichki qismida bezash ishlari bajarilayotganini
kundaliklarida qayd etgan. Uning maʼlumotlariga koʻra, Oqsaroy balandligi va
kattaligi jihatidan oʻsha davrda yagona boʻlgan. Portallarining balandligi 71,
kengligi esa 125x250 metr (yaʼni umumiy maydoni 4 gektar)ni tashkil etgan.
Saroyda barcha shart-sharoit, xususan, mehmonxona, qabulxona, kanizaklar
turarjoyi, masjidlar, mehmonlar uchun maxsus xonalar va ayvonlar boʻlgan.
Xonalarning bezaklari bir-biridan ajralib turgani hamda saroyning ichki qismida
hovuzlar boʻlgani haqida ham ispan sayyohi yozib qoldirgan. Ichki imoratlar
ikki qavatdan iborat, 1000 ga yaqin xonasi boʻlgan. Hozir esa binoning faqat
kirish qismi, yaʼni portallari saqlanib qolgan. Ularning ayni paytdagi
balandligi 38 metr. Ravogʻi eni esa 22,5 metr boʻlib, mutaxassislarning
fikricha, bu koʻrsatkich boʻyicha Markaziy Osiyoda yagona. Portallar oʻz davrida
faqat gʻishtlar yordamida arka orqali tutashgan boʻlib, yuqori qismi bundan
200-yil muqaddam buzilib ketgani aytiladi. Qiziqarli jihati shundaki, ustalar
mahorati tufayli binoning qurilish jarayonida biror joyda taxta, yogʻoch yoki
temirdan umuman foydalanilmagan. Saroyning kirish qismi oʻsha vaqtdagi poytaxt
Samarqandga qaratib qurilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, sohibqiron saroy
qurilishida meʼmorlik borasidagi mahoratini ham namoyon etgan.
Saroydagi
bizgacha saqlanib qolgan mozaikalar oʻz tarovatini yoʻqotmay, asl holatini
saqlab kelmoqda. Bino devorlaridagi naqshlar xilma-xil boʻlib, ular orasida
Qurʼon oyatlari, hadislar, Amir Temurning hikmatli soʻzlari hamda oʻsha davrda
ishlagan usta-hunarmandlarning ismlari yozib qoldirilgan. Xususan, portalning
minora qismidagi ikki metr joyda arabcha soʻzlar bitilgan boʻlib, u “Sulton —
Allohning yerdagi soyasi (elchisi)” degan mazmunni aks ettiradi. Shuningdek,
peshtoqda Sohibqironning “Qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurgan imoratlarga
boqing” kabi soʻzlari naqshlangan.
Manbalarga
koʻra, Oqsaroy qurilishida Xorazm, Eron, Ozarbayjon hamda Hindistondan kelgan
ustalar qatnashgan. Inshootning bosh meʼmori eronlik Muhammad Yusuf Tabriziy
boʻlgan. Oqsaroy asosan Amir Temurning yozgi qarorgohi hisoblangan. Oʻsha
vaqtda saroyga Taxtiqoracha dovonidan sopol quvurlar orqali suv keltirilgan.
Quvurlar orqali muntazam oqib turgan zilol suv saroy hududining obod va yashil
makonga aylanishida muhim oʻrin tutgan.
Ovoz kuchaytirgich oʻsha
vaqtda ham boʻlgan
Oqsaroy
yaqinida joylashgan Dorut-tilovat majmuasi saroyning shundoqqina roʻparasidan
koʻrinib turadi. Majmuadan Koʻkgumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi
hamda Gumbazi Sayidon maqbaralari oʻrin olgan.
Ushbu
majmua XIV asrning oxiri va XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan.
“Dorut-tilovat” — Qurʼon tilovat qilinadigan joy maʼnosini anglatadi. Maʼlum
boʻlishicha, oʻz davrida bu yerda qorilar muntazam Qurʼon oyatlarini tilovat
qilgan.
Koʻkgumbaz
masjidini yetuk olim hamda davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek 1434-1435-yillarda
qurdirgan. U masjidni otasi Shohrux Mirzo nomidan bobosi Amir Temur sharafiga
bunyod ettirgan. Masjid peshtoqining ravogʻi va ichkarisida ularning nomi hamda
masjidning qurilgan vaqti yozilgan. Shuningdek, ravoqda bino jome masjidi
ekani, yaʼni har juma kuni bu yerda jamoat namozi oʻqilishi taʼkidlangan.
Masjid ikki gumbazli boʻlib, ostki va ustki gumbazlar oraligʻi oʻn metrni
tashkil etadi. Tashqi gumbaz doirasidagi oddiy sopol gʻishtlarga pastidan
ustigacha sirkor moviy, koʻk va oq tus berilib, Qurʼon oyatlari yozilgan
parchalar saqlanib qolgan. Peshtoqning old tomonida ham geometrik serjilo
bezaklar koʻp ishlatilgan, ularda ayrim soʻzlar mohirona bitilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, gumbazning ikki qavatliligi ichkaridagi ovozni aks sado
orqali kuchaytirib berish vazifasini oʻtagan. Yaʼni imomning ovozi baland
koʻtarilib, tashqaridagi jamoatga ham eshitilishi inobatga olingan. Bundan
koʻrinib turibdiki, ajdodlarimiz oʻsha paytdayoq hech qanday elektr tokisiz
ishlaydigan ovoz kuchaytirgichni oʻylab topgan.
Gumbazi
Sayidon maqbarasini ham 1434-1435-yillarda Mirzo Ulugʻbek qurdirgan. Uning
ikkinchi nomi “Avlodi muborak” deb ataladi. Maqbarada termizlik sayyidlarning
qabrtoshlari mavjud. Sohibqiron va temuriylar davrida yashab oʻtgan termizlik
sayyidlarning yirik vakili Abulmaoliy boʻlgan. Kesh shahrida yashagan olim
mahalliy xalq orasida katta obroʻ-eʼtiborga sazovor boʻlgan. Shuningdek, oʻsha
vaqtda sayyidlarning koʻpiga “amir” unvoni berilgan. Bu atama islom dinini
mustahkamlovchi rahbar degan maʼnoni ham anglatgan.
Shayx
Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida qurilgan. Shayx Shamsiddin Kulol
Amir Temurning hamda otasi Taragʻay Bahodirning ustozi va piri boʻlgan. U
1370-yili vafot etgan. Manbalarga koʻra, Sohibqironning barcha muvaffaqiyati
bevosita shayxning duolari bilan bogʻliq. Shu sababli ham Amir Temur Shayx
Shamsiddin Kulol qabri uzra maqbara qurdirish haqida farmon bergan. Ushbu
maqbara Koʻkgumbaz masjidining sharqiy tomonida joylashgan. Shuningdek, Amir
Temur 1360-yilda vafot etgan otasi Taragʻay Bahodirning jasadini uning
vasiyatiga binoan, 1374-yilda koʻchirib keltirib, shayxning poyiga dafn
ettirgan.
Oqsaroy
majmuasi qurilishi davrida bunyod etilgan Dorus-saodat meʼmoriy obidasi ham shu
hududda qad rostlagan. Binoning yuqori qismi saroy oldidan ham yaqqol koʻrinib
turadi. Manbalarda keltirilishicha, uning qurilishi 1379-yili boshlangan.
Obidani tiklashda mahalliy ustalar bilan birga Xorazmdan keltirilgan tajribali
meʼmorlar ham ishtirok etgan. Maʼlumotlarga koʻra, Sohibqironning 1376-yili erta
olamdan oʻtgan sevikli oʻgʻli Jahongir Mirzoning qabri ham shu majmuaga
koʻchirib kelingan. Shuningdek, keyinchalik yana bir oʻgʻli Umarshayxning
jasadi ham shu yerga keltirilib, dafn etilgan.
Binoning
yuqori qismi Oqsaroydagidek peshtoqli qilib qurilgan boʻlib, har bir asosida
maqbaralar joylashgan. Markaziy peshtoq orqali moʻjazgina hovliga kirilgan.
Uning qarama-qarshisida, markaziy oʻq boʻylab qachonlardir baland gumbazli
maqbara boʻlgan. Hozir esa uning faqat daxmasigina saqlanib qolgan. Arxeologik
qazishmalar natijasida uning ikki yonida keng xonalar boʻlgani aniqlangan.
Ulardan birining ostidan yana bir daxma topilgan boʻlib, ustida ham maqbara
boʻlgan. Keyingi qazishmalar hovli maqbara va xonalarni oʻzaro bogʻlovchi
vazifasini bajarganini koʻrsatdi.
Yurtimiz
mustaqillikka erishgach, Oqsaroy majmuasining qaddi va qadri tiklandi. Majmuaga
davlat miqyosida katta eʼtibor qaratildi. U yana obod va goʻzal maskanga
aylantirildi. Hududdagi barcha madaniy meros obyektlari tiklanib, munosib
sayqal berildi.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri